O‘tgan ikki yilda 1 986 nafar mansabdor shaxslar korrupsiyaviy jinoyatlarni sodir etgan

O‘tgan ikki yilda 1 986 nafar mansabdor shaxslar korrupsiyaviy jinoyatlarni sodir etgan

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan birgalikda korrupsiya holatlari kuzatilayotgan sohalar uni keltirib chiqarayotgan omillar va ularni oladini olishga bag‘ishlangan idoralararo yig‘ilish tashkil etildi.

Yig‘ilishda Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev kun tartibidagi masala yuzasidan ma’ruza qildi.

Ma’ruzada ta’kidlanganidek, Prezidentimiz tashabbusi va qat’iy siyosiy irodasi bilan mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash olib borilmoqda.

Eng avvalo, huquqiy asoslarni yaratishga e’tibor berilib, so‘nggi to‘rt yilda 70 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilindi.

Davlat xizmati tizimi tubdan takomillashtirildi. Davlat xizmatchilarining ijtimoiy himoyasi kuchaytirilib, so‘nggi yillarda ish haqlari sezilarli oshirildi.

Vazirlik va idoralarda, mahalliy hokimliklarda “komplayens nazorat” tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda.

Qisqa muddatda ko‘rilgan chora-tadbirlar o‘zining dastlabki natijalarini ham ko‘rsata boshladi.

O‘zbekiston so‘nggi to‘rt yilda Jahon bankining “Biznes yuritish” indeksida 18 pog‘onaga, Meros jamg‘armasining “Iqtisodiy erkinlik” indeksida esa 52 pog‘onaga ko‘tarildi.

Shuningdek, Jahon bankining “Korrupsiyani tiyib turish”, “Transperens interneshnl” xalqaro nohukumat tashkilotining “Korrupsiyani qabul qilish”, Jahon odil sudlov loyihasining “Korrupsiyaning mavjud emasligi” indekslarida sezilarli yuqoriladi.

Shu bilan birga, ayrim sohalarda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishda tizimli muammo va kamchiliklar mavjudligi ko‘rsatildi.

Taassufki, respublikamizda o‘tgan ikki yilda 1 986 nafar mansabdor shaxslar korrupsiyaviy jinoyatlarni sodir etganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bunday jinoyatlar oqibatida yetkazilgan moddiy zarar miqdori 2 trln. so‘mdan oshgan.

Iqtisodiy sohadagi korrupsiyaviy holatlar asosan byudjet mablag‘laridan foydalanish jarayonida sodir etilayotanligi ta’kidlandi.

Vazirlik va idoralarda korrupsiyaga imkon berayotgan ayrim sabab va shart-sharoitlar o‘rganilganda, ayrim sohalarda ichki idoraviy nazorat hamda yuridik xizmatning o‘rni sezilmayotganligi, ba’zi rahbarlarning o‘zi bundan manfaatdor emasligi ham korrupsiyaga chek qo‘yishga imkon bermayotganligi ta’kidlandi.

Barcha sohalarda qonunlar ijrosini bevosita ta’minlashga mas’ul boshqaruv idoralari, ijro ustidan nazoratga mas’ul esa 50 dan ortiq nazorat - tekshiruv organlari mavjud. Biroq, nazorat organlarining qonuniylikka ta’siri sezilmayotganligi tanqid ostiga olindi.

Komissiya yig‘ilishi qizg‘in muhokamalar bilan kechdi. So‘zga chiqqan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov quyidagi masalalarga e’tibor qaratdi.

“Korrupsiyaga qarshi kurashishda ochiqlik va oshkoralik, ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilik bilan hamkorlikning o‘rni muhim. Mana bugungi yig‘ilish va unda sohalar, vazirliklar bo‘yicha oshkor etilayotgan korrupsion holatlarning o‘ziyoq korrupsiyaga qarshi kurashishdagi islohotlarning amaliy ifodasi bo‘lmoqda.

Albatta bu bilan to‘xtab qolmoqchi emasmiz. 9 dekabr — Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan mamlakatimizda antikorrupsiya-haftaligida bu kabi tadbirlar davom etadi. Unda davlat idoralarida ochiq eshiklar kuni, jamoatchilik va OAVlari uchun tanlovlar, xalqaro va tashkilot va ekspertlar bilan vebinar, konferensiyalar o‘tkazish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi quyidagi asosiy yo‘nalishlarga e’tibor qaratish lozim deb hisoblaydi.

Birinchidan, sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish. Bunda eng avvalo korrupsion jinoyatlarga jazo muqarrarligini ta’minlash lozim.

Ikkinchidan, axborot kommunikatsiya vositalari rivojlangan sari korrupsion jinoyatlarning zamonaviy, yangi turlari paydo bo‘lmoqda. Bu kabi holatlarga qarshi kurashishning samarali usullarini qo‘llash bo‘yicha ham ish olib bormoqdamiz.

Uchinchidan, korrupsion jinoyatlar eng ko‘p uchrayotgan qurilish, oliy ta’lim sohalarida amaliyotga joriy etilgan “Korrupsiyasiz soha” loyihasini hozirda eng ko‘p e’tirozlarga sabab bo‘layotgan davlat haridlari va sog‘liqni saqlash sohalariga ham qo‘llash choralarini ko‘rayapmiz”.

Yig‘ilish yakuni bo‘yicha tegishli sohalar, vazirlik va idoralarda korrupsiyaga barham berish bo‘yicha kompleks tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan qaror qabul qilindi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar