Xalqaro valyuta jamg‘armasi 2026 yil aprel oyida tokenlashtirishning global moliyaviy tizim transformatsiyasi ta’siriga bag‘ishlangan “Tokenized Finance” nomli tahliliy hisobotni e’lon qildi.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi hisobotida qayd etilishicha, tokenlashtirish moliyaviy tizim transformatsiyasining muhim omillaridan biriga aylanmoqda. U hisob-kitoblarni tezlashtirib, operatsiyalar samaradorligini oshiradi, biroq ayni paytda yangi xatarlarni ham yuzaga keltiradi. Bu esa tartibga solish mexanizmlarini moslashtirish va bozorlar barqarorligini ta’minlashda davlat rolini kuchaytirishni talab qiladi.
Hujjatda ta’kidlanishicha, tokenlashtirish faqat texnologik yangilanish emas, balki chuqur institutsional o‘zgarishdir. Ushbu jarayonda moliyaviy aktivlar va majburiyatlar taqsimlangan reyestrlar asosida ishlovchi dasturlashtiriladigan raqamli tokenlar shakliga o‘tkaziladi. Bu esa hisob-kitoblarni bir zumda amalga oshirish, likvidlikni uzluksiz boshqarish va smart-kontraktlar orqali moliyaviy operatsiyalarni avtomatlashtirish imkonini yaratadi.
Moliyaviy tizimdagi eng muhim o‘zgarishlardan biri — ishonchning qayta taqsimlanishidir. Ilgari ishonch asosan tartibga solingan vositachilar va institutlarga tayangan bo‘lsa, tokenlashtirilgan modelda u ko‘proq infratuzilma va dasturiy kodga o‘tadi. Bu tranzaksiya xarajatlarini qisqartirish va samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi, biroq shu bilan birga algoritmlar, ma’lumotlar sifati hamda raqamli infratuzilmani boshqarish bilan bog‘liq yangi xavflarni yuzaga keltiradi.
Pul muomalasi sohasida tokenlashtirilgan pulning uchta asosiy turi shakllanmoqda:
- tokenlashtirilgan bank depozitlari,
- tartibga solinadigan steyblkoinlar
- markaziy banklarning ulgurji raqamli valyutalari.
Bu modellarning har biri davlat va xususiy sektor o‘rtasida xavf-xatarlarni turlicha taqsimlaydi. Shu bilan birga, asosiy masala pul birligini saqlash va hisob-kitob vositalariga bo‘lgan ishonchni ta’minlashdan iborat bo‘lib qolmoqda.
Bank sektorida tokenlashtirish likvidlikni real vaqt rejimida boshqarishga o‘tishga olib kelmoqda. Bu esa likvid resurslarni doimiy ravishda mavjud saqlashga bo‘lgan talablarni kuchaytiradi hamda kreditlash va xatarlarni boshqarish mexanizmlarini o‘zgartiradi. Kapital bozorlarida esa u savdo va hisob-kitoblar o‘rtasidagi vaqt farqini qisqartiradi, bu orqali kredit xatarlari kamayadi. Ammo u kunlik likvidlikka bo‘lgan talabni oshirib, protsiklik jarayonlar xavfini ham kuchaytirishi mumkin.
Moliyaviy bozorlar infratuzilmasining transformatsiyasiga alohida e’tibor qaratilmoqda Taqsimlangan platformalarga o‘tish samaradorlik va shaffoflikni oshirsa-da, xavflarni bir joyga jamlanishini kuchaytiradi. Bunday tizimlarda yuzaga keladigan nosozliklar tizimli xususiyatga ega bo‘lib, qisqa vaqt ichida butun bozorga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Moliyaviy barqarorlik nuqtai nazaridan tokenlashtirish ikki tomonlama ta’sir ko‘rsatadi: u shaffoflik va tezkor hisob-kitoblar orqali an’anaviy xavflarni kamaytiradi, biroq operatsiyalar tezligi, avtomatlashtirish hamda global o‘zaro bog‘liqlik sabab yangi xavflarni ham keltirib chiqaradi. Ayniqsa, rivojlanayotgan iqtisodiyotlar ushbu xatarlarga nisbatan yanada sezgir bo‘lishi mumkin. Bu mamlakatlarda kapital oqimlarining keskin o‘zgaruvchanligi, valyuta almashinishi xavfining ortishi va pul-kredit suverenitetining susayishi ehtimoli kuchayadi.
Rivojlanishning uchta ehtimoliy ssenariysi ko‘rib chiqilmoqda: davlat hisob-kitob aktivlariga tayanuvchi muvofiqlashtirilgan model, o‘zaro mos kelmaydigan platformalarga asoslangan parchalangan tizim va xususiy raqamli pullar ustunlik qiladigan ssenariy. Shu bilan birga, moliyaviy tizimning yakuniy shakillanishi, avvalo, davlat siyosati samaradorligi va xalqaro muvofiqlashuv darajasiga bog‘liq ekanligi ta’kidlanmoqda.
Siyosatning ustuvor yo‘nalishlari qatorida ishonchli aktivlar asosida hisob-kitoblarni ta’minlash, huquqiy aniqlikni shakllantirish, xalqaro standartlar va interoperabellik (tizimlar o‘rtasida o‘zaro moslashuvchanlik)ni rivojlantirish, shuningdek likvidlikni boshqarish va inqirozga qarshi tartibga solish instrumentlarini moliyaviy bozorlarning uzluksiz ishlash sharoitlariga moslashtirish belgilanmoqda.
Umuman olganda, tokenlashtirish moliyaviy tizim samaradorligini sezilarli darajada oshirish imkoniga ega ekani qayd etilmoqda. Biroq aniq institutsional asoslar mavjud bo‘lmasa va davlatning «ishonch tayanchi» sifatidagi roli yetarli darajada ta’minlanmasa, u xavflarni kamaytirish o‘rniga, aksincha, tizimli xavflarni kuchaytirishi mumkin. Bu esa inqirozli holatlarning tez tarqalishiga va global moliyaviy bozorlarning parchalanishiga olib kelishi ehtimolini oshiradi.
O‘zbekistondagi holat
2025 yil iyul oyida «HUMO» milliy to‘lov tizimi shu nomdagi tokenni chiqarish bo‘yicha pilot loyihani ishga tushirdi. Ushbu token davlat obligatsiyalari bilan ta’minlangan bo‘lib, bu uning barqarorligini kafolatlaydi va qiymatining keskin o‘zgarishlarini cheklaydi.
«HUMO» tokeni chiqarilishi O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligining kripto-aktivlar bo‘yicha yagona elektron reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Tokenning ta’minoti mavjudligi va uning saqlanishi ustidan nazoratni «Asterium» kriptodepozitariysi amalga oshiradi.
Ushbu token chiqarilishi xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga, biznes uchun hisob-kitoblarni soddalashtirishga va moliyaviy operatsiyalar shaffofligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Ta’minlangan tokendan foydalanish tranzaksiyalar ustidan nazoratni kuchaytiradi hamda innovatsion moliyaviy instrumentlarga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi.
Shuningdek, ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 27 noyabrdagi PQ–359-son qaroriga muvofiq, 2026 yil 1 sentyabrga qadar mamlakatda «Ochiq banking» tizimi joriy etiladi. Ushbu tizim banklar, to‘lov tashkilotlari va fintex kompaniyalar o‘rtasida ma’lumotlar almashinuvini xavfsiz va standartlashtirilgan tarzda amalga oshirishni ta’minlaydi.
Shu bilan birga, 2026 yil 1 yanvardan tartibga solishning maxsus huquqiy rejimi (ya’ni, “tartibga solish qumdoni”) joriy etildi. Uning doirasida barqaror tokenlardan to‘lov vositasi sifatida foydalanishga, shuningdek taqsimlangan reyestr texnologiyalari asosida pilot loyihalarni amalga oshirishga ruxsat berilgan.
Ma’lumot uchun: 2025 yilda Qirg‘iziston somga 1:1 nisbatda bog‘langan «KGST» steyblkoinini ishga tushirdi. U BNB Chain blokcheyn platformasida faoliyat yuritadi. Shu bilan birga, mamlakatda markaziy bank raqamli valyutasini ishlab chiqish ishlari ham olib borilmoqda. U hozirda pilot bosqichida bo‘lib, jumladan davlat hisob-kitoblarida qo‘llash imkoniyatlari ham ko‘rib chiqilmoqda.
Qozog‘iston kriptovalyutalar muomalasini milliy darajada legallashtirmoqda. 2026 yildan boshlab kriptobirjalar faoliyatini Xalqaro moliyaviy markazi (XMM) doirasidan tashqarida amalga oshirishga ruxsat beriladi, mayning mahsulotlarini sotishga qo‘yilgan cheklovlar bekor qilinadi va raqamli aktivlarni tartibga solishning litsenziyalash asosidagi modeli joriy etiladi. Shu bilan birga, raqamli tenge loyihasini rivojlantirish ishlari davom etmoqda. U hozirda pilot bosqichidan o‘tib, real to‘lov ssenariylarida sinovdan o‘tkazilmoqda.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Izoh qoldirish