So‘ngi 8 yil mobaynida mamlakatimiz barcha sohalarda chuqur islohotlar maydoniga aylandi. Bu islohotlar markazida, avvalo, inson kapitali turadi. Shu nuqtai nazardan ijtimoiy sohaning asosi hisoblangan ta’lim tizimida amalga oshirilgan o‘zgarishlar alohida e’tiborga loyiqdir.
2017–2024 yillar davomida ta’lim xizmatlari hajmi 7,0 barobarga oshib, 2017 yildagi 4,4 trln so‘mdan 2024 yilga kelib 31,9 trln so‘mga yetkazilgani ta’limga bo‘lgan ustuvor munosabatning amaliy ifodasi hisoblanadi. Bu raqamlar moliyaviy ko‘rsatkichlargina emas, balki ta’lim sifati, qamrovi va infratuzilmasining kengayishiga zamin yaratgan resurslar miqyosi haqida ham tasavvur beradi.
Ta’lim tizimida amalga oshirilgan islohotlarning eng muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida sohaga xususiy sektorning keng jalb etilishi va davlat-xususiy sheriklikni tashkil etishni qayd etish mumkin. Ana shu yondashuv natijasida davlat byudjeti resurslariga qo‘shimcha ravishda xususiy tashabbus va sarmoyalar jalb qilinib, ta’lim infratuzilmasini tezkor yangilash, zamonaviy ta’lim standartlarini joriy etish va raqobat muhitini shakllantirish imkoni yaratildi.
Maktabgacha ta’lim: qamrov va infratuzilmaning keskin o‘sishi
Sohada amalga oshirilgan islohot va chora-tadbirlar, ayniqsa, maktabgacha ta’lim tizimida sezilarli natijalarga olib keldi. 2017 yilda nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari (MTT) soni atiga 1,4 ming tani tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib bu ko‘rsatkich 31 mingdan oshib ketdi. Nodavlat MTTlar sonining bunday keskin o‘sishi, bir tomondan, xususiy sektor uchun yaratilgan qulay sharoitlar samarasi bo‘lsa, ikkinchi tomondan, davlat tomonidan maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirishga qaratilgan maqsadli siyosatning amaldagi ifodasidir.
Natijada, mamlakatimizda maktabgacha ta’lim bilan qamrab olingan bolalar soni mutlaq qiymatda 932 ming nafardan 2,5 barobarga oshib, 2,5 mln. nafarga yetkazildi. Bu nafaqat statistik ko‘rsatkichlar o‘sishi, balki keyinchalik umumiy o‘rta va oliy ta’lim bosqichlarida bilim sifatini oshirish, mehnat bozoriga raqobatbardosh kadrlar tayyorlash uchun mustahkam poydevor shakllanishini anglatadi.
Umumiy o‘rta ta’lim: yangi maktablar, yangi o‘rinlar, yangi imkoniyatlar
Umumiy o‘rta ta’lim tizimida erishilgan natijalarni alohida ta’kidlab o‘tish zarur. Respublikadagi maktablar soni 2017 yilda 9 671 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilda ushbu ko‘rsatkich 10 943 taga yetkazildi. Shu bilan birga, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash evaziga xususiy maktablar soni 2017 yildagi 84 tadan 2024 yilda 455 tagacha ko‘paydi. Bu o‘zgarishlar ta’lim xizmatlari bozorida raqobatni kuchaytirib, ta’lim sifatiga qo‘shimcha turtki berdi.
Oxirgi 7 yil mobaynida qurilish va rekonstruksiya ishlari ham jadal ravishda amalga oshirildi. 2017 yilda 362 ta maktab rekonstruksiya qilinib, 47,5 ming nafar o‘quvchi o‘rni yaratilgan bo‘lsa, 2024 yilda 608 ta maktab mukammal rekonstruksiya qilinib, 180 ming nafardan ortiq yangi o‘quvchi o‘rinlari tashkil etildi. Bu maktablarda o‘quvchi bolalar sonining ortishi, sinflardagi zichlikni kamaytirish va o‘qitish sharoitlarini yaxshilashga xizmat qilmoqda. Shu tarzda, ta’lim infratuzilmasini modernizatsiya qilish orqali ta’limning uzluksizligi va sifatini ta’minlashga qaratilgan kompleks yondashuv amalga oshirildi.
Oliy ta’lim: ommaviylashuv va ilmiy salohiyat o‘sishi
Ushbu muddat davomida oliy ta’lim muassasalari sonida ham tarixiy o‘sish qayd etildi. 2017 yilda oliy ta’lim muassasalari soni 77 tani, shundan nodavlat OTMlar soni 7 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib ularning umumiy soni 211 taga yetdi, nodavlat OTMlar soni esa 99 tani tashkil etdi. Bunday dinamika oliy ta’lim tizimining geografiyasi va formatini kengaytirib, aholi uchun yuqori ta’limga ega bo‘lish imkoniyatlarini ancha oshirdi.
Natijada, oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 23 foizdan 43 foizga yetkazildi. Bu ko‘rsatkich mamlakatda oliy ta’lim ommaviylashuvi, bilimga bo‘lgan talab va qiziqishning ortib borayotganini ko‘rsatadi. Talabalar soni ham sezilarli darajada oshib, 2017 yilda qariyb 280 ming nafar bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib ushbu ko‘rsatkich 4,8 baravarga oshib, 1,2 mln nafarni tashkil etdi. O‘quvchilar soniga mutanosib ravishda ta’lim dasturlarining turfa xillashishi, zamonaviy yo‘nalishlar ochilishi va mehnat bozori talablariga mos kadrlar tayyorlash imkoniyati kengaydi.
Ilmiy tadqiqot va doktorantura: inson kapitali sifatini oshirish
Amalga oshirilgan islohotlar natijasida oliy ta’lim muassasalarida ilmiy salohiyatni mustahkamlash bo‘yicha ham muhim chora-tadbirlar ko‘rildi. Jumladan, doktorantura uchun ajratilgan qabul kvotalari soni 2017 yilda atiga 247 nafar bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib 9 026 nafarni tashkil etdi. Bu raqamlar oliy ta’lim muassasalari ilmiy-pedagogik kadrlarining ko‘payishi, yangi avlod olimlarini tayyorlash va innovatsion iqtisodiyot uchun zarur bo‘lgan yuqori malakali mutaxassislar salohiyatini oshirishga qaratilgan siyosatning amaliy natijasidir.
Shu bilan birga, OTMlardagi umumiy ilmiy salohiyat 2017 yildagi 32 foizdan 2024 yil uchun 44 foizga yetkazildi. Ilmiy salohiyatning bunday o‘sishi universitetlarning tadqiqot markazlari sifatida rolini kuchaytirib, ularni faqat ta’lim emas, balki ilmiy-innovatsion faoliyat markazlariga aylantirishga xizmat qilmoqda.
Ta’lim — islohotlar markazida
Yuqoridagi raqam va ko‘rsatkichlar so‘nggi 8 yilda ta’lim tizimida amalga oshirilgan islohotlar izchil va kompleks xarakter kasb etganini ko‘rsatadi. 2017–2024 yillarda ta’lim xizmatlari hajmi 4,4 trln so‘mdan 31,9 trln so‘mgacha, ya’ni 7,0 baravarga oshdi; maktabgacha ta’limda nodavlat MTTlar soni 1,4 mingtadan 31 mingdan ortiq ko‘rsatkichga yetdi, bolalar qamrovi esa 932 ming nafardan 2,5 mln. nafargacha oshdi. Umumiy o‘rta ta’limda maktablar soni 9 671 tadan 10 943 taga, xususiy maktablar soni 84 tadan 455 tagacha ko‘paydi; 2017 va 2024 yillarda rekonstruksiya qilingan 362 va 608 ta maktabda mos ravishda 47,5 ming va 180 mingdan ortiq o‘quvchi o‘rinlari yaratildi.
Oliy ta’lim muassasalari soni 77 tadan 211 taga yetdi, nodavlat OTMlar soni 7 tadan 99 tagacha ko‘paydi, qamrov darajasi 23 foizdan 43 foizga oshdi; talabalar soni 280 ming nafardan 1,2 mln nafargacha, ya’ni 4,8 baravarga ko‘paydi. Doktorantura kvotalari 247 nafardan 9 026 nafargacha kengaydi, ilmiy salohiyat esa 32 foizdan 44 foizga oshdi — bularning barchasi ta’lim sohasi mamlakat rivojlanish strategiyasining markaziy yo‘nalishlaridan biriga aylanganini yaqqol tasdiqlaydi.
Bu islohotlar kelgusida raqobatbardosh iqtisodiyot, zamonaviy jamiyat va innovatsion rivojlanish uchun zarur bo‘lgan kadrlar tayyorlashga, ya’ni inson kapitali sifatini yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.

Izoh qoldirish