AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo urushi fonida Vetnamda ko‘mirdan elektr energiyasi ishlab chiqarish rekord darajaga yetdi (Reuters)
AQShning Xitoy tovarlariga joriy etgan bojlari sababli ayrim ishlab chiqarish quvvatlari Xitoydan Vetnamga ko‘chirildi. Bu Vetnam sanoatining o‘sishiga va elektr energiyasiga talabning oshishiga olib keldi. 2026 yilning yanvar-sentyabr oylarida Vetnamda ko‘mirdan elektr energiyasi ishlab chiqarish 15 foizga o‘sib, rekord darajadagi 132,9 mlrd kVt·soatga yetdi.
2018 yildan buyon Vetnamning AQShga o‘rtacha oylik eksporti 400 foizdan ziyod o‘sib, 22 mlrd dollarga yetdi. Bu ko‘rsatkich Xitoyning AQShga eksportiga (22,9 mlrd dollar) deyarli tenglashdi. Vetnamda elektr energiyasiga talab 2019 yildan buyon qariyb 50 foizga oshdi. 2026 yilda elektr energiyasi ishlab chiqarishda ko‘mirning ulushi 52 foizga yetdi. Natijada mamlakatning ko‘mir energetikasiga bog‘liqligi ortib bormoqda.
Osiyoda energetika xavfsizligini ta’minlash uchun yiliga 1 trln dollar investitsiya talab etiladi (Mckinsey)
McKinsey baholashiga ko‘ra, Osiyoda energetika xavfsizligini ta’minlash uchun kelgusi 15 yil davomida har yili 1 trln dollargacha investitsiya talab etiladi. 2040 yilga borib, jahonda energiyaga talab o‘sishining qariyb 70 foizi Osiyo hissasiga to‘g‘ri keladi. Osiyoda 2040 yilga borib energiya iste’moli 370 mln terajoulga yetishi kutilmoqda. Bu avvalgi prognozdan 15 foizga yuqori.
Ko‘mir mintaqaning energiya ta’minotida katta ulushni saqlab qolishi kutilmoqda. Chunki Xitoyda ko‘mir iste’molining kamayishi Hindiston va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlaridagi o‘sish hisobiga qoplanadi. Shu bilan birga, 2040 yilgacha quyosh va shamol energetikasiga har yili 300 mlrd dollar investitsiya yo‘naltirilishi kutilmoqda. Biologik yoqilg‘i ishlab chiqarishni rivojlantirish esa yoqilg‘i importini 90–100 mlrd dollarga qisqartirish imkonini beradi.
Bolgariya Yevropada energiya saqlash tizimlari bo‘yicha yetakchiga aylandi (Reuters)
So‘nggi bir yilda Bolgariyada akkumulyatorli energiya saqlash tizimlari quvvati 2 baravarga oshib, 3 GVtdan 6 GVtga yetdi. Soha rivojiga Yevropa Ittifoqining 700 mln yevro miqdoridagi grantlari va xususiy investitsiyalar hissa qo‘shdi. Natijada elektr energiyasi eksporti 62 foizga o‘sib, 3,5 mlrd kVt·soatga yetdi.
Energiya saqlash tizimlari quyoshdan olingan ortiqcha elektr energiyasini to‘plash va talab yuqori paytlarda qo‘shni mamlakatlarga eksport qilish imkonini berdi. Bolgariyada elektr energiyasining soliqlarsiz o‘rtacha chakana narxi 1 kVt·soat uchun 0,1117 yevroni, Gretsiyada esa 0,1967 yevroni tashkil etdi.
Biroq elektr tarmoqlarining o‘tkazish quvvati cheklangani va kunduzgi hamda kechki elektr energiyasi narxlari o‘rtasidagi farq qisqarayotgani sohaning keyingi rivojlanishini cheklamoqda. Bu omillar loyihalarning daromadliligini pasaytirmoqda.
Izoh qoldirish