O‘zbekiston iqtisodiyotining barcha asosiy tarmoqlarida biznes muhiti yaxshilandi

O‘zbekiston iqtisodiyotining barcha asosiy tarmoqlarida biznes muhiti yaxshilandi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi respublika bo‘ylab tadbirkorlar o‘rtasida har oy o‘tkaziladigan so‘rovlar asosida O‘zbekistondagi biznes muhiti tahlili natijalarini taqdim etdi.

Olingan ma’lumotlar asosida biznesning joriy holatiga berilgan baholar va kelgusi uch oyga oid kutilmalarni aks ettiruvchi Biznes muhitining umumlashgan indikatori hisoblab chiqildi.

O‘zbekistonda umumlashgan biznes muhiti indeksining dinamikasi

Sentyabr oyida umumlashgan Biznes muhiti indeksi 64 bandni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7 bandga yuqori bo‘ldi.

Indeks qiymatining 50 banddan yuqori bo‘lishi tadbirkorlik muhitida optimistik baholar ustunlik qilayotganini ko‘rsatadi.

Baholash natijalariga ko‘ra, biznesning joriy holati indeksi o‘tgan yilga nisbatan 8 bandga o‘sib, 60 bandni tashkil etdi.

Biznes kutilmalari indeksi 5 bandga o‘sib, 67 bandga yetdi.

Tadbirkorlarning har o‘n nafaridan to‘rt nafari (43%) so‘nggi uch oyda biznes holati yaxshilanganini qayd etdi.

Respondentlarning qariyb yarmi (49%) biznesning joriy holatini «yaxshi» deb baholadi. Har to‘rtta korxonadan birida (25%) esa so‘nggi uch oyda xodimlar soni ko‘paygan.

Tadbirkorlarning qariyb uchdan ikki qismi (63%) kelgusi uch oyda mahsulotlariga talab oshishini kutmoqda.

Biznes muhiti indeksining tarmoqlar bo‘yicha dinamikasi

O‘tgan yilga nisbatan Biznes muhiti indeksi sanoat, qurilish va xizmat ko‘rsatish sohalarida o‘sdi, qishloq xo‘jaligida esa deyarli o‘zgarishsiz qoldi.

Sanoatda umumlashgan Biznes muhiti indeksi sezilarli darajada o‘sib (+16 band), 59 bandni tashkil etdi. O‘sish kelgusi uch oyda biznesning rivojlanish istiqbollariga oid kutilmalar indeksining 15 bandga oshib, 58 bandga yetgani, shuningdek, biznesning joriy holati indeksining 18 bandga o‘sib, 61 bandni tashkil etgani bilan izohlanadi.

O‘tgan yilga nisbatan sanoat sohasida kelgusi uch oyda biznes holati yaxshilanishini kutayotgan tadbirkorlar ulushi 71 foizga (+11 f.b.), mahsulotlarga talab oshishini kutayotganlar ulushi esa 61 foizga (+7 f.b.) yetdi.

Xizmat ko‘rsatish sohasida umumlashgan Biznes muhiti indeksi sezilarli darajada yaxshilanib (+7 band), 64 bandni tashkil etdi. O‘sish biznesning joriy holatiga berilgan baholar (+8 band) hamda kelgusi uch oyda rivojlanish istiqbollariga oid kutilmalar (+7 band) yaxshilanishi bilan izohlanadi.

Xizmat ko‘rsatish sohasidagi korxonalarning yarmidan ko‘pi (51%) biznesning joriy holatini «yaxshi» deb baholadi (+5 f.b.). Ushbu soha vakillarining 70 foizi kelgusi uch oyga nisbatan ijobiy kutilmalar bildirgan (+1 f.b.). Shuningdek, so‘nggi uch oyda biznes holati yaxshilanganini qayd etgan korxonalar ulushi 42 foizga yetib, 5 foiz bandga oshdi.

Qishloq xo‘jaligida umumlashgan Biznes muhiti indeksi o‘zgarishsiz qolib, 65 bandni tashkil etdi. Agrar sohada biznesning joriy holatiga berilgan baholar 3 bandga o‘sib, 59 bandga yetdi. Tadbirkorlarning kelgusi davrga oid kutilmalari esa 3 bandga pasayganiga qaramay, nisbatan yuqori darajada saqlanib, 72 bandni tashkil etdi.

So‘nggi uch oyda biznes holati yaxshilanganini tadbirkorlarning 43 foizi qayd etdi (2025 yilda 42%). Biznesning joriy holatini «yaxshi» deb baholaganlar ulushi 46 foizni tashkil etib, o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan (45%) biroz yuqori bo‘ldi.

Qurilish sohasida umumlashgan Biznes muhiti indeksi o‘tgan yilga nisbatan sezilarli darajada o‘sib (+7 band), 70 bandni tashkil etdi. Sohada kelgusi davrga oid kutilmalar indeksi 17 bandga o‘sib, 78 bandga yetdi. Biznesning joriy holatiga berilgan baholar esa 2 bandga pasayib, 62 bandni tashkil etdi.

So‘nggi uch oyda biznes holati yaxshilanganini qurilish korxonalarining 48 foizi qayd etdi (o‘tgan yilda 44%). Shu bilan birga, korxonalarning 54 foizi biznesning joriy holatini «yaxshi» deb baholadi (o‘tgan yilda 53%).

Kelgusi uch oyda o‘z mahsulotlariga talab oshishini kutayotgan qurilish korxonalari ulushi 73 foizga yetdi (o‘tgan yilda 60%).

Biznes yuritishdagi to‘siqlar kamaymoqda

Biznes yuritishda to‘siqlarga duch kelmayotgan tadbirkorlar ulushi 72 foizga yetib, 5 foiz bandga oshdi.

Eng yuqori ko‘rsatkich qurilish sohasida (78%) qayd etildi. Keyingi o‘rinlarda xizmat ko‘rsatish sohasi (74%), sanoat (66%) va qishloq xo‘jaligi (63%) joylashdi.

Biznes yuritishdagi asosiy to‘siqlar orasida soliqqa tortish bilan bog‘liq muammolar ulushi 23 foizga (+5 f.b.), bank tizimi bilan bog‘liq muammolar esa 15 foizga (+3 f.b.) yetdi. Boshqa moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelayotgan tadbirkorlar ulushi 11 foizga (+1 f.b.) oshdi. Talab yetarli emasligini qayd etgan respondentlar ulushi esa 4 foizga (-3 f.b.) kamaydi.

Soliq sohasidagi asosiy qiyinchiliklar soliq ma’muriyatchiligi (17%) va soliq stavkalari darajasi (6%) bilan bog‘liq.

Tarmoqlar kesimida qishloq xo‘jaligida soliq ma’muriyatchiligi (13%, +2 f.b.) va kredit olishdagi qiyinchiliklar (7%, -2 f.b.) ko‘proq qayd etildi.

Sanoatda boshqa moliyaviy qiyinchiliklar ulushi 16 foizni (+9 f.b.), soliq ma’muriyatchiligi bilan bog‘liq muammolar esa 13 foizni (+5 f.b.) tashkil etdi.

Qurilish sohasida soliq ma’muriyatchiligi bilan bog‘liq muammolar ulushi 17 foizga (+5 f.b.), boshqa moliyaviy qiyinchiliklar ulushi ham 17 foizga (+8 f.b.) yetdi.

Xizmat ko‘rsatish sohasida tadbirkorlarning 21 foizi (+5 f.b.) soliq ma’muriyatchiligi bilan bog‘liq muammolarni, 6 foizi (-2 f.b.) esa yer olishdagi qiyinchiliklarni qayd etdi.

Zohidjon G‘oipov

Tarmoqlar raqobatbardoshligi va investitsiya faolligini o‘rganish sektori

tel.: (78) 150 02 02 (441)

Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar sektori

tel.: (78) 150 02 02 (417)


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar