Qaror bilan O‘zbekiston hududida yo‘l harakati qoidalarini buzgan xorijiy avtotransport vositalari haydovchilari yoki boshqa shaxslardan tegishli jarimalarni ushbu transport vositalarini respublika hududidan olib chiqib ketilayotganda bojxona organlari tomonidan undirish mexanizmi joriy etildi va undirish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.
Mazkur qoida xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari ularga tenglashtirilgan tashkilotlarning , xorijiy rasmiy delegatsiyalar avtotransport vositalariga tatbiq etilmaydi.
Nizomga ko‘ra, tegishli jarimalar bojxona organlari tomonidan ichki ishlar organlari onlayn rejimda taqdim etgan ma’lumotlar asosida undiriladi.
Jarima summasi chegara bojxona postidagi bank kassalari yoki elektron to‘lov tizimlari yoxud o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish terminallari orqali to‘lanadi.
Jarima summasi to‘lanmagan taqdirda avtotransport vositasi dalolatnoma asosida 60 kunga qadar vaqtincha saqlovga olinadi.
Jarima summasi 60 kun ichida to‘lanmasa, qarzdorlik summasi majburiy ijro va sud organlari bilan hamkorlikda transport vositasi hisobidan undirish choralari ko‘riladi.
Izoh qoldirish