O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi hamkorlik natijalari

O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi hamkorlik natijalari

Janubiy Koreya O‘zbekiston tashqi savdosida yuqori ulushga ega bo‘lgan 5 davlatdan biridir. Ushbu maqola davlatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni o‘rnatilish tarixi, rivojlanish tendensiyalari, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy – gumanitar yo‘nalishlarda hamkorlik masalalari keng yoritilgan.

Ayniqsa, so‘nggi to‘rt yil davomida amalga oshirilgan Oliy darajadagi uchrashuvlar yakunlari, yangi yo‘nalishlardagi hamkorlik natijalari hamda xalqaro tashkilotlar doirasidagi aloqalarga alohida urg‘u beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan so‘ng jahon hamjamiyatining teng huquqli a’zosiga aylandi. Tashqi siyosiy yo‘nalishda mustaqil O‘zbekiston tez sur’atlarda rivojlanayotgan dunyoning barcha davlatlari bilan, shu bilan birga Koreya Respublikasi bilan ham yaqindan hamkorlik qilishga urg‘u bermoqda.

Koreya Respublikasi O‘zbekistonning mustaqilligini birinchilardan bo‘lib, ya’ni 1991 yilning oxirlarida tan olgan, diplomatik aloqalar 1992 yil 29 yanvarda o‘rnatilgan. O‘tgan 29 yillik davr mobaynida har ikki tomon davlat rahbarlari o‘rtasida oliy darajadagi 17 ta uchrashuv o‘tkazilgan. Ushbu uchrashuvlarning har birida tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish yuzasidan muhim ahamiyatga ega bo‘lgan kelishuvlarga erishganlar.

O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘zaro munosabatlarni yanada mustahkamlash maqsadida 2006 yilda mamlakatlarimiz o‘rtasida Strategik sheriklik to‘g‘risidagi Qo‘shma deklaratsiya imzolandi.

2014 yilda esa Strategik sheriklikni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya imzolandi. Ushbu hujjat respublikalar o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy hamda madaniy-gumanitar sohalarda munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish imkonini yaratdi.

Ikki mamlakatning siyosiy munosabatlari haqida so‘z ketganda, avvalo, davlat rahbarlari o‘rtasidagi samimiy do‘stlikni ta’kidlash kerak. Bu do‘stlik Janubiy Koreya Prezidenti Li Myon Bak Seul meri bo‘lgan yillari boshlangan. 2008 yilda Li Myon Bak prezident saylovida g‘alaba qozonib, davlat rahbari lavozimini egallagach, inauguratsiya marosimiga oliy faxriy mehmon sifatida O‘zbekiston rahbarini taklif etdi. 2009 yilning may oyida O‘zbekiston va Janubiy Koreya rahbarlari Toshkentda uchrashdilar. Davlat rahabarlarining har bir uchrashuvi ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlab bordi.

So‘nggi to‘rt yil davomida esa O‘zbekiston-Janubiy Koreya munosabatlari ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi boy va sermazmun siyosiy muloqotga asoslangan holda sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.

2017 va 2019 yillarda amalga oshirilgan o‘zaro davlat tashriflari natijasida imzolangan hukumatlararo bitimlar va tijorat shartnomalarining umumiy miqdori 22 milliard dollarni tashkil etdi. 2019 yilda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar “alohida strategik sheriklik” darajasiga ko‘tarildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning taklifiga binoan 2020 yil 30 oktyabr kuni Seul shahrida videoanjuman shaklida bo‘lib o‘tgan Shimoliy iqtisodiy hamkorlik ikkinchi xalqaro forumida o‘z nutqi bilan ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari nutqida jahondagi mushkul vaziyat va global inqiroz sharoitida aynan shunday ko‘p tomonlama muloqot yangi xatar va tahdidlarga samarali qarshi turish uchun imkoniyat yaratib, mamlakatlarimiz barqarorligi, farovonligi va izchil taraqqiyotini ta’minlashga xizmat qilishini alohida ta’kidladi.

Shu munosabat bilan Shavkat Mirziyoyev xalqaro siyosatning eng muhim jihatlari va mintaqaviy hamkorlik istiqbollariga to‘xtalib o‘tdi.

Muhim yo‘nalishlarda, shu jumladan, Koreya kompaniyalari bilan birgalikda tashkil etilayotgan farmatsevtika klasteri negizida samarali vaksina va zardoblar, kasalliklarni tez va aniq tashxislash tizimlarini ishlab chiqish bo‘yicha birgalikdagi ishlarni davom ettirish taklifi bildirildi.

Bundan tashqari, zamonaviy laboratoriyalar yaratish va chegaralardagi sanitariya nazorati punktlarini modernizatsiya qilish, yuqori malakali vrachlarni tayyorlash, tibbiy chiqindilarni utilizatsiya qilish korxonalarini tashkil etish, mintaqada epidemiologik vaziyatni monitoring qilish va barvaqt prognozlashtirishning integratsiyalashgan tizimini joriy etish muhimligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari Koreya Respublikasini mamlakatimizga raqamli va “yashil” texnologiyalarni keltirishda asosiy hamkorlardan biri deb bilishini alohida ta’kidladi.

2021 yil 28 yanvar kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In bilan videoanjuman shaklida uchrashuv o‘tkazdi.

Davlat rahbarlari ikki tomonlama munosabatlar borasida alohida strategik sheriklikni yanada mustahkamlash va hamkorlikni har tomonlama kengaytirishni ta’kidladilar.

Oliy, kasb-hunar va maktabgacha ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniy meros ob’yektlarini raqamlashtirish va restavratsiya qilish sohalaridagi hamkorlikning joriy va istiqbolli dasturlari ko‘rib chiqildi.

Joriy yilda janubiy koreyalik hamkorlar ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida jami 400 million dollargacha investitsiyalarni o‘zlashtirilishi ma’lum qilindi.

Bundan tashqari, ikki davlat hamkorligining yangi yo‘nalishi sifatida yuqori texnologik sohalar, shu jumladan energetika, neft-gaz, kimyo va neft-kimyo, farmatsevtika, qayta ishlash sanoati, qishloq xo‘jaligi, infratuzilmani modernizatsiya qilish, transport va logistika, turizm va ko‘plab boshqa tarmoqlarda jami qiymati 3,4 milliard AQSh dollardan ziyod bo‘lgan 55 ta yangi loyiha amalga oshiriladi.

Bugungi kunga qadar ikki davlat Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 14 raund siyosiy maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tdi (oxirgisi 2020 yil 5 noyabrda videoanjuman shaklida o‘tkazilgan). 2018 yil 17 – 18 aprel kunlari Koreya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Kan Gyon Xva O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan keldi. 2007 yil noyabr oyidan buyon “Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo” yillik hamkorlik forumi faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. 2020 yil noyabr oyida Tashqi ishlar vaziri A. Kamilov Forumning 13-yig‘ilishida ishtirok etdi.

Xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi bugungi kunga qadar Koreya Respublikasining barcha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlab kelgann. Xususan, BMT ning irqiy kamsitishni bartaraf etish bo‘yicha Qo‘mitasiga (2018 – 2021 yillar), EKOSOS (2016 y.), inson huquqlari Kengashiga (2013 – 2015 y. va 2016 – 2018 y.), xalqaro huquq Komissiyasiga (2017 – 2021 y.), BMTning xalqaro savdo huquqi bo‘yicha komissiyasiga (2013-2019 y. va 2019-2025 y.), xalqaro telekommunikatsiya Ittifoqi Kengashiga (2010 – 2014 y., 2014 – 2018 y. va 2018 – 2022 y.), xalqaro telekommunikatsiya Ittifoqi Kengashi telekommunikatsiya standartlashtirish byurosi direktorligiga (2014 y.), Jahon meteorologiya tashkiloti Ijroiya Kengashi a’zoligiga (2011 y., 2015 y., 2019 y.) ilgari surgan nomzodlarini qo‘llab quvvatladi.

O‘z navbatida rasmiy Seul ham BMT Bosh assambleyasi doirasida O‘zbekistonning tashabbusi bilan 2018 yilda qabul qilingan ikkita, ya’ni “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” hamda “Ta’lim va diniy bag‘rikenglik” rezolyusiyani qo‘llab-quvvatladi va unga hammualliflik qildi Shuningdek, Janubiy Koreya 2021 – 2023-yillar davomida O‘zbekistonning BMT inson huquqlari Kengashiga nomzodini qo‘llab-quvvatladi.

Hamkorlikning shartnomaviy – huquqiy asoslariga to‘xtaladigan bo‘lsak, respublikalar o‘rtasida 181 ta hujjat imzolangan bo‘lib, ulardan 4 tasi davlatlararo, 53 tasi hukumatlararo, 75 tasi idoralararo va 49 tasi boshqa hujjatlar (xalqaro shartnoma maqomiga yega bo‘lmagan xalqaro hujjatlar).

Koreya Respublikasi O‘bekistonning Osiyo-tinch okeani mintaqasi davlatlari savdo hamkorlari orasida yetakchi o‘rinlarni egallaydi. Xususan, 1992 yilda imzolangan savdo bitimiga muvofiq mamlakatlar o‘rtasida eng qulay afzalliklar rejimi o‘rnatilgan. Ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlar yildan yilga o‘sib borishi tomonlar o‘rtasidagi munosabatlar mustahkam “poydevor”ga egaligi bilan ajralib turadi.

2015 – 2020 yillarda ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi

mln. AQSh doll.

2015 y.

2016 y.

2017 y.

2018 y.

2019 y.

2020 y.

Savdo aylanmasi

1 739,6

1 070,4

1 387,6

2 159,1

2 755,3

2 142,3

Eksport

176,4

201,8

143,3

108,6

93,5

45,5

Import

1 563,2

868,7

1 244,3

2 050,5

2 661,8

2 096,8

Saldo

-1 386,8

-666,9

-1 101

-1 941,9

-2 568,3

-2 051,3

O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra 2020 yil yakuni bo‘yicha ikki davlat o‘rtasidagi tashqi savdo aylanmasi 2 142,3 million AQSh dollarni tashkil qildi. Shundan eksport – 45,5 million AQSh dollarni, import esa – 1 872,7 million AQSh dollarni tashkil qildi.

O‘zbekistonning Janubiy Koreyaga eksport qiladigan asosiy mahsulotlari transport, qurilish, turizm xizmatlari (33,5%), yog‘och va yog‘och mahsulotlari (20,6%), to‘qimachilik mahsulotlari (13,4%), kimyoviy mahsulotlar (10,3%), elektr uskunalar va uning qismlari (6,2%), oziq-ovqat mahsulotlari (4,3%), qurilish materiallari (4,1%), yog‘li urug‘lar, mevalar (2,6%) va boshqalar.

Koreyadan keltiriladigan import mahsulotlarining asosiy qismini transport vositalari va ularning ehtiyot qismlari (41,1%), turli xil mexanik va elektr uskunalar (23,1%), plastmassa va ulardan tayyorlangan mahsulotlar (5,5%), qurilish materiallari (5,3%), qora metall va undan tayyorlangan mahsulotlar (4,1%), optik uskunalar va apparatlar (3,2%), kimyoviy mahsulotlar (2,4%), kauchuk va rezina mahsulotlari (2,3%) va boshqalar.

Tomonlar investitsion hamkorlik bo‘yicha ham ulkan yutuqlarga erishib kelmoqda. Xususan, 1992-2020 yillar mobaynida Koreyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb qilingan to‘g‘ridan – to‘g‘ri investitsiyalari hajmi 7 milliard AQSh dollardan ortiq. Koreya investitsiyasi ishtirokidagi korxonalar soni esa 875 tani tashkil qilib, ulardan 539 tasi – 100% Koreya kapitali ishtirokida shakllantirilgan. Ushbu korxonalarning faoliyati asosan savdo, yengil sanoat, tog‘-kon, kimyo, oziq – ovqat sanoatlariga, mashinasozlik va metalga ishlov berish, uy-joy-kommunal xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, turizm va xizmatlar sohalariga ixtisoslashgan.

O‘zbekistonga investitsiya kiritgan eng yirik kompaniyalar “Koreya milliy neft korporatsiyasi” (KNOC), “Koreya gaz korporatsiyasi” (KoGas), “Daewoo International”, “Korean Air”, “Shindong Enercom”, “Haintex” va “LG” hisoblanadi.

Shu jumladan, “Koreya gaz korporatsiyasi” (KoGas) “O‘zbekneftgaz” AJ bilan hamkorlikda O‘zbekiston shimoli-g‘arbidagi Ustyurt yassi tog‘ligida qiymati 4 milliard AQSh dollar bo‘lgan gaz-kimyo majmuasini 2016 yilda qurib bitirdi. “Koreya milliy neft korporatsiyasi” esa Farg‘ona vodiysida yangi neft konlarini qidirib topish loyihalarini amalga oshirish ustida ish olib bormoqda.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan 74 ta Koreya kompaniyalarining vakolatxonalari akkreditatsiyadan o‘tgan.

Moliya-texnikaviy ko‘mak sohasida Koreya Eksimbanki iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik Fondi (EDCF) tizimidagi hamkorlik doirasida:

- 2014 – 2017 y. – 179,5 million AQSh dollarli 4 ta loyiha;

- 2018 – 2020 y. – 659,4 million AQSh dollarli 7 ta loyiha;

- 2021 – 2022 y. – 1,37 milliard AQSh dollarli 12 ta loyiha amalga oshiriladi.

Undan tashqari, Xalqaro Hamkorlik bo‘yicha Koreya Agentligi (KOICA) yo‘nalishidagi texnik hamkorlik O‘zbekistonga beg‘araz asbob-uskunalar taqdim etish, mutaxassislar va xodimlarni Koreya Respublikasida o‘qitish, koreys ekspertlari va ko‘ngillilarni O‘zbekistonga yuborish yo‘nalishlarida amalga oshirmoqda. Xususan, 1995 – 2020 yillar mobaynida KOICA yo‘nalishida O‘zbekiston Respublikasiga ko‘rsatilgan beg‘araz yordamning umumiy hajmi 130 million AQSh dollarni tashkil qilib, mablag‘lar sog‘liqni saqlash, ta’lim, axborot texnologiyalar, kommunal xo‘jalik, qishloq va suv xo‘jaligi, energetika sohalaridagi loyihalarni amalga oshirishga maqsadida yo‘naltirilgan.

Shuningdek, bugungi kunga qadar KOICAning texnik hamkorligi doirasida O‘zbekiston vazirliklari va idoralarining 2 000 dan ortiq vakillari Koreya Respublikasida tahsil oldi hamda 70 dan ortiq koreyalik ekspertlar hamda 500 dan ortiq ko‘ngillilari O‘bekistonda o‘z missiyasini amalga oshirdi.

2007 yildan buyon davlatlarimiz o‘rtasida mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlik doirasida Bandlikka ruxsat berish tizimi bo‘yicha 31,5 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosi Janubiy Koreyaga yuborildi. Hozirgi kunda Janubiy Koreyada 17 mingga yaqin o‘zbekistonliklar mehnat qilmoqda. Har yili Koreya Hukumati tomonidan O‘zbekiston uchun 3 – 3,2 ming kishi atorofida kvota ajratiladi.

2018 yil sentyabr oyida Koreyaning Kvanju shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakolatxonasi tashkil etildi.

Madaniy-gumanitar hamkorlik yo‘nalishida ham bir qator yutuqlarga erishilmoqda. Xususan, ta’lim sohasida Toshkentda 1992 yildan boshlab Koreya ta’lim markazi faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. O‘zbekistonning 7 ta oliy ta’lim muassasida va 48 ta maktab va litseylarida koreys tili o‘rgatiladi.

Mahalliy oliygohlar Koreyaning 45 dan ortiq universitet, ilmiy-tadqiqot va ishlab chiqarish tashkilotlari bilan hamkorlik qilib kelmoqda.

O‘zbekistonda Koreyaning Inxa, Puchon, Yoju universitetlari, fililallari hamda Farg‘onada Koreya xalqaro universiteti faoliyat yuritib kelmoqda. 2021 yil 1 fevralda esa Aju universitetining filiali ochildi.

Toshkentda Koreya metodologiyasi bo‘yicha tashkil etilgan 324-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat yuritadi.

Sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlik doirasida hozirga qadar respublikamizning 400 dan ortiq tibbiyot mutaxassislari Koreyaning yetakchi klinika va markazlarida malakasini oshirdi. 2019 yil aprel oyida sog‘liqni saqlash sohasida O‘zbekiston-Koreya hamkorlik markazi tashkil etildi.

2020 yil may oyida EDCF fondi ko‘magida Toshkentda qiymati 130 million AQSh dollarli “Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi” qurilishi yakunlandi. Bugungi kunda Koreya tomoni bilan qiymati 150 million AQSh dollarli “Kattalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi” hamda 150 million AQSh dollarli “Onkologik klinika” qurilishi bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Ikki davlat o‘rtasida madaniyat sohasida aloqalar ham izchillik bilan davom etmoqda. 2014 yilda Toshkentdagi “Do‘stlik bog‘i”hududining bir qismida Seul bog‘i tashkil etildi. 2018 yil oktyabr oyida Seulda “O‘zbekiston madaniyati haftaligi” tashkil etildi.

2019 yil mart oyida “Koreya – Markaziy Osiyo” hamkorlik forumi kotibiyati tomonidan tashkil yetilgan “Seulda Navro‘z” xalqaro festivalida" “Navro‘z” va “Lazgi” ijodiy guruhlari ishtirok etdi. 2019 yil aprel oyida Toshkentda Koreya madaniyati va san’ati uyi faoliyatini boshladi. Toshkent ko‘chalaridan biri “Seul”deb nomlandi.

Turizm sohasida 2018 yil 10 fevraldan buyon O‘zbekistonda Koreya Respublikasi fuqarolari uchun 30 kunga qadar vizasiz rejimi joriy etildi. 2019 yilda Janubiy koreyalik mashhur aktrisa Li Yong-aye O‘zbekistonning Koreyadagi sayyohlik elchisi etib tayinlandi.

2020 yil davomida O‘zbekistonga 6 489 ta Koreya fuqarosi tashrif buyurdi (2019 yilda – 35 524 ta, 2018 yilda – 27 269 ta).

Bugung kunda, hamkorlikning yangi yo‘nalishi sifatida O‘zbekiston Rsepublikasi va Janubiy Koreya o‘rtasidagi tashqi savdo aylanmasining nomutanosibligini tenglashtirish hamda eksport-import operatsiyalari nomenklaturasini diversifikatsiya qilish maqsadida ikki davlat o‘rtasida Erkin savdo to‘g‘risida bitim imzolanishi bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

O‘zbekiston bilan Erkin savdo to‘g‘risida bitim imzolanishi to‘g‘risida Koreya Respublikasi Prezidenti 2020 yil 31 dekabrda Koreya xalqiga yo‘llagan yangi yil tabrigida ham alohida to‘xtalib o‘tdi[9].

Ma’lumot uchun: Erkin savdo to‘g‘risida bitim – xalqaro integratsiyaning bir turi bo‘lib, xalqaro shartnomaga muvofiq ishtirokchi davlatlar o‘rtasida o‘zaro savdoda bojxona to‘lovlari, soliqlar, yig‘imlar, shuningdek miqdoriy cheklovlar bekor qilinadi.

Joriy yil 24 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari B Abidov hamda Koreya Respublikasi Savdo, sanoat va energetika vazirligining Erkin savdo bitimlari bo‘yicha Bosh direktori Yang Gi Uk videokonferensiya shaklida Erkin savdo to‘g‘risida Bitim loyihasi yuzasidan navbatdagi sessiyalararo muzokaralar o‘tkazdi.

Tomonlar Bitim loyihasini ko‘rib chiqdilar hamda ayrim tovarlarga qo‘llanaladigan tarif cheklovlarini soddalashtirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Shu bilan birga, Janubiy Koreya O‘zbekiston Respublikasini Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishida ko‘maklashib kelmoqda. Jumladan, O‘zbekistonni Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha tashkil etilgan ishchi guruhga Koreya Respublikasining Jahon savdo tashkilotidagi doimiy vakili janob Li Te Xon raislik qiladi. 2020 yil avgust oyida JST kotibiyat bilan Ishchi guruh yig‘ilishining 5 raundi o‘tkazildi.

Umuman olganda, diplomatik aloqalar o‘rnatilganidan buyon Koreya Respublikasi barcha yo‘nalishlarda, xususan amalga oshirilayotgan iqtisodiy-ijtimoiy o‘zgarishlarda, xalqaro masalalalarda O‘zbekistonning sinalgan, ishonchli strategik hamkoriga aylandi. O‘z navbatida O‘zbekiston bilan siyosiy, iqtisodiy jabhalarda keng aloqalarni yo‘lga qo‘yish Koreya tomoni manfaatlariga ham to‘la mos keladi. Bundan kelib chiqqan holda tomonlar yaqin va uzoq istiqbolda ikki tomonlama aloqalarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashga harakat qiladilar.

Xurshidbek Samiyev

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar