Korrupsiyaning oldini olish va aholi orasida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yaratishda inson omilini qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilib, quyidagi yo‘nalishlarda korrupsiyaga qarshi kurashish va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish borasida samarali tizim yo‘lga qo‘yib kelinmoqda.
Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati rahbari Durdona Ochilova ma’lum qildi:
Birinchidan, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ochiq e’lon qilib boriladigan ma’lumotlarning aniq ro‘yxati shakllantirildi.
Bunda, davlat organlari faoliyatining yetarli darajada ochiqligi va shaffofligini ta’minlash va jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga yetarlicha shart-sharoitlar yaratish maqsadida Agentlik tomonidan vazirlik va idoralarning ochiqlik sohasidagi majburiyatlarga to‘liq rioya etilishi hamda amaldagi qonun hujjatlarining ijro holati muntazam o‘rganilib, monitoring qilib borish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
"Ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlarni e’lon qilishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan 72 ta davlat organi va tashkilotlarga ogohlantirish xatlari yuborilib, ushbu kamchiliklarni bartaraf etish etish bo‘yicha ularga amaliy yordam ko‘rsatildi", deydi Durdona Ochilova.
Ikkinchidan, korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari xatlovdan o‘tkazilib, korrupsiyaviy omillar va huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf qilish choralari ko‘rib borilmoqda.
Xususan, qurilish, sog‘liqni saqlash, oliy ta’lim va davlat xaridlari sohalariga oid 226 ta amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilganida 75 ta normativ-huquqiy hujjatlarda jami 302 ta korrupsiyaviy omillar aniqlangan.
O‘z navbatida, tahlillar ularning 124 tasi qurilish, 41 tasi sog‘liqni saqlash, 91 tasi oliy ta’lim, 46 tasi davlat xaridlari sohalariga to‘g‘ri kelishligini ko‘rsatgan.
"Aniqlangan korrupsiyaviy omillarning tahlili, mazkur hujjatlarda “normativ huquqiy hujjatlar o‘rtasida ziddiyatlarning mavjudligi” (86 ta), “diskretsion vakolatlarning kengligi” (55 ta), “ma’muriy tartib-taomillarning mavjud emasligi yoki to‘liq emasligi” (27 ta) bilan bog‘liq korrupsiyaviy omillar eng ko‘p uchrayotganligini ko‘rsatdi", deya ta’kidladi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati rahbari.
Shunga ko‘ra, normativ-huquqiy hujjatlardagi korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish bo‘yicha qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmoqda.
Uchinchidan, davlat xaridlari sohasida qonunchilikda korrupsiyaning oldini olish va oshkoralikni ta’minlash bo‘yicha bir qator o‘zgartirishlar kiritildi:
- Xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisi va uning affillangan shaxsi bir savdoda ishtirok etishi, xarid komissiyasi a’zosining ishtirokchilar bilan affillanganlik holatida ovoz berishi cheklandi;
- Hisob palatasi davlat xaridlarini auditdan o‘tkazishi va natijalarini har yili Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritishi hamda ochiq axborot manbalarida e’lon qilib borishi belgilandi.
- Moliya vazirligi va boshqa ishtirokchilarga savdo natijalari, qonun buzilish holatlari va tahliliy ma’lumotlarni ochiq axborot manbalarida e’lon qilib borish vazifasi yuklatildi;
- Maxsus axborot portalida davlat xaridlarini rejalashtirish, xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish, shartnoma tuzish, davlat xaridlari monitoringini olib borish va nazorat qilish jarayonlari tizimlashtirildi;
Davlat xaridlari sohasidani qonunchilikni buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi.
Davlat xaridlari va xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar o‘rtasidagi shartnomaviy munosabatlarda kontragentlarni tekshirish amaliyotini mexanizmi bosqichma-bosqich joriy etib borilmoqda.
Bundan tashqari, kelgusida davlat xaridlari ijrochisini tanlashni to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshirishning aniq huquqiy asoslarini yaratish va normalarni faqat qonun hujjatida belgilash, davlat xaridlarida manfaatlar to‘qnashuvi va affillanganlik holatlari davlat xaridlari maxsus axborot portalida axborot texnologiyalarini joriy qilish orqali oldindan aniqlash yuzasidan texnologiyalarni joriy etishda ko‘zda tutilmoqda.
To‘rtinchidan, byudjet mablag‘laridan maqsadli foydalanilishi borasida tizimli monitoring tadbirlari amalga oshirib kelinmoqda.
2021 yilda Agentlik tomonidan “Korrupsiyasiz soha”, “Korrupsiyasiz hudud” loyihalari, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida hududlar va sohalar kesimida 50 dan ortiq o‘rganishlar o‘tkazildi.
Ushbu tadbirlar davomida aniqlangan korrupsiya holatlari yuzasidan to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim qilinishi orqali jami 49 ta jinoyat ishi va 24 ta ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlar qo‘zg‘atildi.
O‘rganishlar natijasida 500 mlrd. so‘mga yaqin miqdordagi mablag‘larning maqsadsiz foyddalanishining oldi olindi.
Beshinchidan, byudjet xarajatlarini tartibga solish bo‘yicha jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, byudjet qonunchiligining buzilishi faktlari to‘g‘risida xabardor qilish va byudjet jarayonini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritish tartib-taomilini tashkil etish maqsadida “Openbudget” – “Ochiq byudjet” portali faoliyat yuritmoqda.
Oltinchidan, yashirin iqtisodiyot hamda korrupsiyaga qarshi «komplayens-nazorat» tizimini joriy etish maqsadida barcha vazirlik va idoralar, shuningdek mahalliy hokimliklarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.
Xodimlarning korrupsiyaga qarshi kurashish dasturi doirasida malakasini oshirish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirish tizimini joriy qilish maqsadida «Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiya»sini tashkil etish hamda Davlat xizmatchilarini korrupsiyaga qarshi milliy sertifikatsiyalash tartibini tatbiq etish ustida ish olib borilmoqda.
Yettinchidan, korrupsiyaga qarshi kurashish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi keskin choralar ko‘rish maqsadida “Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning ochiq elektron reyestri to‘g‘risida”gi, “Oxirgi benefitsiar mulkdorlar yagona davlat reyestri to‘g‘risida”gi, «Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish to‘g‘risida»gi hamda «Manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish to‘g‘risida»gi qonun loyihalari ishlab chiqildi.
Mazkur hujjatlarning qabul qilinishi hamda amaliyotga tatbiq etilishi orqali manfaatlar to‘qnashuvi holatlari va jinoiy daromadlarni legallashtirishning oldi olinadi va eng asosiysi – jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz muhit yaratish ko‘lami kengayadi.
Izoh qoldirish