Respublika ishchi guruhi xalqimiz xizmatida

Respublika ishchi guruhi xalqimiz xizmatida

Respublika ishchi guruhlari tomonidan aholi kayfiyatiga salbiy ta’sir etuvchi omillarni bartaraf etish, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish kabi yo‘nalishlarda amaliy ishlar olib borildi.

Ishchi guruh tarkibiga Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonasi boshchiligida Oliy Sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Mudofaa, Davlat xavfsizlik xizmati, Adliya, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi, Sog‘liqni saqlash vazirliklari va boshqa qator idoralardan mas’ul rahbar va xodimlar jalb etildi.

Aholi muammolarini tezkorlik va samarali hal etish maqsadida joylarda 700 ga yaqin sayyor qabullar o‘tkazilib, ularda 8,5 mingga yaqin murojaatlar kelib tushdi. Shulardan 5,5 mingga yaqini joyida o‘z yechimini topdi, qolgan qismi esa, qo‘shimcha o‘rganish, vaqt va mablag‘ talab qilgani sababli ijro uchun nazoratga olindi.

Kelib tushgan murojaatlarning asosiy qismi sud-huquq, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, bandlik, moddiy yordam, kommunal va infrastruktura bilan bog‘liq masalalar bilan bog‘liq bo‘ldi.

Xususan, kelib tushgan murojaatlar asosida mahallalarda 52 km ichki yo‘llar asfaltlashtirildi, shag‘allashtirildi, 78,1 km uzunlikdagi elektr tarmog‘i hamda 62 ta transformator ta’mirlandi, 503 dona temir-beton ustun o‘rnatilib 47 km elektr uzatish tarmog‘i tortildi.

Respublika ishchi guruhi vakillarining xonadonbay o‘rganishlari natijasida esa 2 mingdan ziyod xonadonlarning elektr energiyasi, tabiiy gaz, ko‘mir yoqilg‘isi bilan bog‘liq muammolar bartaraf etildi, 200 ga yaqin gaz taqsimlash punkti ta’mirlandi, qo‘shimcha 178 mingta suyultirilgan gaz ballonlar tarqatildi.

Bundan tashqari, hududlardagi maktab, bog‘cha va oilaviy poliklinikalarda issiqlik tizimlari ko‘zdan kechirilib, kamchiliklari bartaraf etildi.

Joylarda ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish maqsadida olib borilgan ishlar natijasida minglab fuqarlaro ish bilan ta’minlandi.

Xususan, ishsizlik va kambag‘allik darajasi yuqori hamda ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan og‘ir, chegara va olis hududlarda joylashgan jami 118 ta mahallada mehnat yarmarkalari o‘tkazildi va ishsiz fuqarolar bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirildi.

Bundan tashqari, “G‘ijduvon tajribasi” asosida rejalashtirilgan 469 ta loyihadan 34 tasi ishga tushirildi va 735 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Tijorat banklari tomonidan “Sayxunobod tajribasi” asosida jami 113,9 mlrd so‘m miqdoridagi 4,9 mingta mikroloyihalar amalga oshirildi va 11 mingga yaqin aholining bandligi ta’minlandi.

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 1,4 mingga yaqin fuqarolarga jami 23,5 mlrd so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratildi. “Uychi tajribasi” asosida “mijozbay” ishlash orqali 5,6 mingdan ziyod fuqaroga doimiy ish o‘rni yaratildi.

Shuningdek, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi mas’ullari tomonidan mahallalarida xotin-qizlar o‘rtasida “Qadriyatlarimiz – bebaho boyligimiz”, “Jaholatga – qarshi ma’rifat” kabi mavzularda targ‘ibot tadbirlari va sport musobaqalari o‘tkazildi, 151 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarga tikuv mashinalari va asbob-uskunalar taqdim etildi.

Respublika ishchi guruhi Surxondaryo, Jizzax va Farg‘ona viloyatlarida o‘rganishlarni amalga oshiradi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar