Yaqin qo‘shnilar bilan munosabatlarni har tomonlama rivojlantirish O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishidir. Tojikiston O‘zbekistonning geografik jihatdan ajralmas qo‘shnilaridan biridir. Mamlakatlar xalqlari ma’naviy va madaniy jihatdan bir-biriga yaqin, bir dinga e’tiqod qiladi. Kundalik hayot, an’ana va urf-odatlar, san’at bir yaxlit yoki bir butunga birlashgan. Ularni umumiy tarix va qadriyatlar, o‘zaro hurmat va ko‘p asrlik yaxshi qo‘shnichilik birlashtirib turadi. Bu O‘zbekiston-Tojikiston munosabatlari uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
Prezident Sh.M. Mirziyoyev qayta-qayta ta’kidlaganidek, o‘zbeklar va tojiklarni alohida qardoshlik rishtalari bog‘lab turadi va bu xalqlarni bir-biridan ajratib tasavvur qilib bo‘lmaydi. Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy, Abdurauf Fitrat va Sadriddin Ayniy, G‘afur G‘ulom va Mirzo Tursunzoda, Abdulla Oripov va Loyiq Sherali kabi buyuk alloma va mutafakkirlar o‘zbek va tojik xalqlarining samimiy va sof do‘stligini tarannum etdi.
O‘zbekiston va Tojikiston xalqlari bir-birining madaniy-gumanitar merosiga hurmat bilan qarashadi.
Samarqanddagi Abdurahmon Jomiy haykali va Dushanbedagi Alisher Navoiy haykali o‘rnatilgani Tojikistonda ham, O‘zbekistonda ham katta quvonch bilan kutib olindi.
O‘zbekistonda butun mamlakat bo‘ylab 15 ta tojik milliy madaniy markazlarini birlashtirgan Respublika tojik milliy madaniyat markazi muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda. Mamlakatda ta’lim tojik tilida olib boriladigan 250 ta maktab mavjud (shundan 55 tasida ta’lim to‘liq tojik tilida olib boriladi). Samarqand, Termiz va Farg‘ona universitetlarida darslar tojik tilida o‘tiladigan guruhlar mavjud. Tojik tilida to‘rtta davriy nashr chop etiladi, beshta teledastur va 30 ta radio dastur efirga uzatiladi.
Bu yil O‘zbekiston va Tojikiston diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini nishonlamoqda. O‘zbek-tojik hamkorligining huquqiy asosini turli darajada imzolangan 256 hujjat tashkil etadi. Shu bilan birga ularning 153 tasi, ya’ni 60% so‘nggi besh yil ichida qabul qilindi. Do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma (1993 yil 4 yanvar), Abadiy do‘stlik to‘g‘risida shartnoma (2000 yil 15 iyun) va Ctrategik sheriklik to‘g‘risida shartnoma (2018 yil 17 avgust) kabilar ikki tomonlama munosabatlarning asosiy tamoyillarini belgilab beruvchi asosiy hujjatlardir. Bu tamoyillar mustaqillik va davlat suverenitetini o‘zaro hurmat qilish, teng huquqlilik, bir-birining ichki ishlariga aralashmaslik, davlat darajasida ham, tadbirkorlik sub’yektlari darajasida ham o‘zaro manfaatli iqtisodiy hamkorlikka intilish kabilardir.
Besh yil avval O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlar o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘ydi. Bu esa aloqalarni mustahkamlash, ishonchli munosabatlarni o‘rnatish uchun barcha sharoitlarni yaratdi.
O‘zbekiston Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev va Tojikiston Prezidenti E.Rahmonning 2018 yildagi o‘zaro davlat tashriflari ikki tomonlama munosabatlarda yangi sahifa ochdi. O‘zaro davlat tashriflari xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida yangi maqsad va istiqbollarni belgilab belgilab berdi, siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar sohalardagi keng ko‘lamli ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirishda muhim omil bo‘ldi.
O‘zbekiston Prezidentining dadil qadamlari, pragmatik va uzoqni ko‘zlagan siyosati har ikki tomon siyosatini qayta ko‘rib chiqish imkonini berdi. Bir-biriga intilish kuchaydi, to‘siqlar olib tashlandi, aloqalar faollashdi, o‘zaro maqbul samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Yillar davomida to‘plangan eng og‘riqli mavzular o‘z yechimini topdi. Deyarli barcha chegara muammolari bartaraf etildi. O‘zbekiston va Tojikiston davlat va hukumat rahbarlari darajasida ikki tomonlama munosabatlarning fundamental muammoli masalalari yo‘q.
O‘tgan qisqa davr o‘zbek-tojik munosabatlarining mustahkamlanishiga juda kuchli turtki berdi. Katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi.
Bugun ikki mamlakat prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmonning siyosiy irodasi va birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli munosabatlarni yanada rivojlantirish strategiyasini belgilash va amalga oshirish bo‘yicha muhim qadamlar tashlanmoqda.
Ikki tomonlama o‘zaro hamjihatlikning yaxshilanishi ikki davlatning chegaradosh hududlari va viloyatlari fuqarolarining harakatlanishi uchun keng imkoniyatlar ochdi. Ikki tomonlama munosabatlarni, ayniqsa, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash vazifalarini amalga oshirishda muhim tashqi siyosat manbai bo‘lgan parlament diplomatiyasi muhim o‘rin tutadi.
2018 yilda O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolarining o‘zaro safarlari to‘g‘risidagi bitim imzolanishi munosabati bilan mamlakatlarimiz o‘rtasidagi viza rejimi bekor qilindi va 17 ta nazorat-o‘tkazish punktlari ochildi. Bu ishlar mintaqaviy jihatdan ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishda muhim rol o‘ynadi, har ikki tomonning millionlab fuqarolari hayotini osonlashtirdi, O‘zbekistonda ham Tojikistonda ham turizmni rivojlantirish uchun xizmat qildi, bu esa “Ziyorat turizmi” loyihalarini amalga oshirishda, shu jumladan, “Ipak yo‘li” sayyohlik brendini targ‘ib qilish bo‘yicha qo‘shma ishlar doirasida hamkorlikni faollashtirishga imkon berdi.
Transchegaraviy daryolarning suv-energetika resurslaridan kompleks foydalanishga oid kelishuvlar ham O‘zbekiston Prezidentining yangilangan tashqi siyosatining ijobiy natijasidir. O‘zbekiston va Tojikistonning mintaqa davlatlari manfaatlarini hisobga olgan holda suv-energetika resurslaridan oqilona va adolatli foydalanish zarurligi to‘g‘risida umumiy fikrga ega ekanligi bu boradagi asosiy yutuq bo‘ldi.
Tojikiston O‘zbekistonning yangi mintaqaviy siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi. Xorijiy ekspertlarning fikricha, bu boradagi O‘zbekiston-Tojikiston munosabatlarining konstruktiv xarakterga ega bo‘lishi Markaziy Osiyoda suv xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy sa’y-harakatlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Tabiatni va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalarida hamkorlik dolzarb bo‘lib qolmoqda. Ma’lumki, global isish Markaziy Osiyo mintaqasi ekologiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu bois O‘zbekiston va Tojikiston, umuman mintaqaning barcha davlatlari ekologik halokatning oldini olish borasidagi sa’y-harakatlarini birlashtirishi muhim ahamiyatga ega. Mintaqa mamlakatlarining umumiy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha qo‘shma siyosiy va diplomatik qadamlarni davom ettirish zarur.
So‘nggi besh yilda mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar barqaror rivojlanib, tez sur’atda o‘smoqda.
Tojikiston O‘zbekistonning 10 asosiy savdo-iqtisodiy hamkorlari sirasiga kiradi.
2021 yilda qiymati $202,5 mlnlik tovarlarni yetkazib berish bo‘yicha 92 ta kelishuv va shartnomalar tuzildi. Xususan, o‘zbek tovarlarini yetkazib berishga doir $162,2 mln atrofidalik 83 kelishuv va shartnomalar imzolandi. Shuningdek, importga doir $40,3 mlnlik 5 shartnoma imzolandi.
Natijada 2021 yilda o‘zaro savdo hajmi 2016 yildagiga solishtirganda 3 baravardan ko‘pga o‘sdi ($196,8 mln), bu esa keyingi 25 yildagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.
2021 yilda tovar aylanmasi $605,5 mlnni tashkil etdi (+22,6%): eksport – $501,9 mln (+23,6%), import – $103,6 mln (+17,8%).
2022 yil yanvar-aprelda esa bu ko‘rsatkich $187,7 mlnga yetib (+34,8%), bundan eksport – $138,5 mln (+13,8%), import esa $49,2 mlnga teng (+ 2,8 baravar).
Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasida erkin savdo rejimi o‘rnatilgan, bu esa o‘zaro savdo hajmini $1 mlrdga yetkazishga imkon beradi.
Tomonlar 2021 yilda belgilangan qiymati $195,4 mln bo‘lgan o‘zbek-tojik investitsiya loyihalarini faol amalga oshirmoqda.
Bundan tashqari, o‘zbek-tojik qo‘shma korxonalari soni ko‘paydi. Ular savdo, qurilish materiallari ishlab chiqarish, oziq-ovqat sanoati va boshqa ko‘plab sohalarni qamrab oladi. O‘zbekistonda tojik sarmoyasi ishtirokidagi 219 ta korxona (119 ta qo‘shma korxona va 100 ta xorijiy korxona) faoliyat yuritmoqda. Tojikiston hududida O‘zbekiston rezidentlari ishtirokida 51 ta kompaniya faoliyat yuritmoqda.
Sanoat kooperatsiyasini mustahkamlashda nizom kapitali $50 mln dollar bo‘lgan o‘zbek-tojik investitsiya kompaniyasi faoliyatiga muhim o‘rin ajratilmoqda. Buning doirasida mamlakatlarimiz rahbarlarining tashabbusi bilan Tojikistonda maishiy texnika ishlab chiqarish bo‘yicha “Artel Avesto Elektroniks” va maxsus kommmunal va qurilish transportini yig‘ish va sozlashga ixtisoslashgan “Talko-Krantas” qo‘shma korxonalari tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ekspertlarining ta’kidlashlaricha, korxonalar o‘rtasida kooperatsiya aloqalarining kengayishi katta hajmdagi xomashyo, masalan, qishloq xo‘jalik mahsulotlarining mavjudligi sharoitida qo‘shma korxonalar tashkil etish zamonaviy texnologiyalar va tor ixtisoslashuvni jalb qilish orqali ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirishga imkon beradi.
Tomonlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi transport va tranzit imkoniyatlarini rivojlantirishga ham katta e’tibor qaratmoqda.
O‘zbekistonning qulay geografik joylashuvi va rivojlangan transport infrastrukturasi Tojikistonga tashqi bozorlarga chiqishni diversifikatsiya qilishga imkon bermoqda.
Tojikiston O‘zbekistonning rivojlangan kommunikatsiya tarmog‘idan (temir yo‘l, avtomobil va havo transporti) foydalangan holda o‘z tovarlarini Rossiya va YeIga eksport qilish hamda Xitoydan O‘zbekistonga yuk tashish orqali o‘z iqtisodiyotini rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bo‘ldi. Umumiy transport salohiyatidan to‘liq foydalanish, shuningdek, Tojikiston orqali Xitoyga olib boradigan avtomobil yo‘nalishlarini faollashtirish, nafaqat o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, balki mintaqalararo darajada gumanitar aloqalarni mustahkamlashga ham xizmat qiladi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston-Tojikiston-Xitoy yo‘lagini rivojlantirish loyihasi yaxshi istiqbolga ega.
“Toshkent – Xo‘jand” va “Qo‘qon – Shaydon” yo‘nalishida avtobus qatnovi, “Samarqand – Panjikent” avtoyo‘lining uchastkasi, "Toshkent – Dushanbe” aviareysi, “G‘alaba – Amuzang – Xushadi” temir yo‘l aloqasi qayta tiklandi. Bundan tashqari, Samarqand va Penjikentni temir yo‘l liniyasi orqali bog‘lash rejalashtirilmoqda. “Dushanbe–Samarqand” va “Dushanbe–Buxoro” yo‘nalishida aviaqatnovlar qayta tiklanmoqda.
2021 yilda xalqaro temir yo‘l yuk tashuvlari hajmi 6,7 mln. tonnani (+15%), 2020 yilda esa 5,8 mln. tonnani tashkil etdi (+8,6%).
2021 yilda xalqaro avtomobil yuk tashuvlari hajmi 1,3 mln. tonnani (+1,8%), 2020 yilda – 408,2 ming tonnaga teng bo‘ldi.
2021 yil yakunlari bo‘yicha “ Uzbekistan Airways” AK tomonidan 440 ta muntazam reys (+10%) amalga oshirildi, 46,6 ming yo‘lovchi (+10,7%) va 113 tonna yuk (+3,3%) tashildi.
Bugungi kundagi yangi voqelik O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar aloqalarni yanada kengaytirish uchun qulay barcha imkoniyatlar yaratdi.
Bugunda mamlakatlar Prezidentlar boshchiligidagi ko‘p tomonlama sheriklik munosabatlarini izchil rivojlantirish va mustahkamlash, shuningdek, yangi marralarni zabt etishga intilayotganini namoyon etmoqda.
Shu munosabat bilan ko‘plab xorijiy ekspertlar o‘zbek-tojik munosabatlarining yanada ijobiy rivojlanishi Markaziy Osiyoning yanada barqaror rivojlanishiga katta hissa qo‘shishini prognoz qilishmoqda. Ularning fikricha, faol iqtisodiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilsa, chegaraning har ikki tomonidagi millionlab fuqarolarning hayoti yanada yaxshi bo‘ladi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi mutaxassislarining baholashlariga ko‘ra, iqtisodiyotlarning bir-birini o‘zaro to‘ldirish jarayoni (O‘zbekistondan Tojikistonga gaz va yoqilg‘i-moylash materiallarini yetkazib berish, Tojikistondan O‘zbekistonga elektr energiyasi yetkazib berish va h.k.) savdo-iqtisodiy hamkorlikning jadal rivojlanishiga ta’sir qilishda davom etadi va har ikki davlatning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashda qo‘shimcha vosita bo‘lib qoladi.
Tojikiston prezidentining O‘zbekistonga bo‘lajak tashrifi doirasida ikki tomonlama munosabatlarning shartnomaviy-huquqiy asosini sezilarli darajada kengaytiradigan hamda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ladigan hujjatlar imzolanishi rejalashtirilmoqda.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan tahlillar sarmoya, yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport, mintaqalararo aloqalar, mamlakatlar iqtisodiyotlarini raqamlashtirish, ilmiy-akademik doiralar va madaniy almashinuvlar sohalaridagi hamkorlikni yana kengaytirish va chuqurlashtirish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatmoqda. Bulardan tashqari, ipakchilik, pillani qayta ishlash, ipak matolar ishlab chiqarish, shuningdek, dizaynerlar o‘rtasida tajriba almashish ikki tomonlama munosabatlarning istiqbolli yo‘nalishlaridan biriga aylanishi mumkin.
Tojikistonlik ekspertlarning ma’lumotlariga ko‘ra, Tojikiston Respublikasining Ayniy viloyatida o‘nlab o‘rganib chiqilgan foydali qazilma konlari joylashgan bo‘lib, ularni o‘zlashtirish uchun tojik tomoni o‘zbek biznesini jalb qilishdan manfaatdor.
O‘zbek-tojik munosabatlarida ro‘y bergan tub o‘zgarishlar nuqtai nazaridan, O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlarining bo‘lajak uchrashuvi, albatta, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun yangi istiqbollar ochadi, ko‘p qirrali hamkorlikni sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqadi, bu esa, shubhasiz, ikki mamlakat xalqlari farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Izoh qoldirish