Navbatdagi ommaviy qabullar Toshkent viloyatida bo‘lib o‘tdi

Navbatdagi ommaviy qabullar Toshkent viloyatida bo‘lib o‘tdi

Aytaylik, Chinoz tumani Olmazor qo‘rg‘onida faoliyat yuritayotgan “Pronto Textile Group” to‘qimachilik korxonasida har yili o‘rtacha 10 million dollarlik mahsulot eksport qilinadi. Ammo buyurtmachi tashkilotlardan biri shartnomaga ko‘ra 15 foiz to‘lovni oldindan amalga oshirib, mahsulotni to‘liq olsa-da, 600 mln. so‘mni bermay yurgan ekan. Korxona direktori o‘rinbosari Rustam Rahmatov qabulda Bosh prokuratura mas’ullaridan ayni shu masalani hal qilishda amaliy yordam so‘ragach, muloqot asnosida bu muammoga ham yechim topildi.

Chinozlik Ozoda Rahimova xonadonida sartaroshxona ochishni niyat qilgan-u, sarmoyasi yo‘qligidan qiyin vaziyatga tushib qolgan ekan. Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi mas’ullari bilan muloqotlardan so‘ng istak va imkoniyatlar bir nuqtada birlashdi. Ayolga biznes rejasini amalga oshirishi uchun subsidiya ajratiladigan bo‘ldi.

Chinoz tumani hokimining “Gulzorobod” mahallasidagi yordamchisi O‘ktam Zohidov esa o‘z faoliyatida duch kelayotgan ayrim masalalar yechimi bo‘yicha Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mas’ullaridan huquqiy maslahat so‘radi.

Muloqotlar maydonida o‘tgan galgi ommaviy qabullarda masalalari hal qilingani uchun minnatdorlik bildirish uchun kelgan ko‘plab odamlarni ham uchratdik. Sirdaryolik Shahodat Sariboyeva o‘tgan yili qo‘ni qo‘shnilari bilan Chinoz tumanidagi klasterlaridan birida g‘o‘za chopiq qilib, ish haqini ololmagach, xuddi shunday qabulda shikoyat bilan kelgan edi. Murojaatdan so‘ng prokuratura organlari ularning huquqlarini himoya qilib, jami 24 kishiga ish haqlari undirib berildi.

Yoki O‘rta Chirchiq tumanidagi korxonalardan birida haydovchi bo‘lib ishlagan G‘afforali Atayevning ham avvalga qabuldagi murojaatidan so‘ng prokuratura organlari unga oylik maoshi to‘lab berilishini ta’minladi.

Yangiyo‘llik Mirolim Fozilov Ichki ishlar vazirligi mas’ullariga murojaati asosida adolat qaror topganini aytmoqda. Gap shundaki, bu odam bir tanishidan mulk sotib olmoqchi bo‘lib, anchagina pul bergan, so‘ng kelishuv barbod bo‘lib, ham mulksiz, ham pulsiz qolgan. Firibgarga aldanganini bilgach, Ichki ishlar vazirligi mas’ullariga murojaat qilgan Mirolim akaga yaqinda mablag‘i to‘liq qaytarilishi ta’minlandi.

Chinozlik Feruza Yo‘lchiyeva ham Bosh prokuratura mas’ullariga bir og‘iz rahmat aytish uchun kelibdi. Aytishicha, turmush o‘rtog‘i va qaynotasi vafot etgach, yoshgina bolasi bilan yolg‘iz qolgan. Ta’mirga muhtoj uy-joyi epini qilolmagan ayol shunday qabullarda amaliy yordam so‘ragach, yaqinda 2-sektor ko‘magida ichki imkoniyatlar hisobidan uning uy-joyi ta’mirlab berilibdi.

Ha, mamlakatimiz yetakchisi ko‘p bora ta’kidlaganidek, respublika va viloyat darajasidagi rahbarlar aholi orasida qancha ko‘p yursa, xalq dardini teranroq his qiladi, murojaatlar kamayib, fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiliklariga barham beriladi. Ommaviy qabullar natijadorligi esa avvalo fuqaro va rahbarlarning o‘zaro bir-birini tinglashi, bir-birini tushunishiga bog‘liq.

Qabullar davomida ko‘plab iqtisodiy-ijtimoiy masalalarga ham yechim topildi. Deylik, Chinoz tumani “Yo‘ltushgan” mahallasida yashovchi Baxtiyor Ahmedov mahalladagi 362 ta xonadonni ichimlik suvi bilan ta’minlashda amaliy yordam so‘radi. O‘rganishlar bu borada dastur asosida loyiha tayyorlanganini, faqat moliyalash masalasi hal qilinmaganini ko‘rsatdi. Viloyat hokimligi tez orada mazkur loyihani moliyalashtiradigan, pirovardida 362 ta xonadon obi-hayot bilan ta’minlanadigan bo‘ldi.

Chinoz tumani Olmazor qo‘rg‘onida yashovchi Matluba G‘afforova murojaatidan so‘ng Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi viloyat boshqarmasi mazkur hududdagi ichki yo‘llarni ta’mirlash, piyodalar yo‘lagi qurish masalalarini hal qilib beradigan bo‘ldi.

Chinozlik opa-singil Ruxshona va Gulasal Hamidullayevalar yaqinda Italiya davlatida taekvando bo‘yicha o‘tkaziladigan jahon chempionatiga yo‘llanma olishgan, biroq xalqaro musobaqaga borishga moddiy imkon topisha olmayotgan ekan. Murojaatdan so‘ng viloyat hokimligi opa-singillarning bu boradagi safar xarajatlari uchun ajratadigan bo‘ldi.

Murojaatlaridan so‘ng o‘rtachirchiqlik Dilnoza Xudoyberganova tumandagi “Shodlik” maktabgacha ta’lim tashkilotiga tarbiyachi bo‘lib ishga qabul qilingan bo‘lsa, og‘ir ijtimoiy ahvoldagi talaba Durdona G‘ulomovaga yangi o‘quv yili uchun kontrakt pullari to‘lab beriladigan bo‘ldi.

Xuddi shunday muloqotlar asnosida bir necha yildan buyon tos suyagi yemirilishidan aziyat chekib kelayotgan chinozlik Abdurasul Eshmurodovga viloyat hokimligi bepul jarrohlik amaliyoti o‘tkazishi va sog‘ayishi uchun amaliy yordam ko‘rsatadigan bo‘ldi.

Chinozlik og‘ir ijtimoiy ahvoldagi Fotima Iskarayevaning murojaatidan so‘ng esa Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi uning tug‘ma yurak nuqsoni bilan tug‘ilgan ikki yashar qizi Shukronani davolatishni o‘z zimmasiga oldi. Shu yerda uch tomonmala shartnoma tuzilib, Shukronaning yurak jarrohlik amaliyoti uchun zarur bo‘lgan 33 million so‘m mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi.

Davlatimiz rahbarining alohida topshirig‘i asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhining Chinoz va O‘rtachirchiq tumanlaridagi ommaviy qabullarida 406 ta masala ko‘rib chiqildi, ularning 81 tasi joyida hal qilingan bo‘lsa, 85 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat va tushuntirish berildi, 240 ta murojaat bo‘yicha esa aniq muddat va mas’ullar belgilanib, nazoratga olindi.

Bu kabi muloqotlar Ohangaron shahrida ham tashkil qilindi. Tafsilotlar haqida kelgusi dasturlarimizda hikoya qilamiz.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar