O‘rmon xo‘jaligi sohasida ilm-fan rivojlantiriladi
“O‘rmon xo‘jaligi sohasida ilm-fanni rivojlantirish va ilmiy-tadqiqot ishlarini rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga muvofiq, 2021 yil 1 fevraldan quyidagilar tashkil etiladi:
- O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasida Ilmiy tashkilotlar faoliyati va innovatsiyalarni joriy etishni muvofiqlashtirish boshqarmasi;
- O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti huzurida davlat muassasasi shaklidagi Pistachilik ilmiy-tajriba stansiyasi hamda O‘rmon iqtisodiyoti bo‘limi.
Shuningdek, qo‘mita tizimidagi O‘rmon va dorivor o‘simliklar urug‘chiligini tahlil qilish markazi tugatilib, O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot institutiga beriladi.
“O‘rmonloyiha” DUK negizida davlat muassasasi shaklidagi “O‘rmonloyiha” loyihalash instituti tashkil etiladi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining hududiy bo‘linmalarida hududiy eksport shtablari tashkil etiladi
“2021 yilda O‘zbekiston Respublikasining eksport salohiyatini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qaroriga muvofiq, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan eksportchi tashkilotlarga eksportoldi moliyalashtirish ajratilishini ta’minlaydi.
Byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, stipendiyalar va jarimalar oshiriladi
Prezident qaroriga ko‘ra, byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi hamda stipendiyalar miqdori 1,1 barobarga oshiriladi.
Shuningdek, 2021 yil 1 fevraldan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida:
- mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori — oyiga 747 ming 300 so‘m;
- bazaviy hisoblash miqdori (BHM) — 245 ming so‘m etib belgilandi.
BHM miqdori 245 ming so‘m etib belgilanishi ortidan BHMga bog‘langan ma’muriy va boshqa jarimalar miqdorlari ham oshadi.
Sudyalar faoliyati elektron reyting orqali ochiq va shaffof baholanadi
Prezident farmoniga muvofiq, sud tizimida korrupsiya holatlarining oldini olish, Sudyalar oliy kengashi va sud tizimi faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash borasida:
- ilk bor sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash bo‘yicha imtihon jarayonlarini Internet tarmog‘i (veb-sayt) orqali onlayn tarzda yoritib borishni yo‘lga qo‘yish;
- sudyalik lavozimiga nomzodlar va sudyalarning psixologik portreti bo‘yicha kasbga munosibligini baholashga ko‘maklashuvchi elektron dasturni ishlab chiqish va joriy qilish;
- sudya faoliyatining samaradorligini elektron reyting orqali ochiq va shaffof baholashni ta’minlaydigan aniq mezonlarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish ishlari amalga oshiriladi.
Shuningdek, 1 fevraldan O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali ipak chiqindilari va xom ipakning olib chiqilishini monitoring qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom kuchga kiradi.
Bojxona chegarasi orqali ipak chiqindilari va xom ipakning olib chiqilishi monitoring qilinadi
“O‘zbekiston Respublikasi Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qarori bilan bojxona chegarasi orqali ipak chiqindilari va xom ipakning olib chiqilishini monitoring qilish tartibi belgilandi.
Unga ko‘ra, 2021 yil 1 fevraldan boshlab eksport qiluvchi tashkilotlar tomonidan taqdim qilingan eksport kontraktlari “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tomonidan 2 ish kunida Prezident va Hukumat qarorlarida belgilangan hajmlarga muvofiqligi bo‘yicha monitoringdan o‘tkaziladi.
Tug‘ilganlikni qayd etish bilan bog‘liq kompleks davlat xizmatlari ko‘rsatiladi
“Tug‘ilganlikni qayd etish bilan bog‘liq kompleks davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Hukumat qaroriga muvofiq, tug‘ilganlikni qayd etish bilan bog‘liq kompleks davlat xizmatlari Toshkent va Nukus shaharlarida, 2021 yil 1 fevraldan barcha viloyatlar markazlarida, 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab esa — butun respublika hududida ko‘rsatiladi.
Ma’lumot uchun, tug‘ilganlikni qayd etish bilan bog‘liq kompleks davlat xizmatlari:
- bolaning ota-onasi yoki vasiysi (homiysi), tutingan ota-onasi, ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar yoki ularning yaqin qarindoshlariga yoxud ota-onasidan biri vakolat bergan boshqa shaxslarga tug‘ilganlik haqidagi tibbiy ma’lumotnoma berish;
- tug‘ilganlikni qayd etish;
- poliklinikaga hisobga qo‘yish;
- bir martalik nafaqa pulini olish;
- bolani otasi yoki onasi yohud vasiysi (homiysi), tutingan ota-onasi doimiy ro‘yxatda turgan manzili bo‘yicha ro‘yxatga qo‘yish;
- bolani davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga navbatga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatiladigan davlat xizmatlarini qamrab oladi.
Eski namunadagi aksiz markalari bilan markalangan alkogol va tamaki mahsulotlari markalanmagan hisoblanadi
“Alkogol va tamaki mahsulotlariga yangi namunadagi aksiz markalarini joriy etish to‘g‘risida” Hukumat qarori bilan eski namunadagi aksiz markalari bilan markalangan ulgurji va chakana savdo tarmog‘idagi alkogol va tamaki mahsulotlari 2021 yil 1 fevraldan markalanmagan deb hisoblanadi va belgilangan tartibda olib qo‘yiladi.
Bir qator neft mahsulotlariga soliq stavkalari oshiriladi
O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 30 dekabrdagi O‘RQ-659-sonli Qonuniga asosan quyidagi bir qator neft mahsulotlariga soliq stavkalari oshiriladi:
- Ai-80 tonnasiga ;
- Ai-90 va undan yuqori;
- aviakerosin (sintetikdan tashqari);
- dizel yoqilg‘isi (sintetikdan tashqari);
- EKO dizel yoqilg‘isi (sintetikdan tashqari);
- dizel yoki karbyurator (injektor) dvigatellari uchun motor moyi.
Bundan tashqari, qonun bilan tamaki va alkogol mahsulotlarining ham soliq stavkalari oshiriladi.
Izoh qoldirish