O‘quvchilar joriy yil yakunlari bo‘yicha kutilayotgan asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va ularning 2022 yil va keyingi ikki yil uchun prognozi bilan tanishishlari mumkin.
Bu yil O‘zbekiston iqtisodiyoti boshqa davlatlarda bo‘lgani kabi COVID-19 natijasida kelib chiqqan inqirozdan so‘ng asta-sekinlik bilan tiklanmoqda, bu esa makroiqtisodiy vaziyatning barqarorlashuvi va iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida iqtisodiy o‘sish sur’atlarining qayta tiklanishida kuzatilmoqda.
Nashrning asosiy qismi soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlarini, kelgusi yil uchun daromad, xarajatlar va davlat byudjeti taqchilligining prognozlarini taqdim etadi.
2021 yil yakuniga iqtisodiy faollikning bosqichma-bosqich tiklanishi sharoitida, YaIM o‘sishi 7% (2020 yilda 1,7%) miqdorida prognoz qilinmoqda. 2022 yilda iqtisodiy o‘sish prognozi 6%ni tashkil etadi va iqtisodiyotning o‘sish sur’atlari 2024 yilga kelib, 6,6%gacha o‘sishi kutilmoqda. 2022 yilda YaIM o‘sishining asosiy omillari bo‘lib, iqtisodiyot tarmoqlari o‘sish sur’atlarining inqirozgacha bo‘lgan davr qiymatlariga qadar bosqichma-bosqich tiklanishi, uy xo‘jaliklari yakuniy iste’molining o‘sishi, asosiy kapitalga investitsiyalar, eksport-import operatsiyalari hajmining o‘sishi hisoblanadi.
2022 yil uchun soliq-bojxona siyosatining asosiy yo‘nalishlari keltirilgan.
Jumladan, quyidagilar rejalashtirilmoqda:
- soliqlarning asosiy turlari bo‘yicha stavkalarni o‘zgarishsiz qoldirish;
- samarasiz soliq va bojxona imtiyozlarni bekor qilish ishlarini davom ettirish;
- yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasini 2%dan 1,5%ga pasaytirish;
- jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i stavkalarini 1,1 barobarga indeksatsiya qilish;
- suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq (qishloq xo‘jalik yerlarini sug‘orish va baliqlarni o‘stirish (yetishtirish) uchun foydalanilgan suv uchun stavkalardan tashqari) stavkalarini inflyasiya darajasida 1,1 barobarga indeksatsiya qilish;
- qishloq xo‘jalik yerlarini sug‘orish va baliqlarni o‘stirish (yetishtirish) uchun foydalanilgan suv hajmi bo‘yicha soliq stavkasiga 1,05 koeffitsiyentni qo‘llash;
- soliq maqsadidagi xarajatlar tarkibiga kiradigan amortizatsiya ajratmalari chegaraviy normalarining ortishi:
- binolar uchun - 3 dan 5%gacha;
- inshootlar uchun 5 dan 10%gacha;
- uzatish qurilmalari, kuch mashinalari va asbob-uskunalar uchun 8 dan 15%gacha;
- ish mashinalari va asbob-uskunalar uchun 15 dan 20%gacha;
- kompyuterlar va ma’lumotlarni qayta ishlash uskunalari uchun 20 dan 40%gacha oshirilmoqda.
- quyidagilar uchun yo‘naltirilgan mablag‘lar summasiga investitsiyaviy chegirma miqdorini oshirish:
- yangi texnologik uskunalarni sotib olish - 10 dan 20%gacha;
- ishlab chiqarishni yangi qurilish shaklida kengaytirish - 5 dan 10%gacha.
- foyda solig‘ini hisoblab chiqishda zararni kelgusiga o‘tkazishni kelgusi 10 yil mobaynida o‘tkazish tartibini kelgusiga o‘tkaziladigan zararning umumiy miqdoriga qo‘yilgan cheklovni bekor qilgan holda saqlab qolish.
2022 yilda Davlat byudjeti daromadlari barqarorligini ta’minlash maqsadida quyidagi stavkalar saqlab qolinadi:
Qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi | 15% |
Foyda solig‘i stavkasi | 15% |
Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkasi | 12% |
Aylanmadan olinadigan solig‘i stavkasi | 4% |
Dividendlar ko‘rinishidagi daromadlardan olinadigan foyda solig‘i stavkasi | 5% |
2022 yil uchun Davlat byudjeti xarajatlari 214,8 trln so‘mni yoki YaIMga nisbatan 25,6%ni (2021 yilda 190,8 trln so‘m yoki YaIMga nisbatan 26,4% hisobida bo‘lishi kutilmoqda) tashkil etishi rejalashtirilmoqda. Iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish maqsadida rivojlantirish tarmoq dasturlarini amalga oshirishga yo‘naltiriladigan mablag‘larni oshirish rejalashtirilmoqda.
Nashr 2022 yil uchun davlat qarzining hajmi va tuzilishi, unga xizmat ko‘rsatish xarajatlari va boshqa ma’lumotlarning prognozlari haqidagi ma’lumotlarni taqdim etadigan davlat qarzlari to‘g‘risidagi bo‘lim bilan yakunlanadi.
Fuqarolar uchun byudjet bilan Moliya vazirligining rasmiy sayti (www.mf.uz), shuningdek, "Ochiq byudjet" axborot portalida (www.openbudget.uz) tanishish mumkin.
Izoh qoldirish