Strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi haqida
29 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiyaga rasmiy tashrif buyurdi. Mazkur tashrif doirasida ikki davlat rahbarlari raisligida Strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Turkiya O‘zbekistonning yetakchi xorijiy sheriklaridan biri bo‘lib, u bilan so‘nggi yillarda nafaqat savdo-iqtisodiy aloqalar jadal rivojlanmoqda, balki o‘zbek va turk xalqlarining tarixan umumiy kelib chiqishi hamda bugungi kundagi xalqaro o‘tkir muammolarni hal qilishda o‘xshash yondashuvlarga asoslangan strategik hamkorlikning yaqin sheriklik munosabatlari shakllanmoqda.
Mamlakatlarimiz o‘rtasida siyosiy muloqot faol rivojlanmoqda, xalqaro muammolar bo‘yicha pozitsiyalar o‘xshashligi kuzatilib, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va boshqa tuzilmalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash amalga oshirilmoqda. Parlamentlararo va gumanitar aloqalar ham jadal rivojlanmoqda.
Sheriklik munosabatlari trayektoriyasi
Ikki qardosh mamlakat o‘rtasidagi yaqinlashuv trayektoriyasi 2016 yil noyabr oyida, Shavkat Mirziyoyev hali prezident vazifasini bajaruvchi bo‘lgan paytlarda Turkiya yetakchisining O‘zbekistonga tashrifi hamda O‘zbekiston rahbarining 2017 yil oktyabr oyida so‘nggi 19 yil ichida Turkiyaga qilgan birinchi tashrifi bilan boshlandi, bu tashrif davomida O‘zbekiston-Turkiya munosabatlari tarixda birinchi marta strategik sheriklik darajasida mustahkamlandi.
Turkiya rahbarining 2018 yil may oyida O‘zbekistonga tashrifi davomida ikki davlat rahbarlari raisligida Strategik sheriklik oliy kengashi tuzish bo‘yicha kelishuvga erishilgan bo‘lib, u O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hozirgi strategik sheriklikni chuqurlashtirish uchun muhim ahamiyat kasb etdi. Ushbu kengashning birinchi yig‘ilishi 2020 yil fevral oyida Anqarada tashkil etildi. O‘zbekiston-Turkiya o‘rtasida oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining ikkinchi yig‘ilishi 2022 yil mart oyida Rejep Tayyip Erdog‘anning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi davomida Toshkentda bo‘lib o‘tdi.
2023 yilda Turkiya Prezidentining O‘zbekistonga rasmiy tashrifi davomida keng ko‘lamli O‘zbekiston-Turkiya biznes-forumi o‘tkazildi va qariyb 10 mlrd. dollarlik hujjatlar imzolandi. 2024 yilda esa O‘zbekiston Prezidentining Turkiyaga rasmiy tashrifi davomida Strategik hamkorlik kengashining uchinchi yig‘ilishi hamda O‘zbekiston-Turkiya Ishbilarmonlar kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi va keng qamrovli strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolandi.
Iqtisodiy hamkorlik
O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik imzolangan ikki tomonlama bitimlar va hukumatlararo hamkorlik mexanizmlari doirasida amalga oshirilib, oliy darajadagi muntazam aloqalar bilan birga kechmoqda. O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi o‘zaro savdoda eng ko‘p qulaylik rejimi amal qiladi, shuningdek, Imtiyozli savdo to‘g‘risida bitim imzolangan.
Ushbu omillar tufayli O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik o‘ta muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. O‘zaro savdo hajmi, Turkiyaning yetakchi kompaniyalari bilan loyihalar va qo‘shma korxonalar soni doimiy ravishda o‘sib bormoqda.
Turkiya O‘zbekistonning asosiy savdo-iqtisodiy sheriklaridan biri hisoblanib, tovar ayirboshlash va import bo‘yicha to‘rtinchi, O‘zbekiston eksporti hajmi bo‘yicha esa beshinchi o‘rinda turadi. 2025 yilda O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasida Turkiyaning ulushi umumiy tovar ayirboshlashda 3,7 foiz, eksportda 3,4 foiz va importda 4 foizni tashkil etdi.
Ikki tomonlama savdo dinamikasi
2017–2025 yillar davrida ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 1,9 baravarga oshib, 2025 yil oxirida 3 mlrd. dollarni tashkil etdi, Turkiyaga eksport 1,3 baravarga o‘sib, 1,1 mlrd. dollarga yetdi, Turkiyadan import 2,8 baravar ko‘payib, 1,9 mlrd. dollarni tashkil qildi. Shu bilan birga, o‘zaro savdoda Turkiyadan importning yillik o‘sish sur’ati Turkiyaga eksportning o‘sish sur’atidan oshib ketdi va bu salbiy saldoning -751,6 mln. dollargacha oshishiga olib keldi.
2025 yilda O‘zbekistonning Turkiyaga eksporti quyidagi tovar turlaridan iborat bo‘ldi: sanoat tovarlari (misdan tayyorlangan buyumlar, ip-kalava va boshq.) – 511,4 mln. dollar (45 foiz), turli tayyor mahsulotlar (asosan qimmatbaho metallardan tayyorlangan buyumlar) – 152,3 mln. dollar (13,4 foiz), kimyoviy mahsulotlar (polimerlar, o‘g‘itlar va boshqalar) – 124,3 mln. dollar (11 foiz), mashina va transport uskunalari – 80,1 mln. dollar (7 foiz), oziq-ovqat mahsulotlari (quritilgan mevalar va yong‘oqlar) – 63 mln. dollar (5,5 foiz), neft mahsulotlari (benzin, gazoyl) – 36,6 mln. dollar (3,2 foiz), nooziq-ovqat xomashyosi – 18 mln. dollar (1,6 foiz), shuningdek, xizmatlar (asosan transport xizmatlari) – 149,9 mln. dollar (13,2 foiz).
2025 yilda Turkiyadan O‘zbekistonga importning asosiy ulushini quyidagi tovar turlari egallagan: mashina va transport uskunalari – 674,6 mln. dollar (35,7 foiz), kimyo mahsulotlari – 408,9 mln. dollar (21,7 foiz), sanoat tovarlari – 390,2 mln. dollar (20,7 foiz), turli tayyor mahsulotlar – 136,2 mln. dollar (7,2 foiz), oziq-ovqat mahsulotlari – 94,6 mln. dollar (5 foiz), neft mahsulotlari (moylash moylari) – 30,2 mln. dollar (1,6 foiz), nooziq-ovqat xomashyosi – 30,1 mln. dollar (1,6 foiz) va xizmatlar – 117,4 mln. dollar (6,2 foiz).

Investitsiyaviyhamkorlik
O‘zbekistonvaTurkiyao‘rtasidaInvestitsiyalarnio‘zarorag‘batlantirishvahimoyalashto‘g‘risidabitimimzolangan. 2017-2025 yillardavridaTurkiyadanO‘zbekistoniqtisodiyotigakiritilganto‘g‘ridan-to‘g‘riinvestitsiyalarvakreditlarningumumiyhajmi 9 mlrd. dollarnitashkiletdi, shundan 2,6 mlrd. dollar 2025 yildajalbqilingan.
2026 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda Turkiya kapitali ishtirokidagi 2137 ta korxona faoliyat yuritmoqda (chet el investitsiyalari ishtirokidagi amaldagi korxonalar umumiy sonining 11,8 foizi), shundan 496 tasi qo‘shma korxona va 1641 tasi 100 foiz Turkiya kapitali ishtirokidagi korxona.
Shunday qilib, Turkiya kapitali O‘zbekistonda, eng avvalo, iqtisodiy rivojlanishning ustuvor sohalari – energetika sektori, ishlov berish tarmog‘i, qishloq xo‘jaligi va qurilishda o‘z ishtirokini kengaytirmoqda. Xususan, elektr ta’minoti sohasiga investitsiyalar Turkiyaning «Cengiz Enerji» kompaniyasi tomonidan Toshkent viloyatida umumiy quvvati 240 MVt bo‘lgan issiqlik elektr stansiyasi va Sirdaryo viloyatida 220 MVt quvvatga ega xuddi shunday stansiya qurilishi bilan bog‘liq.
To‘rtinchi yig‘ilishda qabul qilingan qarorlar
O‘zbekiston Prezidentining 29 yanvar kuni Turkiyaga tashrifi davomida oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, unda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport, energetika, madaniy-gumanitar va boshqa ustuvor sohalarda amaliy hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Tashkiliy-institutsional jihatdan ikki tomonlama hamkorlik samaradorligini oshirish uchun kengash yig‘ilishlarini muntazam ravishda o‘tkazish, Hukumatlararo komissiya va Strategik rejalashtirish guruhi mexanizmlaridan samarali foydalanish to‘g‘risida qarorlar qabul qilindi.
Ushbu tashrif uchun tayyorlangan sanoat kooperatsiyasining yangi ustuvor yo‘nalishlarini alohida dastur asosida amalga oshirishga qaror qilindi. Shu bilan birga, kelgusi yillarda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi tovar aylanmasini, shu jumladan Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim doirasida tovarlar ro‘yxatini kengaytirish va ustuvor iqtisodiy tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash orqali 5 mlrd. dollarga yetkazish vazifasi belgilandi.
Shuningdek, ushbu maqsadga erishish uchun hududlararo hamkorlikning ulkan salohiyati qayd etildi. Uni keng miqyosda amalga oshirish uchun yil oxiriga qadar O‘zbekistonning barcha viloyatlaridan delegatsiyalar hamkor hududlar bilan loyihalar portfelini ishlab chiqish maqsadida Turkiyaga tashrif buyuradi.
Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha ikki mamlakat yetakchilari tomonidan Qo‘shma bayonot hamda Keng qamrovli strategik sheriklik doirasidagi hamkorlik mexanizmlari to‘g‘risidagi qaror imzolandi. Ikki davlat hukumatlariga esa erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni tasdiqlash vazifasi topshirildi.
Bundan tashqari, hamkorlikning turli yo‘nalishlarini qamrab oluvchi ikki tomonlama hujjatlar to‘plami, xususan: iqtisodiy va moliyaviy hamkorlik to‘g‘risida; konchilik sanoatida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida; xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida; maxsus iqtisodiy zonalar sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida; sog‘liqni saqlash, ta’lim va harbiy tibbiyot sohalaridagi hamkorlik to‘g‘risida; migratsiyaga ko‘maklashish va fuqarolarni o‘z mamlakatiga qaytarish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida; yadro xavfsizligi, jisman himoya qilish, kafolatlar va radiatsion himoya sohasidagi hamkorlik va axborot almashinuvi to‘g‘risida bitimlar, shuningdek, Madaniyat sohasida 2026–2027 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik rejasi imzolandi.
Tashrif natijalari bo‘yicha iqtisodiy hamkorlik istiqbollari
Savdoni kengaytirish salohiyati. Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashi yig‘ilishida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlashni 5 mlrd. dollarga yetkazish bo‘yicha belgilangan vazifaga erishish jarayonida O‘zbekistonning Turkiyaga eksporti kelgusi yillarda sezilarli darajada oshishi mumkin.
Xususan, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan Turkiyaning tovar importi tarkibi bo‘yicha o‘tkazilgan tahlil O‘zbekiston tashqi bozorlarga eksport qiladigan quyidagi tovarlar: polimerlar (Turkiya importi – 2,8 mlrd. dollar), mis sim (1,4 mlrd. dollar), o‘g‘itlar (1,1 mlrd. dollar), dukkakli sabzavotlar (1 mlrd. dollar), rux (857 mln. dollar), mis naychalar (360 mln. dollar), to‘qimachilik mahsulotlari, xususan, mayka va futbolkalar (373 mln. dollar), trikotaj polotnolar (158 mln. dollar) va boshqa tayyor mahsulotlar bo‘yicha Turkiyaga eksport hajmini oshirish imkoniyati borligini ko‘rsatdi.
Sanoat kooperatsiyasi. Sanoat kooperatsiyasiga oid alohida dasturni ishlab chiqish investitsiyaviy hamkorlikni chuqurlashtirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Ishlov berish sanoati, jumladan, to‘qimachilik, elektrotexnika, mashinasozlik, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, ta’lim sohalari, shuningdek, madaniy merosni saqlash va targ‘ib qilish loyihalari O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi kooperatsiya hamkorligining istiqbolli yo‘nalishlari hisoblanadi. Shuningdek, qo‘shma infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, xususan, suv tozalash inshootlarini qurish ishlari katta istiqbolga ega.
Qishloq xo‘jaligi va bog‘dorchilik sohalarida Turkiyaning ilg‘or tajribasini joriy etish qishloq xo‘jaligi sektori uchun katta ahamiyatga ega bo‘ladi, tashrif davomida ushbu masala dolzarbligi alohida ta’kidlandi. Xususan, qishloq xo‘jaligi sohasida hozirda mahalliy xandon pista daraxti navlarini seleksiya qilish va yetishtirish hamda xandon pista xo‘jaligini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda, shu bilan birga, ularni yetishtirish va moslashtirish sohasida ilmiy-tadqiqot loyihalarini birgalikda amalga oshirish borasida kelishuvlarga erishildi.
Yig‘ilish davomida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, jumladan, turk o‘qituvchilari va soha mutaxassislarini O‘zbekistondagi ta’lim tashabbuslariga jalb qilish, tajriba almashish va inson resurslarini rivojlantirishga katta e’tibor qaratildi. Ta’lim sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida shu yil bahorda Buxoroda to‘rtinchi Rektorlar forumini o‘tkazishga kelishib olindi.
Shu bilan bir qatorda, sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikning, jumladan, birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini rivojlantirish, tibbiy sug‘urta tizimini joriy etish, tarmoqni raqamlashtirish, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish va farmatsevtika sanoatini modernizatsiya qilishga qaratilgan yo‘nalishlari muhokama qilindi. Ushbu yo‘nalishlardagi hamkorlik O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimini sezilarli darajada yaxshilash imkonini beradi.
Turizm O‘zbekiston-Turkiya hamkorligining alohida istiqbolli yo‘nalishi sifatida ta’kidlandi. Bugun O‘zbekistonda turkiyalik sheriklar ishtirokida boshqariladigan 12 ta mehmonxona, shuningdek, 100 dan ziyod qo‘shma restoran faoliyat yuritmoqda, bu esa Turkiya biznesining yurtimizdagi turizm biznesiga bo‘lgan barqaror qiziqishini aks ettiradi. 2025–2026 yillarda Buxoro, Samarqand, Jizzax, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida turk investorlari ko‘magida umumiy qiymati 167,9 mln. dollarlik 11 ta mehmonxona loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlik sezilarli darajada kengaymoqda: O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida aviaqatnovlar soni 2023 yilda haftasiga 62 tani tashkil qilgan bo‘lsa, hozirgi kunda 106 taga yetdi, bu esa o‘zaro sayyohlik oqimining o‘sishi va turizm yo‘nalishlarini kengaytirish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratadi.
Har bir mamlakatga kamida bir million sayyohni jalb qilishga qaratilgan “Million + Million” dasturi turizm sohasida asosiy tashabbus bo‘ldi. Ushbu dastur doirasida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi aviaqatnovlar chastotasini yanada oshirish va sayyohlik yo‘nalishlarini kengaytirish nazarda tutilgan.
Gumanitar hamkorlik. Yig‘ilishda madaniy-gumanitar almashinuvlarni yanada kengaytirishga, xususan, birgalikda teatr festivallari va madaniyat haftaliklari, badiiy ko‘rgazmalarni o‘tkazish, tarixiy filmlarni birgalikda ishlab chiqarish va madaniy meros ob’yektlarini hamkorlikda tiklashga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston-Turkiya gumanitar aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan bunday e’tibor nafaqat ikki xalqning madaniyati yaqinligi va tarixi birligi, balki odamlar o‘rtasidagi yaqin aloqalar bilan bog‘liq. Turkiyada 15 mingdan ziyod etnik o‘zbek, O‘zbekistonda esa 70 mingdan ziyod turk yashaydi. O‘zbekistonda “Axisxa” turk milliy markazi tashkil etilgan.
Aynan gumanitar aloqalar haqida to‘xtalar ekanmiz, 3 yil oldin sodir bo‘lgan vayronkor zilziladan so‘ng Turkiyaga ko‘rsatilgan yordam doirasida O‘zbekiston tomonidan Hatay viloyatida qurilgan 300 dan ziyod jihozlangan zamonaviy xonadonni o‘z ichiga olgan “O‘zbekiston” turarjoy majmuasining ochilish marosimi ham mazkur tashrif davomida o‘tkazilishi ramziy ma’noga ega bo‘ldi. Shuningdek, Istanbulning Bakirko‘y tumanida o‘zbek maktabi – O‘zbekistonning xorijdagi birinchi ta’lim muassasasi qurilishi boshlab yuborildi. Yangi o‘quv maskani Turkiyada yashovchi o‘zbek oilalarining farzandlariga o‘z ona tilida ta’lim olish imkonini beradi.
Xulosa
Tashrif natijalarini xulosalab, O‘zbekiston-Turkiya o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlari va keng qamrovli strategik sheriklik bugun chindan ham sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini aytib o‘tish joiz. So‘nggi yillarda o‘zaro savdo hajmi, investitsiyalar, turk kapitali ishtirokidagi korxonalar sonining barqaror o‘sish dinamikasi, shuningdek, iqtisodiy hamkorlik sohalarining kengayishi kuzatilmoqda.
Shu bilan birga, O‘zbekistonning Turkiyaga eksporti asosan Turkiya iqtisodiyotining sanoat tarmoqlarida ishlatiladigan xomashyo va oraliq tovarlardan iborat ekanligini qayd etish kerak. Shu bois kelgusi yillardagi asosiy vazifa “xomashyo-tayyor mahsulot” savdo modelidan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega qo‘shma ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirishga o‘tishdan iborat. Shu nuqtai nazardan, Turkiya O‘zbekiston uchun nafaqat asosiy savdo sheriklaridan biri bo‘lib xizmat qilishi, balki O‘zbekiston sanoati rivojlanishiga ko‘maklashishi va uning global qiymat zanjirlarini yaratishdagi ishtirokini kengaytirishi mumkin.
O‘zbekiston Prezidentining Turkiyaga rasmiy tashrifi natijalari haqida gap ketar ekan, ushbu tashrif mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik muloqotning davomi bo‘lib, uni chuqurlashtirish va ko‘p qirrali, jumladan, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni, parlamentlararo aloqalarni, madaniy-gumanitar almashinuvlarni mustahkamlash uchun yangi istiqbollar ochishini ta’kidlab o‘tish joiz.
Edvard Romanov,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
"Iqtisodiy sharh" jurnali №2/2026
Izoh qoldirish