Qorako‘l tumaninning Do‘rmon qishlog‘ida suv tanqisligi muammosi juda jiddiy tus olgan. Agar bu muammo o‘z vaqtida bartaraf qilinmasa, hududda tuproq degradatsiyasi, oziq-ovqat xavfsizligi, immigratsiya, suv ta’minoti bilan bog‘iq ziddiyatlar va boshqa iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik muammolarning yanada ko‘payib ketishiga olib kelishi mumkin, deydi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi eksperti Hasan Boboyev.
O‘zbekistonda sug‘orish tarmoqlarida suv yetkazib berish va ta’minlashdagi yo‘qotishlar 40 foiz deb baholanmoqda, chunki sug‘orish tarmoqlarining 70 foizi antiinfiltratsion va beton qoplamaga ega emas (Xo‘jayev, 2019). Bu muammo mamlakatda mavjud irrigatsiya tizimlarini qayta ta’mirlash va modernizatsiya qilish, bu sohada ilmiy izlanishlarni yanada kuchaytirish, xalqaro ekspertlarni jalb qilish hamda ular yordamida innovatsion texnologiyalarni joriy etish va ularni amalda qo‘llash zaruratini tug‘dirmoqda.
Tahlillarga nazar soladigan bo‘lsak, 1960-2014 yillardagi chuchuk suv iste’molini baholash ko‘rsatkichlariga ko‘ra, jami chuchuk suv sarfining 70% qishloq xo‘jaligi va chorvachilik sektorlari hissasiga to‘g‘ri kelgan. Shundan qishloq xo‘jaligi yerlarining 20% sug‘oriladigan yerlar bo‘lib, bu yerlarda jami oziq-ovqat mahsuloti hajmining 40% ishlab chiqarilgan. [Nicoleta, 2020].
Butun jahon suv instituti hisob-kitoblarga ko‘ra, 2025 yilga kelib dunyoda taxminan 3,5 mlrd. aholi suv tanqisligi muammosiga duch kelishi mumkin.Xususan, rivojlanayotgan davlatlarda tabiiy resurslarni boshqarishning mukammal strategiyasi va siyosatining amalda ishlamasligi hisobiga bu ko‘rsatkich 1,2-1,8 mln. kishiga yetadi. 2080 yilga borib esa ekinlarni sug‘orish samaradorligini oshishiga qaramasdan, global iqlim, ob-havo, yog‘ingarchilik va o‘simliklar vegetatsiya davrining o‘zgarib ketishi sababli chuchuk suvga bo‘lgan talab 25%ga ortishi prognoz qilinmoqda [Gorgios, 2020].
Suv oqimining pasayishi O‘zbekistonga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
Hozirgi kunda butun dunyoda 17 ta davlat “o‘ta yuqori” darajada suv tanqisligiga uchragan mamlakatlarhisoblanadi. O‘zbekiston mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha 164 ta davlat orasida 25 – o‘rinda turadi (beshlik shkalada 2-darajada), ya’ni “yuqori” darajada suv tanqisligiga uchragan davlatlar qatoriga kiradi. [Hofste, 2019; Nicoleta, 2020].
Sho‘rlanish sababli har yili 10 mln. gektar yerlar tashlandiq yerga aylanib bormoqda. 2050 yilga kelib, butun dunyodagi qishloq xo‘jaligi yerlarining 50%dan ko‘prog‘i tuproq sifati va degradatsiya (tanazzulga uchrashi) bilan bog‘liq muammolarga duch kelishi taxmin qilinmoqda[Gorgios, 2020]. Ayniqsa, yerlarning degradatsiyasi Markaziy Osiyoda (asosan, O‘zbekistonda) qishloq xo‘jaligi sohasining rivojlanishiga va oziq-ovqat xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan asosiy muammo bo‘lib, bu asosan suv tanqisligi bilan bog‘liq.
O‘zbekiston aholisining 2030 yilga kelib, qariyb 40 mln. kishiga yetishi mavjud suv resurslarining 7-8 km. kubga qisqarishini keltirib chiqaradi. Bunday sharoitda suv tanqisligi darajasi 13-14%dan 44-46%gacha oshishi mumkin, bu esa qishloq xo‘jaligi va sanoatning rivojlanishiga salbiy ta’sir qiladi (Alimdjanov, 2020).
Suv tanqisligi, o‘rmonlarning kesilishi va keskin qisqarib ketishi, tabiiy ekotizimning buzilishi hamda oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq muammolar – yaqin kelajakda o‘z yechimini kutayotgan jiddiy masalalardan biriga aylanadi.Jahon banki 2050 yilga kelib suv oqimining pasayishi Sirdaryo havzasida 2-5%ni, Amudaryo havzasida 10-15%ni tashkil qilishi mumkinligini prognoz qilmoqda. Buning natijasida suv tanqisligi yanada kuchayadi[Economic Review, 2019; Алимджанов, 2020].
Cho‘l zonalarida suv tanqisligini oldini olish uchun amalga oshiriladigan choralar
Mamlakatimizda ekologik holati yomon bo‘lgan cho‘l zonalarida tabiiy resurslardan to‘g‘ri foydalanish va unga tahdid solayotgan suv tanqisligi va oziq-ovqat xavfsizligi kabi muammolarni o‘z vaqtida bartaraf qilish hozirgi davrning eng dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi. Qorako‘l davlat o‘rmon xo‘jaligi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda Qizilqum cho‘li hududida zamonaviy issiqxonalarni ko‘paytirish, tajriba maydonlarida daraxtlar va ekinlarning yangi navlarini ekish va bozor o‘rinlarini yaratish kabi bir qator xalqaro loyihalar amalga oshirib kelmoqda. Shunday loyihalardan biri “Tabiiy resurslar va ekotizim xizmatlarini baholash” loyihasidir. Ushbu xalqaro loyiha Markaziy Osiyo davlatlarining cho‘llar bo‘yicha tashabbusi (CADI) doirasida Birlashgan millatlar tashkilotining (BMT) Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) moliyaviy ko‘magi ostida Qurg‘oqchil mintaqalarda qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari markazi (IKARDA) tomonidan amalga oshirildi. Loyihaning asosiy maqsadi – suv resurslarini va tabiiy resurslar hamda ekotizim xizmatlarini baholash bilan bog‘liq muammolarni hal qilishga qaratilgan. Mazkur ilmiy tadqiqot Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanidagi Do‘rmon qishlog‘i tajriba uchastkasida olib borildi va uning asosiy maqsadlaridan biri aynan tomorqa yer egalarining suv ta’minoti xizmatlari uchun haq to‘lash imkoniyatlarini baholash hisoblanadi.
Tajriba maydoni - Qorako‘l tumanidagi Do‘rmon qishlog‘i
Do‘rmon qishlog‘i dehqonchilik tomorqa yer egalarining asosiy daromad manbasi hisoblanadi. Qishloqning umumiy yer maydoni 517 gektar bo‘lib, jami yer maydonining atiga 10 foizi (52 gektar) sug‘oriladigan yerlar hisoblanadi va qolgan yerlar cho‘l zonasi yerlari bo‘lib, asosan yaylov sifatida foydalaniladi. Uy xo‘jaliklari tomonidan foydalanib kelinayotgan jami yer maydonlari o‘rtacha 0,15 gektarni tashkil etadi. Tomorqa yerlari asosan o‘z iste’mollarini qondirish uchun dehqonchilik va chorvachilik maqsadida foydalaniladi. Bu hududda asosan sabzavot (kartoshka, pomidor, sabzi, piyoz va tarvuz), donli ekinlar (bug‘doy, arpa, loviya va mosh), mevali daraxtalr (o‘rik, olma, uzum va jiyda) va chorva mollari uchun yem-xashak maqsadida beda yetishtiriladi.
Bu hududda o‘rtacha yog‘ingarchilik miqdori juda past (108 mm) va asosiy qismi (30 mm) bahor oylariga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun ham bu hududda sug‘orish suviga talab juda yuqori. Qizilqum cho‘lining o‘ziga xosligi, hududning geografik joylashuvi sababli iqlim tez o‘zgarib turadi. Natijada doimiy shamol harakati, qumning atrofga tez-tez tarqalishi, yog‘ingarchilik miqdori va havoning namligi juda pastligi, relefi va mintaqaning quruqligi kabi o‘ziga xos xususiyatlari tabiiy resurslarning degradatsiyasiga olib keladi. Yoz oyiga kelib havoning nisbiy namligi va yog‘ingarchilik miqdori keskin pasayib ketadi (deyarli bo‘lmaydi). Havoning yillik o‘rtacha harorati 14,8°C (maksimal - 47,1°C va minimal - 22°C) ni tashkil qiladi. Tajriba uchun tanlangan hududning yozi nihoyatda issiq va qishi esa o‘ta sovuq. Shuning uchun ham ushbu mintaqada quruq va issiq havo bilan doimiy shamol harakati mavjud bo‘lib, kuchli shamollar (mahalliy tilda garmsel) tez-tez bo‘lib turadi. Qish va bahorda shamolning o‘rtacha tezligi sekundiga 3,2-3,3 metrga yetadi.
Mineralizatsiyalashgan yer osti suvlari juda sayoz qatlamda joylashganligi tufayli bu hudud tuproqlari har xil darajada sho‘rlangan va shu sababli, sho‘r yuvish uchun ko‘p miqdorda suv talab etiladi. Yer usti suvlarining yetishmasligi va undan foydalanish samaradorligi pastligi tufayli vegetatsiya davrida suv tanqisligi va tuproq sho‘rlanish darajasining oshib ketishiga olib kelmoqda. Natijada, hosildorlik darajasining keskin pasayishiga va mahallalararo suv ta’minoti bilan bog‘liq turli ziddiyatlarni kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda.
Kanal suvi sifati yetarli darajada emasligi sababli, ichimlik suvi bilan bog‘liq muammolar mavjud. Mahalliy aholi qo‘shni tumanlardan ichimlik suvi sotib oladi. Ushbu suv faqat uy sharoitida foydalanish maqsadida suv saqlash uchun qurilgan maxsus quduqlarda ehtiyojdan kelib chiqib har ikki oyda to‘ldirilib saqlanadi. Uy xo‘jalliklarida suv tanqisligi va suv ta’minoti yaxshi boshqarilmaganligi ayrim tomorqa yer egalari tomonidan ekin quyi ekilishiga to‘sqinlik qilmoqda. Iqlim o‘zgarishi va aholining oziq-ovqatga bo‘lgan talabining ortishi tufayli suv tanqisligi muammosi yildan-yilga kuchayib bormoqda va mahallalarda nomutanosibliklarni keltirib chiqarmoqda. Oxirgi 10 yillikda suv tanqisligi sababli sabzavot va poliz ekinlari mevali daraxtlar va yem-xashak ekinlari bilan almashtirildi va ko‘pgina unumdor yerlarda suv tanqisligi tufayli ekin ekilmayapti. Fermer xo‘jaliklarida ham paxta maydonlari qisqartirilib, uning o‘rniga bo‘g‘doy va kam suv talab qiladigan, yer unumdorligini oshiradigan ekinlar bilan almashtirish siyosati ilgari surilmoqda.
Fermerlar o‘z yerlariga asosan paxta va bug‘doy ekadilar. Paxta va bug‘doy - bu barcha xarajatlarni fermerlar uchun hukumat tomonidan qisman subsidiya qilinib kelinayotgan strategik ekinlar bo‘lib, davlat va fermer o‘rtasida uzoq muddatli shartnoma imzolanadi. Sug‘orish suvidan foydalanishda ustuvor ahamiyatga ega bo‘lgan fermer xo‘jaliklari, sug‘orish mavsumida mavjud suv manbalaridan foydalanishda tomorqa yer egalari bilan murosa qilishga to‘g‘ri keladi. Uy xo‘jaliklari o‘zlarining tomorqa ekinlarini sug‘orish uchun umumiy kanal suvidan fermerlar bilan kelishib foydalanishdan boshqa choralari yo‘q. Mukammal tashkil etilmagan, hozirgi suvdan foydalanish tizimida, sug‘orish mavsumida fermerlar va tomorqa yer egalari o‘rtasida ko‘plab ziddiyatlar va kelishmovchiliklar yuzaga kelmoqda. Tomorqa yer egalari sug‘orish mavsumida oylab suv kelishini kutishlari, qurg‘oqchilik yillarida suv tanqisligi tufayli ekinlari nobud bo‘lganligi va anchagina iqtisodiy zarar ko‘rganliklari haqida aytishmoqda.
Chorvachilik yo‘nalishi mahalliy aholining aksariyat qismi shug‘ullanib kelayotgan, dehqonchilikdan keyingi o‘rinda turadigan asosiy daromad manbai hisoblanadi. Lekin mavjud resurslarinig cheklanganligi hisobiga qoramollarning soni uy xo‘jaliklarida 15 boshgacha yetadi. Chorvachilikni rivojlantirish va qoramollar sonini ko‘paytirish, ayniqsa, qishda ozuqa zaxirasining yetishmasligi sababli, kutilgandek samara bermaydi.
Mahalliy aholi chorvachilik bilan bir qatorda parrandachilik, asalarichilik va quyonchilik bilan shug‘ullanib kelmoqda. Shuningdek, mahalliy bozorlarni sut va go‘sht mahsulotlari bilan ham ta’minlashmoqda.
Tarixdan bizga ma’lumki, Qorako‘l qo‘ylari mahsuldorligi, mintaqada sifatli jun, teri va go‘sht mahsulotlarini yetishtirishi bilan mashhur bo‘lib kelgan. Ammo, hozirgi kunga kelib chorvachilikning rivojlanishiga to‘sqinlik qilib kelayotgan asosiy maummo ham sug‘orish suvining tanqisligiga borib taqaladi. Shuning uchun ham qish va erta bahor mavsumiga kelib bozorlarda yem-xashak tanqisligi va narx-navoning keskin oshib ketishi kuzatilmoqda. Bu esa o‘z-o‘zidan oziq-ovqat mahsulotlaridan go‘sht va sut mahsulotlarining narxiga ta’sir ko‘rsatadi.
Uy xo‘jaliklarini o‘rganish, ma’lumotlar yig‘ish va tahlil qilish
Uzoq yillar mobaynida mahalliy aholi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, chorvachilik va o‘rmonchilik kabi bir qator qishloq xo‘jaligi faoliyatlari bilan shug‘ullanib keladi.Ammo barcha qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarini rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan va yildan-yilga jiddiy tus olib kelayotgan yagona muammo suv resurslari ta’minoti va uning tanqisligi muammosi deb topildi.
Tahlillarga ko‘ra, shu kunga qadar ushbu hududda suv tanqisligi muammolari, suv ta’minoti xizmatlari va bu xizmatlarga mahalliy aholining munosabatlari hamda yaxshilangan suv ta’minoti xizmatlari uchun ularning haq to‘lash imkoniyatlari haqida atroflicha izlanishlar olib borilmagan. Bu kabi muammolarni yanada chuqurroq o‘rganish maqsadida hududda maxsus so‘rov o‘tkazildi. To‘plangan ma’lumotlar asosida mahalliy aholini sug‘orish suvi bilan ta’minlash xizmati uchun qancha miqdorgacha haq to‘lay olish imkoniyatlari o‘rganildi. Tasodifiy ravishda tanlab olingan mahalliy aholidan 200 nafarining bu turdagi xizmatga to‘lov to‘lash istagi darajasi tahlil qilinib, asosiy ta’sir omillaridan 23 turi aniqlandi va ularning har biri alohida o‘rganildi. Bu ta’sir omillari ijtimoiy va iqtisodiy omillarga bo‘linadi. Ijtimoiy omillarga uy xo‘jaliklarining jinsi, yoshi, ma’lumoti, oila a’zolari soni, shug‘ullanadigan faoliyat turlari, dehqonchilik tajribasi kiradi. Iqtisodiy omillariga esa tomorqa yer maydoni, shundan ekin maydoni, chorva mollari (qo‘y, echki va parrandalar) soni, tomorqa yerlarini sug‘orish manbalari va ulargacha bo‘lgan masofa, suv tanqisligi darajalari va oylari, suvning sifati, sug‘orish xarajatlari hamda tomorqa yerlaridan olinadigan yillik daromad va boshqa tushumlar kiradi.
Sug‘orma dehqonchilikka asoslanga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda hosildorlik nafaqat sug‘orish suvining miqdoriga, balki suv sifatiga ham bog‘liq. Sug‘orish mavsumida suv tanqisligi tufayli tomorqa yer egalari turli sug‘orish manbalaridan foydalanishga majbur. “Sayyod” nasos stansiyasidan keladigan suvning sifati ichish uchun yaroqsiz bo‘lsada, sug‘orish uchun “o‘rta” darajada deb baholanadi. Ammo tomorqa yer egalari asosiy kanalning quyi qismida, sug‘orish mavsumida, suv tanqisligi davrida qo‘shimcha suv manbalari sifatida nasos orqali yer osti suvlaridan foydalanishga majbur. Yer osti suvlarinig sifati ko‘p hollarda juda past bo‘lib, aksariyat hollarda ekinning nobud bo‘lishiga va tuproq sifatini yomonlashishiga (sho‘rlanishni ortishiga) sabab bo‘ladi. So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, respondentlarning 5%da suvning sifati “yomon” bo‘lib, shu kabi muammolarga duch kelgan. Suv bilan bog‘liq muammolar hisobiga tomorqa yerlaridan kutilgan darajada hosil olinmayapti.
Tomorqa yerlaridan dehqonchilik hisobiga olinadigan yillik daromad o‘rtacha qiymatda 2 mln. so‘mni (0,3-6,0 mln. so‘mgacha) tashkil etadi. Asosiy muammo - sug‘orish mavsumida tomorqa yer egalariga sug‘orish suvi kerakli miqdorda, kerakli vaqtda yetib bormayotganidadir. Asosan suv manbalaridan uzoqda bo‘lgan hududlarda, asosiy kanalning quyi qismida sug‘orish mavsudmida suv ta’minoti muammosi jiddiy tus olmoqda. Masalan, kanalninig yuqori va quyi qismlaridagi dehqonchilikdan daromadlar ulushi foizda 78:22 nisbatda (3,5 barobarga farq qiladi). Asosiy sabablardan biri sug‘orish xarajatlari o‘rtasidagi tafovut bo‘lsa, ikkinchisi, sug‘orish mavsumidagi suv ta’minoti o‘ta yomonligi tufayli hosildorlik darajasi keskin tushib ketganligini xulosa qilish mumkin. Shuning uchun ham asosiy kanalning quyi qismida yashovchi dehqonlarda sug‘orish suvi ta’minoti xizmatiga to‘lov istagi ancha yuqori.
Hasan Boboyev,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Batafsil tahlil «Ekonomicheskoye obozreniye» jurnalining 2021yil №3 (255) – sonida chop etiladi.
Adabiyotlar
- Nicoleta, 2020 https://www.mdpi.com/2071-1050/12/21/9055
- Gorgios, 2020 https://www.mdpi.com/2073-4395/10/8/1120/htm
- Hofste, R.; Reig, P.; Schleifer, L. 17 Countries, Home to One-Quarter of the World’s Population, Face Extremely High Water Stress; WRI: Washington, DC, USA, 2019. Available online: https://www.wri.org/blog/ 2019/08/17-countries-home-one-quarter-world-population-face-extremely-high-water-stress (accessed on 17 September 2020).https://www.wri.org/blog/2019/08/17-countries-home-one-quarter-world-population-face-extremely-high-water-stress
World Resources Institute. Water. Mapping, Measuring, and Mitigating Global Water Challenge. 2020. Available online: https://www.wri.org/our-work/topics/water (accessed on 3 September 2020).
Mirzabayev A. 2015
- https://link.springer.com/chapter/10.1007/978-3-319-19168-3_10
- 5.1(Alimdjanov 2020) Uzbekistan’s Water Sector: Environmental and Managerial Issues - CABAR.asia5.2Economic Review. No. 10 (238). 2019. p. 21.
- (Xo‘jayev, 2019) https://daryo.uz/k/2019/09/15/qishloq-xojaligi-vaziri-jamshid-xojayev-arzon-bolgani-uchun-suvni-kop-ishlatyapmiz-va-isrof-qilyapmiz/
Izoh qoldirish