3 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Ma’lumki, karantin choralarini yumshatish natijasida 17 mingdan ziyod sanoat va 10 mingta qurilish sohasidagi korxonalar faoliyati tiklandi. Lekin ularning ko‘pida mablag‘ oqimlari karantingacha bo‘lgan davrdagiga nisbatan 3 baravar kamayib ketgan.
Markaziy bankka hisob-varag‘ida pul aylanmasi yetarli bo‘lmagan korxonalar muammolarini aniqlab, ularga ko‘maklashish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimida 300 ming aholini jamoat ishlariga jalb qilish, 265 ming nafarini ishga joylashtirish, jumladan, vazirlik jamg‘armasi hisobidan shaxsiy tomorqalarga 36 milliard so‘m subsidiya ajratish orqali 18 ming kambag‘al aholi bandligini ta’minlash imkoniyati borligi ko‘rsatib o‘tildi.
Pandemiya oqibatlarini yumshatish maqsadida “Har bir oila – tadbirkor” davlat dasturiga qo‘shimcha 1 trillion so‘m mablag‘ ajratildi. Umuman aytganda esa, joriy yilda oilaviy tadbirkorlik dasturlariga 4 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilmoqda.
Prezident topshirig‘iga ko‘ra, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kreditlar ajratish soddalashtirildi.
Ushbu mablag‘larni samaradorligi yuqori va kafolatlangan ish o‘rinlari yaratadigan kichik ishlab chiqarish loyihalariga yo‘naltirish muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, hunarmandchilik uchun bugungi kunga qadar 190 milliard so‘m ajratilgan. Ammo Navoiy, Qashqadaryo, Toshkent viloyatlarida bu mablag‘larning o‘zlashtirish sur’ati tanqid qilindi.
Izoh qoldirish