“Men Yangi O‘zbekiston Talabasiman”: Olmaliq davlat texnika institutida ilk ilmiy-ma’rifiy anjuman

“Men Yangi O‘zbekiston Talabasiman”: Olmaliq davlat texnika institutida ilk ilmiy-ma’rifiy anjuman

Tadbirda institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, chet ellik mehmonlar, ota-onalar hamda talabalar ishtirok etdilar. Anjumanning ochilish qismida institut rektori talaba yoshlar uchun sifatli ta’lim, ilmiy-amaliy faoliyat va innovatsion g‘oyalarni rivojlantirishga yaratilgan shart-sharoitlar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, rektor institut rivojlanish konsepsiyasining asosiy maqsad va yo‘nalishlarini yoritib, talabalarga ta’lim olish jarayonida omad va muvaffaqiyat tiladi.

Talabalar o‘z navbatida Vatanga sadoqat, bilim olishda mas’uliyat va jamoat manfaatlariga xizmat qilish borasida tantanali qasamyod qabul qildilar.

Anjuman doirasida ijodiy jamoalar ishtirokida ma’rifiy-madaniy dastur namoyish etildi. Faol talabalar o‘z ijodiy chiqishlarini taqdim etdilar. Iqtidorli talabalar institut rahbariyati tomonidan munosib ta’qdirlandilar. Mazkur marosimning asosiy maqsadi — yoshlarda vatanparvarlik, mas’uliyat, ilmga hurmat va fidoyilik tuyg‘ularini mustahkamlashdan iboratdir.

Olmaliq davlat texnika instituti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 8 sentyabrdagi PQ–279-son Qaroriga muvofiq tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy vazifasi Toshkent viloyati iqtisodiyotining turli tarmoqlarida — muhandislik, metallurgiya, ishlab chiqarish va konchilik sohalarida zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega yuqori malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni qondirishdan iborat.

Institut tashkil etilgan dastlabki kunlardanoq uning rivojlanish Konsepsiyasi ishlab chiqildi. Ushbu Konsepsiya ijrosi O‘zbekiston va Markaziy Osiyo iqtisodiyotini muhandislik, metallurgiya va tog‘-kon sohalari uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlaydigan zamonaviy ilmiy-ta’lim markazini shakllantirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, mamlakat sanoat kompleksining barqaror texnologik rivojlanishiga zamin yaratadi.

Hozirgi kunda Olmaliq davlat texnika institutida qariyb 6 ming talabaga 11 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv jarayonlari yo‘lga qo‘yilgan. Institut ilmiy salohiyati 47,3 foizni tashkil etar ekan, 165 nafar professor-o‘qituvchilarning 78 nafari ilmiy darajaga ega.

Bundan tashqari, institut tomonidan ta’lim yo‘nalishlari bosqichma-bosqich kengaytirilmoqda. Xususan, so‘nggi 40 yilda ilk bor Bekobod tumanida yangi fakultet faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Hozirda ODTI 15 ga yaqin xorijiy mamlakatlar — Rossiya, Xitoy, Yaponiya, Malayziya, Turkiya, Eron, Vengriya, Belorussiya kabi davlatlarning yetakchi oliy ta’lim muassasalari va sanoat kompaniyalari bilan hamkorlik shartnomalarini imzolaggan holda xalqaro hamkorlikni kengaytirib bormoqda.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar