Seminar doirasida rahbar kadrlarning aholi muammolarini aniqlash va hal etish tizimining samarali ishlashini ta’minlash bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor berildi.
Tadbirda Prezident maslahatchisi o‘rinbosari – Prezident Xalq qabulxonasi rahbari Ulug‘bek Muhammadiyev o‘z ma’ruzasi bilan ishtirok etib, rahbar kadrlarning e’tiborini mahalliy hokimliklar tomonidan fuqarolarning murojaat qilishga doir konstitutsiyaviy huquqini ta’minlashda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar va ularni bartaraf etish masalalariga qaratdi.
Xususan, mamlakatimizda har bir shaxsning davlat organlariga murojaat qilish huquqi Konstitutsiya darajasida kafolatlangan bo‘lib, aholi murojaatlari bilan ishlash mas’ullar oldidagi eng muhim hamda dolzarb vazifalardan biri ekanligi ta’kidlandi.
Shunday ekan har bir rahbar fuqarolarni tashvishga solayotgan muammolardan xabardor bo‘lishi, aholi bilan doimiy muloqot qilishi, ularning qonuniy talablari, so‘rov va takliflarini amalga oshirish uchun aniq va tezkor choralar ko‘rishni o‘zi uchun eng muhim va ustuvor vazifa, deb bilishi shart ekanligi belgilandi.
Ma’ruzada aholi muammolari bilan mahallabay ishlashda sektorlarning Xalq qabulxonalari va davlat organlari bilan o‘zaro hamkorligi masalalari ham ko‘tarildi.
Yurtboshimiz tomonidan Prezident Xalq qabulxonalari va sektorlarning tashkil etilishi hamda hamkorlikda ishlashi aholini yillar davomida qiynab kelgan muammolarning hal etilishiga imkon yaratdi. Ushbu tizim yildan-yilga takomillashib, mazkur yo‘nalishdagi ishlar barqaror davom etayotgan bo‘lsa-da, hamon muammolar mavjud ekanligi ta’kidlandi. Ma’ruza davomida ularni bartaraf etish hamda bu sohadagi ishlarni yangi sifati bosqichiga ko‘tarish bo‘yicha qator chora-tadbirlar va takliflar o‘rtaga tashlanib, muhokama qilindi.
Bundan tashqari, seminar davomida hududlarni iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish, hududlarda infratuzilmani yaxshilash, aholini uy-joy bilan ta’minlash, islohotlarning hududlardagi samaradorligini hamda mansabdor shaxslar faoliyatida qonun ustuvorligini ta’minlash kabi dolzarb mavzularda vazirlik va idora rahbarlari, soha mutaxassislari tomonidan ma’ruzalar tashkil etildi.
Izoh qoldirish