2021 yil 1 iyuldan kuchga kiradigan qonunchilikdagi o‘zgarishlar ro‘yxatini to‘liqligicha taqdim etamiz.
-
Pensiya va nafaqalar oshiriladi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoniga ko‘ra, 2021 yil 1 iyuldan:
- belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdorida va undan kam pensiya oluvchi shaxslarga pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 20 foizi miqdorida qo‘shimcha to‘lov joriy etiladi.
Bunda, ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi pensiyalarning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda 256 ming 675 so‘mdan 400 ming so‘mga oshiriladi.
- belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan 565 ming so‘mgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir va nogironlik bo‘yicha pensiyalari miqdori 565 ming so‘mga yetkaziladi;
- zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori 315 ming 030 so‘mdan 400 ming so‘mga yetkaziladi.
Boquvchisini yo‘qotganlik:
- pensiya oluvchilarning har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun qo‘shimcha to‘lov joriy etiladi;
- pensiya oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori 256 ming 675 so‘mdan 400 ming so‘mga oshiriladi va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya to‘lanadi;
- nafaqasi oluvchi oilalarning barcha a’zolarini qamrab olish maqsadida ularning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori 400 ming so‘m va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun 150 ming so‘mdan qo‘shiladi;
- bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa oyiga 513 ming 350 so‘mdan 565 ming so‘mga oshiriladi.
-
Olis va chekka hududlarda joylashgan bog‘chalarga subsidiyalar to‘lanadi
Prezidentning “Qamrov darajasi past bo‘lgan tumanlarda maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra, 2021 yil 1 iyuldan:
- bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi past bo‘lgan 53 ta tumanda 100 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish uchun 7 yil muddatga 2 yillik imtiyozli davr bilan 5 foizlik stavkada kreditlar ajratiladi.
Olis va chekka hududlarda joylashgan davlat-xususiy sheriklik asosidagi tegishli nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga:
- har bir tarbiyalanuvchi bola uchun davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining bir nafar tarbiyalanuvchisi uchun sarflanadigan xarajatlar summasining 75 foizi miqdorida subsidiya to‘lanadi;
- «Yoshlar daftari», «Temir daftar» yoki «Ayollar daftari»ga kiritilgan oilalarning har bir tarbiyalanuvchi farzandlari uchun davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining bir nafar tarbiyalanuvchisi uchun sarflanadigan xarajatlar summasining 25 foizi miqdorida subsidiya to‘lanadi;
- davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga foydalangan elektr energiyasi va tabiiy gaz xizmatlari narxining 50 foizi miqdorida oylik kompensatsiyalar to‘lanadi.
-
Davlat organlarida xizmat avtotransportlari davlat raqami belgilarining yangi tipi joriy etiladi
1 iyuldan boshlab davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransportlarini ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarining yangi tipi joriy etiladi.
-
Onkologik va gematologik bemorlarning viloyatlardan respublika ixtisoslashtirilgan markazlariga kelish xarajatlari qoplab beriladi
Prezidentning “Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra, 2021 yil 1 iyuldan:
- gematologiya, onkologiya, klinik immunologiya, transfuziologiya va shu sohadagi laboratoriya yo‘nalishlari bo‘yicha yosh mutaxassislarning xorijdagi yetakchi ilmiy va tibbiyot markazlari ish joylarida malaka oshirishi va stajirovka o‘tashi bilan bog‘liq xarajatlar to‘liq qoplab beriladi;
- bemorlarning onkologiya va gematologiyaga ixtisoslashtirilgan davlat tibbiyot muassasalari yo‘llanmalari asosida pozitron-emission tomografiya tekshiruvidan o‘tishi bilan bog‘liq xarajatlari Davlat byudjetidan qoplanadi;
- onkologik va gematologik bemorlarning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan respublika ixtisoslashtirilgan markazlariga temir yo‘l va aviatransport vositalari orqali kelishi bilan bog‘liq xarajatlar tegishli mahalliy byudjetlar mablag‘lari hisobidan to‘liq qoplab beriladi.
-
Mansabdor shaxslarning xizmat safarlari va xorijdan kelgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari Ochiq ma’lumotlar portaliga joylashtirilib beriladi
Quyidagilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Ochiq ma’lumotlar portaliga (data.gov.uz), davlat organlari va tashkilotlari veb-saytlariga joylashtirilib, har chorakda yangilab boriladi:
- amalga oshirilgan davlat xaridlari;
- mansabdor shaxslarning xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari;
- Prezident, Vazirlar Mahkamasi hujjatlari bilan soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar;
- o‘zlarining yillik xarajatlar smetasi va uning ijrosi.
-
Nodavlat ta’lim tashkilotlari davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi
«Nodavlat ta’lim tashkilotlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va ta’lim jarayonida yoshlar uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qaroriga ko‘ra, 2021 yil 1 iyuldan 2024 yil 1 yanvarga qadar vazirlik va idoralar tizimidagi kollej va texnikumlarning bino va inshootlarida (Toshkent va Samarqand shaharlaridan tashqari) faoliyatini amalga oshiradigan nodavlat ta’lim tashkilotlari:
- ijara to‘lovidan ozod etiladi (saqlash va kommunal to‘lovlar bo‘yicha xarajatlar bundan mustasno);
- ta’lim jarayoni natijasida olingan, o‘zlari ishlab chiqargan mahsulotlarni ( shva xizmatlarni) ta’lim tashkilotlari uchun nazarda tutilgan imtiyozlar (QQS va foyda solig‘i bo‘yicha) tatbiq etilgan holda realizatsiya qilish huquqiga ega.
Shuningdek, darsdan bo‘sh vaqtlarda, shu jumladan yozgi ta’til vaqtida quyidagi davlat mulki ob’yektlari nodavlat ta’lim tashkilotlariga ijaraga beriladi:
- maktabdan tashqari ta’lim kurslarini, shuningdek, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash kurslarini tashkil etish uchun davlat umumiy o‘rta va OTM bo‘sh maydonlari;
- aholining kompyuter savodxonligi bo‘yicha kurslar tashkil etish uchun qishloq joylarda joylashgan davlat umumiy o‘rta va professional ta’lim muassasalaridagi kompyuter sinflari.
-
Mahalliy davlat hokimiyati organlari hujjatlari «E-qaror» elektron tizimi orqali qabul qilinadi
2021 yil 1 iyuldan:
- barcha mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari va farmoyishlari «E-qaror» elektron tizimi orqali amalga oshiriladi;
- ushbu elektron tizimni chetlab o‘tgan holda qaror va farmoyishlarni qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaydi;
- qarorlarning tartibga solish ta’sirini baholash elektron tizim orqali amalga oshiriladi.
-
Parrandachilarga subsidiya va soliq imtiyozlari beriladi
2021 yil 1 iyuldan boshlab 2024 yil 1 iyulga qadar asosiy faoliyat turi parrandachilik bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlari uchun ularning asosiy faoliyat turi bo‘yicha foyda solig‘i (tijorat banklarida joylashtirilgan mablag‘lardan olingan foizlardan tashqari), mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 50 foiz miqdorida qo‘llaniladi.
-
24 ta tuman (shahar) qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashtiriladi
“Hududlarning sanoat salohiyatini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi prezident farmoniga ko‘ra, 2021 yil 1 iyuldan tegishli materiallarni ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirayotgan tadbirkorlarga Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan quyidagilar taqdim etiladi:
- investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida, shu jumladan aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun beriladigan bank kreditlari summasining 50 foizigacha, biroq 15 milliard so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda kafolatlar;
Qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonalariga berilgan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun quyidagicha kompensatsiyalar ajratiladi:
- milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha — Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshadigan, biroq 10 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda;
- chet el valyutasidagi kreditlar bo‘yicha — tijorat banklari tomonidan belgilangan stavkaning 50 foizi, biroq 4 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda;
- sinov laboratoriyasi uskunalarini sotib olish va xalqaro sifat menejmenti standartlarini joriy etish xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiyalar.
Farmonga ko‘ra, shuningdek:
24 ta tuman (shahar) qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilib, ularda «kichik sanoat zonalari» tashkil etiladi.
-
Bepul tibbiy yordam olish huquqini beruvchi order berish tizimi joriy etiladi
2021 yil 1 iyuldan nodavlat tibbiyot tashkilotlariga quyidagi faoliyat turlari bilan shug‘ullanishga ruxsat beriladi:
- maxsus avtotransportda tashkil etiladigan «mobil tibbiyot» xizmati yordamida joyiga chiqqan holda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish;
- nodavlat tibbiyot tashkilotining o‘rta tibbiyot xodimlaridan iborat “tibbiy punkt"larini tashkil etish.
2021 yil 1 noyabrgacha bepul tibbiy yordam olish huquqini beruvchi order berish tizimi joriy etiladi.
Shuningdek, 2021 yil 1 iyuldan Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi unga Vrachlar va farmatsevtlarga litsenziya berish va attestatsiyadan o‘tkazish Respublika markazini qo‘shib olish yo‘li bilan qayta tashkil etiladi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimiga o‘tkaziladi.
-
Ifloslantiruvchi moddalarni atrof muhitga chiqarib tashlash, oqizish uchun kompensatsiya to‘lovlari miqdori ko‘paytiriladi
2021 yil 15 iyuldan:
- ifloslantiruvchi moddalarni atrof muhitga chiqarib tashlash, oqizish va chiqindilarni joylashtirish massasi tasdiqlangan ekologik normativlardan 1 baravardan 5 baravargacha yoki undan ortiq (kam) bo‘lganda kompensatsiya to‘lovchi sub’yektlar mos ravishda 1 baravardan 20 baravargacha ko‘paytirilgan (kamaytirilgan) miqdorda kompensatsiya to‘lovlarini to‘laydilar;
- ekologik normativlarda tasdiqlanmagan yoki ularning amal qilish muddati tugagan bo‘lsa, atrof muhitga yuqori (I toifa) va o‘rtacha (II toifa) darajada xavfli ta’sir ko‘rsatadigan kompensatsiya to‘lovchi sub’yektlar ifloslantiruvchi moddalarni chiqarib tashlash, oqizish, chiqindilarni joylashtirishning amaldagi massasiga nisbatan 20 baravar, shuningdek, past (III toifa) va mahalliy (IV toifa) darajada ta’sir ko‘rsatuvchi kompensatsiya to‘lovchi sub’yektlar 10 baravar ko‘paytirilgan miqdorda kompensatsiya to‘lovlarini to‘laydilar;
- ifloslantiruvchi moddalarni birvarakayiga tashlaganlik va oqizganlik uchun kompensatsiya to‘lovlari har bir modda bo‘yicha belgilangan bazaviy stavkalarga nisbatan 10 baravar ko‘paytirilgan miqdorda to‘lanadi.
-
Bojxona nazoratini olib borishda yangi tartiblar joriy etiladi
2021 yil 1 iyuldan bojxona nazoratini olib borishning quyidagi tartibi belgilanadi:
- «Masofaviy elektron deklaratsiyalash bojxona postlari» sinov tariqasida tashkil etiladi;
- bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarini masofaviy boshqarish, inson aralashuvi keskin qisqartiriladi;
- chegaralarda veterinariya va fitosanitariya organlari tomonidan tekshirish, to‘lovlar undirish jarayoni onlayn amalga oshiriladi.
-
JShShIR shaxsni tasdiqlovchi yagona identifikator deb hisoblanishi belgilandi
2021 yil 1 iyuldan soliq organlarida soliq to‘lovchilarning hisobini yuritish jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JShShIR)dan foydalangan holda amalga oshiriladi.
JShShIR barcha davlat, bank, ijtimoiy va boshqa xizmatlarni ko‘rsatishda fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi yagona identifikator deb hisoblanishi belgilandi. Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan jismoniy shaxslarni identifikatsiya qiladigan alohida raqamlarni yuritishga yo‘l qo‘yilmaydi.
-
Mahkumlarni saqlash holati ustidan nazorat olib borish jarayonlari to‘liq avtomatlashtiriladi
2021 yil 1 iyuldan shaxslarni profilaktik hisobga olishning elektron tizimi joriy etiladi.
«Xavfsiz ta’lim muassasasi» tamoyili asosida tuman, shahar ichki ishlar organlari tarkibida 2 000 ta shtat birliklaridan iborat voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixolog lavozimlari joriy etiladi hamda ular bevosita umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida xizmat o‘taydi.
Shuningdek, 2021 yil 1 iyuldan:
Har bir ko‘p kvartirali uy-joy uchun majburiy badallarning yoki to‘lovlarning alohida hisobi yuritilishi shart.
Ish staji 5 yil bo‘lmagan oliy ma’lumotli tibbiyot xodimlarini nodavlat tibbiyot tashkilotlariga ishga qabul qilish bilan bog‘liq talablar davlat tibbiyot muassasalariga tenglashtiriladi.
Davlat organlarida ta’lim tashkilotlari o‘qituvchilarini shartnoma asosida jalb qilib, haftada kamida bir marotaba xodimlarni xorijiy tilga o‘qitish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Davlat pensiyalarini tayinlashda fuqarolardan mehnat staji, ish haqi, OTMdagi o‘qish hamda harbiy xizmat davri to‘g‘risidagi hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi. Davlat pensiyalarini tayinlash YaMMT IDAKga kiritilgan elektron ma’lumotlar asosida amalga oshiriladi.
Jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga ajratiladigan tuman (shahar)lar byudjetlari qo‘shimcha mablag‘larining eng kam miqdori 10 foizdan 30 foizga oshiriladi.
Yangi quriladigan savdo maydoni 15 ming kvadrat metrdan ortiq savdo-ko‘ngilochar komplekslarida jami o‘rindiqlar soni 300 tadan va kinozallari soni 4 ta kam bo‘lmagan kinoteatr tashkil etish majburiy hisoblanadi.
O‘rta tibbiyot mutaxassislariga «hamshiralik ishi» bilan mustaqil shug‘ullanishga ruxsat beriladi.
Qo‘riqlash bosh boshqarmasi xodimlariga har oyda ularning lavozim maoshiga 20 foiz miqdorda oylik ustama belgilanadi.
Izoh qoldirish