"Dunyo" AA xabar berishicha, Avstriyaning «Raiffeisen Bank International AG» (RBI) banki direktorlar kengashi a’zosi Lukash Yanushevskiy Toshkentda RBI vakolatxonasini ochish rejalarini e’lon qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bank ofisining rasmiy ochilishi 2022 yilning boshiga rejalashtirilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, «Raiffeisen Bank International AG» - Avstriyaning yetakchi korporativ va sarmoyaviy banki bo‘lib, u Markaziy va Sharqiy Yevropada ham faoliyat yuritadi. Bankning jami aktivlari 2020 yil sentyabr holatiga ko‘ra 163,7 milliard yevroni tashkil qiladi.
Hozirgi vaqtda RBI 14 mamlakatda, shu jumladan Rossiya, Chexiya, Slovakiya, Vengriyada o‘z sho‘’balariga ega va savdo va eksportni moliyalashtirish, lizing, sarmoya, xedjerlash, naqd pul mablag‘larini boshqarish va moliyaviy tavakkalchiliklarni boshqarish kabi bank xizmatlarini ko‘rsatadi.
Bankning 2019 yildagi sof foydasi 1,23 milliard yevroni tashkil etgan. Bank 47 ming kishilik xodimlari bilan bank 16,7 milliondan ortiq mijozlarga xizmat ko‘rsatadi.
RBI 2021 yil aprel oyida London fond birjasida «O‘zsanoatqurilishbank» va "UzAuto Motors" xalqaro obligatsiyalarining debyut emissiyasini joylashtirish uchun tashkilotchi va bukranner vazifasini bajargan.
Bundan tashqari, bank respublikamiz bank tizimini isloh qilish va xususiylashtirish doirasida Evropaning yirik moliya institutlari orasida potensial investorlarni topishga yordam beradi.
Izoh qoldirish