Soliq qo‘mitasi o‘tgan davrlar uchun hisobvaraq-fakturalarni shakllantirish imkoniyatini taqdim etdi

Soliq qo‘mitasi o‘tgan davrlar uchun hisobvaraq-fakturalarni shakllantirish imkoniyatini taqdim etdi

Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan joriy yilning 10 martigacha o‘tgan davrlar uchun hisobvaraq-fakturani shakllantirish imkoniyati beriladi, deyiladi DSQ bergan xabarda.

Hisobvaraq-faktura – tovarlar haqiqatda jo‘natilganligini yoki xizmatlar ko‘rsatilganligini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi. Ushbu birlamchi hujjatsiz tovarlarni (xizmatlarni) yuklab jo‘natish va kirim qilish soliqqa oid huquqbuzarlik (soliq bazasini yashirish) hisoblanadi.

Amaldagi qonunchilikka asosan hisobvaraq-faktura tovarlar jo‘natilgan (xizmatlar ko‘rsatilgan) kalendar oyida taqdim etilishi shart.

Davlat soliq qo‘mitasi joriy yilning 1 aprelidan boshlab o‘tgan davrlar uchun EHFlarni rasmiylashtirish bo‘yicha barcha cheklovlar bekor qilinishini ma’lum qiladi.

Shu bilan birga Soliq kodeksining 223-moddasiga asosan Soliq bazasini yashirish, ya’ni tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushum summasini hisobga olish registrlarida aks ettirmaslik - yashirilgan soliq bazasi summasining 20 foizi miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi to‘g‘risida ogohlantiradi.

Tadbirkorlik sub’yektlaridan kelib tushayotgan murojaatlarni inobatga olgan holda, Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan joriy yilning 10 martigacha o‘tgan davrlar uchun hisobvaraq-fakturani shakllantirish imkoniyati beriladi.

Bunda, Soliq kodeksining 83-moddasiga asosan rasmiylashtirilgan hisobvaraq-fakturalar asosida soliq va moliyaviy hisobotlarga zarur tuzatishlarni kiritish va soliq organiga aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etish lozim bo‘ladi.

Tadbirkorlik sub’yektlari o‘tgan davr uchun rasmiylashtirgan hisobvaraq-fakturalar Xavfni boshqarish avtomatik tizimi orqali tahlil qilinib, qalbaki bitimlar tuzish yoki yagona yoki ustuvor maqsadi soliq to‘lamaslik tarzidagi asossiz soliq nafi olishdan yoxud o‘zi to‘laydigan soliqlarning summasini kamaytirishdan iborat bo‘lgan operatsiyalarni yoki operatsiyalar ketma-ketligini amalga oshirish orqali soliqni to‘lamaslik (kamaytirish) holatlari aniqlangan taqdirda, davlat soliq xizmati organlari hisobga olingan QQS summasiga tuzatish kiritish huquqiga ega ekanligini eslatib o‘tamiz. (Soliq kodeksining 14,15 va 266-moddalari).

O‘tgan davrlar uchun muntazam ravishda yoki kirim qilinmagan mahsulotlar uchun hisobvaraq-faktura rasmiylashtirgan soliq to‘lovchilar (sotuvchi va xaridor) yuqori xavf guruhiga kiritiladi va ularga nisbatan soliq nazorati tadbirlari o‘tkaziladi. (Vazirlar Mahkamasining 07.01.2021 yildagi 1-son qarori).

Davlat soliq qo‘mitasi barcha tadbirkorlik sub’yektlaridan hisobvaraq-fakturani rasmiylashtirish borasida berilgan imkoniyatni suiiste’mol qilmasdan undan to‘g‘ri va unumli foydalanishlarini so‘raydi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar