Parij iqtisodiyot maktabida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha O‘zbekistonning milliy modeli taqdim etildi

Parij iqtisodiyot maktabida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha O‘zbekistonning milliy modeli taqdim etildi

23 may kuni Parijda (Fransiya) Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) direktori Obid Hakimov Parij iqtisodiyot maktabida (Paris School of Economics) "O‘zbekiston tomonidan kambag‘allikni kamaytirish milliy modeli doirasida amalga oshirilayotgan dasturlarning samaradorligi" mavzusida taqdimot qildi.

Parij iqtisodiyot maktabidagi tadbirning maxsus mehmonlari va ishtirokchilari Iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Abhijit Banerji, J-PAL Europe siyosat bo‘yicha direktori Killian Nolan, shuningdek, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari ilmiy doiralarining bir qator nufuzli vakillari bo‘lishdi. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga qiziqish tadbir atrofida 30 ga yaqin yetakchi olimlar va xalqaro ekspertlarni to‘pladi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori O‘zbekistonning kambag‘allikka qarshi kurash bo‘yicha tashabbuslarini taqdim etdi. Xalqaro tashkilotlar ko‘magida mamlakatimizda ilk bor "Ijtimoiy himoya yagona reyestri" ishga tushirilgani qayd etildi. 2017 yilda ijtimoiy himoya oluvchi oilalar soni 500 ming kishini tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilga kelib bu ko‘rsatkich 2,3 millionga ko‘tarildi. Shu bilan birga, 5 yil ichida ijtimoiy xarajatlar 3,7 barobar oshdi.

Shu bilan birga, “Mahallaboy” tizimining (jamiyat darajasida) ishga tushirilishi eng samarali siyosiy qarorlardan biri deb ataladi. Shunday qilib, dastur doirasida 2022 yildan 2024 yilgacha 1 million kishi oilaviy tadbirkorlik loyihalari uchun mikrokreditlar oldi, yana 152 ming fuqaro subsidiyalar olish imkoniyatiga ega bo‘ldi, "Ayollar daftari" va "Temir daftar" tashabbuslari bilan 1,5 million ayol va 610 ming nafar ehtiyojmand kishi qo‘llab-quvvatlandi.

Davlat dasturlarining roli va islohotlarning maqsadga yo‘naltirilganligi haqida so‘z yuritilib, "Har bir oila tadbirkor"," Tadbirkor ayollar","20 ming tadbirkor va 500 ming malakali mutaxassis" dasturlari taqdim etildi.

Yana bir tashabbus - oilaviy bolalar bog‘chalari uy xo‘jaliklariga mahallada o‘z bizneslarini ochish imkoniyatini berdi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 15 mingga yaqin oila ushbu imkoniyatdan unumli foydalanib, subsidiya va qisman ish haqi kompensatsiyasini oldi. Natijada, 6 yil davomida maktabgacha ta’lim qamrovi 25%dan 70%gacha oshdi.

Bundan tashqari, maktablarda degelmintizatsiya va ovqatlanishga qaratilgan dasturlar qayd etilgan bo‘lib, ular o‘sib borayotgan bolalarning sog‘lig‘i yoki ovqatlanishi bilan bog‘liq to‘siqlarga duch kelmasdan samarali o‘qishlarini ta’minlashga qaratilgan.

Kambag‘allik va tengsizlikni bartaraf etishga qaratilgan transformatsiya dasturlari natijasida 2021 yil boshidan buyon mamlakatda kambag‘allik darajasi 17% dan 11% gacha kamaydi. Deyarli 2 million kishi kambag‘allikdan chiqarildi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori kambag‘allik ko‘lamining nisbatan qisqa muddatda buncha sezilarli darajada qisqarganini “salmoqli yutuq va samarali ijtimoiy siyosat natijasi”, - deya atadi.

Iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofonining laureati Abhijit Banerji O‘zbekistondagi islohotlar baholarini sharhlar ekan, kambag‘al oilalarning ko‘pqirraliligini qayd etdi hamda “dunyoda kambag‘al oilalar ko‘p, biroq har bir oilaning o‘ziga xos kambag‘allik tarixi borligini ta’kidlab o‘tdi.

Professor Banerji O‘zbekistonning kambag‘allik bilan kurashga yondashuvidagi asosiy o‘ziga xosligini ajratib ko‘rsatdi. Uning fikriga ko‘ra, bu – uning yuqori darajada manzilliligi va individual xarakterga egaligidir. Shuningdek, taniqli eskpert “O‘zbekistondagi Mahallabay tizimi har bir muhtoj oilani kambag‘allikdan olib chiqish bo‘yicha o‘zining noyob retseptiga ega”ligini ta’kidlab o‘tdi.

Ko‘p mezonli kambag‘allik indeksi taqdimoti doirasida ishtirokchilarga Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tadqiqotining ilk natijalari ham taqdim etildi. Xususan, qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan aholi uchun asosiy ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlar atroflicha tahlil qilindi. Gap sanitariya qulayliklari, bank hisobi, toza ichimlik suvi, uy-joy, sog‘liqni saqlash xizmatlari, aloqa vositalari, isitish tizimidan foydalana olish imkoniyati, shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligi, mulkka egalik qilish, ta’lim darajasi va norasmiy bandlik kabilar haqida ketmoqda.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi taqdim etgan tahlil shuni ko‘rsatdiki, ta’lim, oziq-ovqat xavfsizligi va bandlik sohasidagi muammolarni hal etish O‘zbekistonda ko‘p mezonli kambag‘allik darajasini yanada pasaytirish uchun o‘ta muhim yo‘nalishlar hisoblanadi. Ushbu sohalardagi muammolarni manzilli hal qilish aholining zaif qatlamlari orasida kambag‘allikning ko‘plab ko‘rinishlarini kamaytirishda yuqori salohiyatga ega.

Tadbir yakunida taqdim etilgan natijalar saqlanib qolayotgan muammolarga qaramay O‘zbekistonning kambag‘allik va tengsizlik bilan kurashda sezilarli muvaffaqiyatlarga erishganini namoyon etishi qayd etildi.

“O‘zbekiston bu sa’y-harakatlarni davom ettirgan holda BMTning 2030 yilgacha bo‘lgan Kun tartibiga sodiqligini yana bir bor tasdiqlab, barcha fuqarolar uchun munosib turmush darajasini ta’minlay oladi, shuningdek, kambag‘allikka ham barham berish imkoniga ega”, - deb ta’kidladi ekspert.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori tomonidan o‘tkazilgan taqdimot Parij iqtisodiyot maktabi ekspertlari va J-PAL tahlilchilarining alohida e’tiborini tortdi. Ijtimoiy siyosatda dalillarga asoslangan yondashuvlarni ishlab chiqish va joriy etish bilan shug‘ullanuvchi J-PAL Europe tadqiqot markazi vakillari Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi bilan bundan keyin ham hamkorlik qilishdan manfaatdorliklarini bildirdilar.

Xalqaro ekspertlar taqdim etilgan tadqiqotlar va islohotlar natijalarini yuqori baholadilar, ularni har tomonlama ilmiy muhokama qildilar. Tadbir yakunlari bo‘yicha O‘zbekistondagi kambag‘allikni qisqartirish milliy modeli nufuzli xalqaro ekspertlar hamjamiyati tomonidan rivojlanayotgan mamlakatlarga keng joriy etishga munosib namuna sifatida e’tirof etildi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoitchilik bilan aloqalar bo‘limi


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar