Ko‘rgazmaning asosiy maqsadi — mahalliy ishlab chiqaruvchilarning imkoniyatlarini namoyish qilish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni rag‘batlantirish va ichki bozorni sifatli, raqobatbardosh tovarlar bilan ta’minlash orqali importni optimallashtirishdan iborat.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida jahonning barcha mamlakatlari, ayniqsa qo‘shni davlatlar hamda xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro manfaatli va konstruktiv tashqi siyosat yuritilishi mamlakatning tashqi savdo aylanmasini so‘nggi besh yilda deyarli ikki barobarga oshirish imkonini yaratdi.
Tahlillarga ko‘ra, tashqi savdoda importning ulushi hanuz yuqoriligicha saqlanib qolmoqda. Xususan, Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 6 oyi davomida import hajmi 20 mlrd AQSh dollaridan ortiqni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 10 % ga yoki 1,9 mlrd AQSh dollariga oshgan.
Importning asosiy ulushini mashina va uskunalar, xo‘jalik mollari, kimyo sanoati, oziq-ovqat mahsulotlari va yoqilg‘i-moylash materiallari tashkil etmoqda.
Yuqoridagilarni hisobga olib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 8 avgustdagi tegishli topshirig‘iga asosan mas’ul vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda mazkur ko‘rgazmani yuqori saviyada o‘tkazish uchun qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda.
Ko‘rgazmaning yana bir muhim qismi – 7-8 oktyabr kunlari o‘tkaziladigan panel sessiyalar bo‘lib, unda asosiy importyorlar, mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar va davlat idoralari vakillari bilan birga ilmiy tadqiqot institutlari, oliy ta’lim muassasalari olimlari va xalqaro ekspertlar ham ishtirok etishi ko‘zda tutilgan. Bu esa tadbirning amaliy va ilmiy yondashuvga asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqilishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Panel sessiyaning birinchi kuni importni optimallashtirishning umumiy tamoyillari va strategik yondashuvlar, import siyosatida ustuvorliklar va tartibga solish mexanizmlari, tarif va notarif choralarni takomillashtirish, raqamli bojxona va logistika tizimlari orqali samaradorlik, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va importni bosqichma-bosqich kamaytirish xalqaro tajribalar hamda O‘zbekiston uchun amaliy tavsiyalar muhokama etiladi.
Ikkinchi kuni esa, sanoatning 24 ta sohasi bo‘yicha maxsus panel sessiyasi tashkil etilib, unda tarmoqlar kesimida importni optimallashtirish, oziq-ovqat, farmatsevtika, kosmetika, mashinasozlik, metall sanoati, qurilish materiallari, to‘qimachilik, mebel, charm va kimyo sanoati mahsulotlarini mahalliylashtirish va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishdagi mavjud muammolar, ularni yechimiga qaratilgan ilmiy takliflar ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.
Shu kuni sohalar bo‘yicha aniq muammolar, cheklovlar va yechimlar muhokama qilinadi. Har bir blok alohida kichik-panel yoki seksiyalarga bo‘linib, amaliy tavsiyalar ishlab chiqadi.
Ushbu panel sessiya doirasida:
import hajmini qisqartirish va mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi;
davlat organlari va biznes vakillari o‘rtasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi;
investitsiyalarni jalb qilish, qo‘shma loyihalar ishlab chiqish va xalqaro tajribani joriy etish masalalari muhokama qilinadi.
Ko‘rgazma yakunlari bo‘yicha eng ko‘p import qilinadigan mahsulotlar ro‘yxati va ularni mahalliy ishlab chiqarish imkoniyatlari targ‘ib qilinadi.
Ushbu tadbir nafaqat mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi imkoniyatlar maydoni, balki ilmiy-tadqiqot va amaliy hamkorlik platformasi sifatida ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Ko‘rgazma doirasida tashkil etiladigan panel sessiyalar mahalliy hamda xalqaro mutaxassislar o‘rtasida samarali fikr va tajriba almashish imkonini yaratib, mamlakatimizda iqtisodiy jarayonlarning yanada barqaror va samarali rivojlanishiga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini kengaytirish va ichki bozorni raqobatbardosh mahsulotlar bilan ta’minlashga turtki bo‘lishi shubhasiz.
Izoh qoldirish