Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Oxford Economics tomonidan e’lon qilingan «Global shaharlar indeksi 2026» (Global Cities Index 2026) hisobotini tahlil qildi. 2024 yilda joriy etilgan ushbu indeks doirasida dunyoning 1000 ta yirik shahri 5 ta yo‘nalish (iqtisodiyot, inson kapitali, hayot sifati, atrof-muhit va davlat boshqaruvi) bo‘yicha baholangan.
2024–2026 yillarda Toshkent xalqaro reytingda 125 pog‘onaga ko‘tarilib, 468-o‘rindan 343-o‘ringa chiqdi hamda «E’tiborga molik shaharlar» (Cities to Watch) ro‘yxatiga kiritildi.
Indeksda 163 ta mamlakatning 1000 ta yirik shahri baholangan.
Yevropa va Shimoliy Amerika shaharlari reytingning dastlabki 100 ta o‘rnidan 78 tasini egallagan. Bu rivojlangan shahar iqtisodiyotlarining yetakchi mavqei saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi.
Reytingning dastlabki uchta o‘rnini Nyu-York (AQSh), London (Buyuk Britaniya) va Parij (Fransiya) saqlab qoldi. So‘nggi o‘rinlarda esa Veynan (Xitoy), Sultonpur (Hindiston) va Sokoto (Nigeriya) shaharlari joylashgan.
Shu bilan birga, Osiyo shaharlarining ahamiyati ortib bormoqda. Hisobot mualliflari mehnat unumdorligining oshishi, aholi sonining ko‘payishi va texnologiyalarning rivojlanishi hisobiga Xitoy va Hindiston shaharlarining kelgusida ham o‘sishini prognoz qilmoqda.

2024–2026 yillarda Toshkent reytingda 125 pog‘onaga ko‘tarildi: 2024 yildagi 468-o‘rindan 2026 yilda 343-o‘ringa chiqdi.
2026 yilda Toshkent Osiyo-Tinch okeani mintaqasining «E’tiborga molik shaharlar» (Cities to Watch) ro‘yxatiga kiritildi. Ushbu ro‘yxatdan Bangalor (Hindiston), Xoshimin (Vetnam), Kuala-Lumpur (Malayziya) va Shenchjen (Xitoy) shaharlari ham o‘rin olgan.
Hisobot mualliflari Cities to Watch ro‘yxatiga kiritilgan shaharlarni «jahon iqtisodiyotining yuksalib kelayotgan yulduzlari», ya’ni investorlar e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan istiqbolli shaharlar sifatida baholaydi.
Toshkent YaIM o‘sish sur’atlari bo‘yicha Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropaning eng tez rivojlanayotgan shahar iqtisodiyotiga aylandi.
1-grafik. Markaziy Osiyo va Kavkaz shaharlarining reytingdagi o‘rinlari dinamikasi, 2024–2026 yillar

Toshkent va Olmaota o‘rtasidagi reyting tafovuti 130 pog‘onaga (208 tadan 78 taga), Ostona bilan esa 117 pog‘onaga (179 tadan 62 taga) qisqardi.
2024–2026 yillarda Markaziy Osiyoning boshqa yirik shaharlari orasida Ostona 289-o‘rindan 281-o‘ringa (+8 pog‘ona), Dushanbe esa 725-o‘rindan 672-o‘ringa (+53 pog‘ona) ko‘tarildi. Shu bilan birga, Olmaota 265-o‘ringa (−5 pog‘ona), Bishkek 461-o‘ringa (−23 pog‘ona), Chimkent esa 550-o‘ringa (−68 pog‘ona) tushdi.
2024–2026 yillarda Toshkentning «Iqtisodiyot» yo‘nalishidagi ko‘rsatkichlari sezilarli darajada yaxshilandi. Shahar ushbu yo‘nalishda 365 pog‘onaga ko‘tarilib, 2024 yildagi 553-o‘rindan 2026 yilda 188-o‘ringa chiqdi.
2026–2030 yillarda shahar iqtisodiyotining o‘rtacha yillik o‘sish sur’ati 7 foizdan yuqori bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Mualliflar shaharning kelgusidagi rivojlanish omillari sifatida IT Park faoliyati, xalqaro moliya markazining tashkil etilishi, Yangi Toshkent va yangi xalqaro aeroport qurilishini qayd etgan.
2-grafik. Toshkentning yo‘nalishlar bo‘yicha reytingdagi o‘rinlari, 2024–2026 yillar

«Inson kapitali» yo‘nalishida ham ijobiy dinamika kuzatildi. Toshkent 2024 yildagi 136-o‘rindan 2026 yilda 108-o‘ringa ko‘tarildi. 2026 yilda shahar inson kapitali bo‘yicha mintaqada 6-o‘rinni egalladi.
Hisobot mualliflari malakali ishchi kuchi salohiyatining ortib borayotganini poytaxtning raqobat ustunliklaridan biri sifatida baholaydi. Shu bilan birga, daromadlar darajasining nisbatan pastligi malakali kadrlarning yuqori daromadli mamlakatlarga ketishi xavfini oshirmoqda.
Shu bilan birga, jadal iqtisodiy o‘sish hozircha hayot sifati va atrof-muhit ko‘rsatkichlarining yaxshilanishi bilan birga kechmayapti.
2026 yilda Toshkent «Hayot sifati» yo‘nalishida 644-o‘rinni, «Atrof-muhit» yo‘nalishida esa 806-o‘rinni egalladi.
Mualliflar Toshkentning nisbatan zaif jihatlari sifatida uy-joy xarajatlarining yuqori ulushi, chiqindilar intensivligi va harorat anomaliyalarini qayd etgan. Suv resurslari tanqisligi esa uzoq muddatli cheklovchi omillardan biri sifatida baholangan.
Jahongir Adizov
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Izoh qoldirish