Bugun, 7 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahalliy sanoatni yanada rivojlantirish borasida mavjud imkoniyatlar va yangi zaxiralarni safarbar etish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Yig‘ilishda avvalo, dunyodagi murakkab vaziyat, transport-logistika va ishlab chiqarish zanjirlaridagi uzilishlar, energoresurslar bilan bog‘liq muammolar mamlakatimizga ham ta’sir qilayotgani ta’kidlandi. Jahon moliya bozorlaridagi o‘zgarishlar ta’sirida chetdan jalb qilinadigan resurslar narxi oshayotgani qayd etildi.
Shu bois, Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar, tarmoq rahbarlari, hokimlar bu qiyin sharoitda imkoniyat izlashi, bor salohiyatni ishlatishi, taklif va tashabbus ko‘rsatishi kerakligi, kelgusi yilga o‘ziga aniq reja va mas’uliyat olishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Joriy yil 9 oyida sanoat 5,3 foizga o‘sdi. Lekin 65 ta yirik hududiy korxonada ishlab chiqarish 1,6 trillion so‘mga kamaygan.
Vazirlar Mahkamasiga ishlab chiqarish qisqargan tarmoqlardagi korxonalarga aylanma mablag‘i, solig‘i, transportiga yordam berib, to‘la quvvatga chiqarish bo‘yicha topshiriq berildi.
Sanoat zonalari infratuzilmasiga bu yilda 1,2 trillion so‘m ajratildi. Lekin, Qashqadaryo, Samarqand va Xorazm viloyatlarida mablag‘larning 40 foizini ham o‘zlashtirilmagan.
Mutasaddilar va viloyat hokimlariga haligacha infratuzilma olib borilmagan sanoat zonalariga shaxsan borib, ishlarni oxiriga yetkazish topshirildi.
Oxirgi 6 oyda hamkor davlatlar bozorlariga maishiy texnika eksporti – 3 barobar, transformator – 3,6 barobar, tibbiy buyumlar – 9 barobar, trikotaj mato – 2 barobar oshdi.
Agar mis, PVX, metall, polipropilen xom ashyolarini ko‘proq olish imkoniyati yaratilsa, tadbirkorlarimiz eksportni bir necha barobar oshirishi mumkin. Lekin mas’ul vazirliklar bu masalalar bilan shug‘ullanmayotgani tanqid qilindi.
Misol uchun, gilam mahsulotlari ishlab chiqarish uchun yiliga 70 ming tonna polipropilenga talab bor. Biroq, birjaga 2 barobar kam polipropilen qo‘yilmoqda. Natijada narx 30 foizga oshib, tonnasi 1 ming 800 dollarga ko‘tarilgan. Xuddi shunday, mebelchilikda ishlatiladigan formalin ichki bozorda 260 dollardan sotilayapti (raqobatchi bozorlarga nisbatan 60 dollarga qimmat).
Yaratilgan sharoitlar va mablag‘ borligiga qaramasdan, mas’ul vazirliklar va mutasaddilar bu muammolar bilan shug‘ullanmayotgani tanqid qilindi.
1 dekabrgacha ishlab chiqaruvchi va treyderlar bilan ishlab, yetishmayotgan xom ashyoni chetdan olib kelish hisobiga zaxira yaratish va grafik asosida uni birjaga qo‘yish topshirildi.
O‘zbekiston “GSP+” tizimiga qo‘shilganiga bir yildan oshdi. Yevropa bozorida sotiladigan tayyor mahsulotlar uchun transport xarajatlariga 70 foizgacha subsidiya berilmoqda. Lekin, “GSP+”ga kiradigan 6 ming 200 ta bojsiz mahsulotning bor-yo‘g‘i 325 turi eksport qilinayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Sababi - korxonalarimiz yirik yetkazib berish zanjirlariga qo‘shila olmayapti, xalqaro sertifikati yo‘q. Sifati yaxshi bo‘lsa ham, mahsulotini sota olmayapti. Shu munosabat bilan mutasaddilarga Yevropaga kelgusi yilda sanoat eksportini 600 ta mahsulotga, eksport hajmini 700 million dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
To‘qimachilikda keyingi yilda ichki bozorga qo‘shimcha 5 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish, eksportni 4,3 milliard dollarga yetkazish topshirildi. Buning uchun:
- Yevropa, Turkiya, Misr, Marokashga gazlama, trikotaj mato eksportiga transport xarajatlari 2024 yil 1 yanvargacha 70 foiz qoplab beriladi;
- kamida 50 xil turdagi yangi tekstil mahsulotlarini ishlab chiqarish dasturi tasdiqlanadi;
- yangi turdagi tayyor tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalariga 100 million dollar, gilamchilik uchun 50 million dollar yo‘naltiriladi;
- to‘qimachilik industrial zonalari infratuzilmasiga 200 milliard so‘m yo‘naltiriladi;
- yil yakuniga qadar Turkiya, Eron, Belgiyadan texnologiya va mutaxassislar (dizayner va texnolog) olib kelinadi.
Qurilish materiallari eksportini 2023 yilda 900 million dollarga yetkazish, ichki bozor uchun 5 trillion so‘mlik qo‘shimcha mahsulot ishlab chiqarish shartligi ko‘rsatib o‘tildi. Mutasaddilarga;
- qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilar uchun kamida 7 yillik, 2 yil imtiyozli davr bilan “Sanoat ipotekasi” dasturini ishlab chiqish va bunga birinchi bosqichda 50 million dollar resurs yo‘naltirish;
- Nukus shahri, Buloqboshi, Qorovulbozor, Forish, Chust, Paxtachi, Sariosiyo, O‘zbekiston tumanlarida qurilish materiallari industrial zonalarini tashkil etish;
- Ispaniya, Italiya va Turkiyaning yetakchi korxonalari bilan muzokara o‘tkazib, Angrenda chinni idishlar va santexnika buyumlari ishlab chiqarish klasterini tashkil qilish;
- kelgusi yilda Navoiy, Samarqand va Toshkent viloyatlarida kaolindan klaster usulida tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha kamida 200 million dollarlik 10 ta loyihani ishga tushirish topshirildi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, mebelsozlikda kelgusi yilda mahsulot hajmini 5 trillion so‘mga, eksportni 50 million dollarga yetkazish zarur.
Buxoro, Namangan, Samarqand, Andijon, Farg‘ona va Xorazmda 100 ga yaqin mahalla mebel ishlab chiqarishga ixtisoslashgani, ularni kengaytirish zarurligi qayd etildi. Ushbu viloyatlar hokimlariga bir oy muddatda mahallalar atrofida mebel sanoat markazlarini tashkil qilishga ko‘rsatma berildi. Shuningdek:
- kelgusi yilda 250 ta mebelchilik loyihasini ishga tushirib, 10 mingta yangi ish o‘rni yaratish;
- 15 ta mebelsozlik sanoat zonalari infratuzilmasiga 55 milliard so‘m ajratish;
- mebelsozlikka berilgan bojxona imtiyozlari muddatini 2024 yil 1 yanvarga qadar uzaytirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.
Yig‘ilishda zargarlikda ham imkoniyatlar juda kengligi, mamlakatimizda 300 million dollarlik ichki bozor borligi ta’kidlandi.
Bu talabni bemalol o‘zimizni mahalliy zargarlar qondirishi mumkin. Shu sababli ularni qo‘llab-quvvatlash uchun 1 dekabrdan boshlab:
- oltin va kumushga kechiktirib to‘lash uchun barcha banklar va Eksportni rag‘batlantirish agentligi kafolatlari qabul qilinadi;
- kafolat olish imkoniyati yakka tartibdagi zargarlar uchun ham yaratiladi;
- oltin, kumush va zargarlik uchun zarur boshqa xom ashyolarni qayta ishlash uchun vaqtincha olib kirish va olib chiqishda litsenziya talabi bekor qilinadi;
- zargarlar ishlatadigan qimmatbaho va bezak toshlari bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi;
- 10 ming dollargacha bo‘lgan zargarlik buyumlarini chetga olib chiqishga ruxsat beriladi (hozir 5 minggacha ruxsat berilgan).
Tegishli viloyatlar hokimlariga Samarqand, Buxoro va Qo‘qon shaharlarida zargarlik savdo va ishlab chiqarish majmualarini ishga tushirish topshirildi.
Prezident kelgusi yilda eksportni qo‘llab-quvvatlash kengaytirilishi, bundan buyon tarmoqlarga subsidiyalar eksport hajmiga qarab beriladigan tizim yaratilishini ta’kidladi.
Bugungi yig‘ilishdagi topshiriqlar ijrosi natijasida hududiy sanoatni rivojlantirishga qo‘shimcha 300 million dollar va 350 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi qayd etildi.
Aytilgan marralarga erishilsa, kelgusi yilda qo‘shimcha 2 milliard dollar eksport hajmlari ta’minlanadi.
Hokimlar va tarmoq rahbarlari bundan samarali foydalanib, 2023 yilda 8,2 milliard dollarlik hududiy sanoat mahsulotlari eksportini ta’minlashi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilish yakunida mutasaddilarning axboroti eshitildi.
Izoh qoldirish