O‘zbekiston — Rossiya: jadal rivojlanayotgan hamkorlik

O‘zbekiston — Rossiya: jadal rivojlanayotgan hamkorlik

Hozirgi o‘ta beqaror va kelajakni oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan davrda geografik yaqin qo‘shnilar o‘rtasidagi do‘stona, chinakam sheriklik va o‘zaro manfaatli munosabatlar har qanday davlat tashqi siyosatining eng muhim elementlaridan biriga aylanib bormoqda. Bu, ayniqsa, uzoq yillardan buyon o‘zaro siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarni saqlab kelayotgan O‘zbekiston va Rossiya kabi davlatlar uchun juda muhim.

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi munosabatlar xalqaro huquq, suverenitetni hurmat qilish, qarorlar qabul qilishda mustaqillik va bir-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillariga asoslangan o‘zaro manfaatli hamkorlikning yorqin namunasi ekanligi quvonarlidir. Ciyosat bilan iqtisoddan tortib, energetika, ta’lim, ilm-fan va madaniyat kabi muhim sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlar davom ettirilyapti. Shu yilning o‘zida Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin 4 marotaba ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazishdi. Rossiya davlat rahbarining kuni kecha yurtimizga amalga oshirgan tashrifi esa o‘rtadagi munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu Rossiya rahbarining mamlakat Prezidenti etib qayta saylanganidan keyin amalga oshirayotgan xorijiy tashriflarining dastlabkilaridan biri hisoblanishini inobatga olsak, mamlakatimiz bilan aloqalar RF uchun qanchalar muhim ekanini namoyish etadi. Davlatimiz rahbari e’tirof etganidek, ushbu tashrif O‘zbekistonga va ko‘p millatli xalqimizga bo‘lgan alohida munosabat va hurmatning, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikning bugungi yuqori darajasi va O‘zbekiston — Rossiya munosabatlarini chuqurlashtirishga bo‘lgan qat’iy intilishning tasdig‘idir.

O‘zbekiston va Rossiya strategik sherik va ittifoqchi mamlakatlardir. 2005 yilda ikki davlat Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani, 2022 yilda esa Keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladi. Davlat rahbarlari o‘rtasida o‘rnatilgan samimiy, iliq va do‘stona munosabatlar siyosiy muloqotni faollashtirish va barcha sohada hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilmoqda. Bugungi kunda 370 dan ortiq hujjatdan iborat mustahkam shartnomaviy-huquqiy baza o‘zbek va rus xalqlarining taraqqiyoti hamda farovonligi yo‘lida o‘zaro manfaatli va ko‘p qirrali sheriklikni yanada chuqurlashtirish uchun mustahkam asos bo‘layotir. Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil may oyi boshida Rossiyaga buyurgan amaliy tashrifi va Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining yubiley yig‘ilishida kuzatuvchi-davlat rahbari sifatida ishtirok etgani buning amaliy tasdig‘idir.

Bugun rasmiy Toshkent va Moskva o‘rtasida barcha darajadagi jadal va keng ko‘lamli muloqotlar faol davom etmoqda. Bosh vazirlar darajasida qo‘shma komissiya, hukumatlararo komissiya va uning quyi qo‘mitalari faoliyat ko‘rsatmoqda, idoralararo va parlamentlararo hamkorlik, iqtisodiy va hududlararo aloqalar kengaymoqda. Bundan tashqari, ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari o‘rtasida 2024-2025 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi imzolangan.

Hukumat rahbarlari darajasidagi Qo‘shma komissiya hamda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyasi faoliyatidagi konstruktivlik ushbu yo‘nalishdagi o‘zaro aloqalarning mavjud salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish imkonini beryapti. RF rahbarining Toshkentga davlat tashrifi chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasida imzolangan 20 yaqin turli sohaga oid bitim va kelishuvlar munosabatlarimizni sifat jihatidan yanada yuqori pog‘onaga olib chiqishiga shubha yo‘q.

O‘zbekiston va Rossiya Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashdan manfaatdor hamda global muammolarni hal qilish, shuningdek, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, BMT, MDH, ShHT va boshqa global hamda mintaqaviy tuzilmalar doirasida yaqindan hamkorlik qiladi, bir-birining tashabbuslarini faol qo‘llab-quvvatlaydi. BMT platformasida o‘zaro hamkorlik Bosh Assambleya kun tartibidagi asosiy masalalar va tomonlarning ilgari surgan tashabbuslari bo‘yicha pozitsiyalarni o‘zaro qo‘llab-quvvatlash orqali amalga oshiriladi. Rossiya tomoni BMTga a’zo davlatlar tomonidan O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi yadro qurolidan xoli zona (MOYaQXZ) to‘g‘risidagi Shartnoma bo‘yicha pozitsiyasini keng qo‘llab-quvvatlashga ko‘maklashdi, MOYaQXZ bo‘yicha Bosh Assambleyaning rezolyusiyalarini qo‘llab-quvvatlashda izchil ishtirok etdi (ikkinchisi Bosh Assambleyaning 75-sessiyasida ovozga qo‘yilmasdan qabul qilindi). Bundan tashqari, Rossiya Shartnomaga xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi Protokolni imzoladi va ratifikatsiya qildi. Rossiya, shuningdek, O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” (2018), “Barqaror turizm va Markaziy Osiyoda barqaror taraqqiyot” (2019), “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb e’lon qilish” (2021), “Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligi” (2022), “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlar rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi (2022) rezolyusiyalarni qo‘llab-quvvatladi va hammualliflik qildi.

Milliy, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikni ta’minlash masalalarida sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish O‘zbekistonning Rossiya Federatsiyasi bilan mustahkam yo‘lga qo‘ygan hamkorligiga yana bir yorqin misol bo‘la oladi. Ayni paytda Toshkent va Moskva keng qamrovli yo‘nalishlarda, xususan, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, terrorizm hamda ekstremizm, ommaviy qirg‘in qurollari tarqalishi, giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi, yangi tahdidlar va xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha o‘zaro faol aloqalarni yo‘lga qo‘ygan. O‘zbekiston hamda Rossiyaning pozitsiyalari o‘xshashligi Markaziy Osiyoda barqarorlikni saqlash va mustahkamlash hamda tinch Afg‘onistonni barpo etishga ko‘maklashish masalalarida ham kuzatilyapti. Toshkent ham, Moskva ham Afg‘onistonda yakuniy tinchlikka erishish, uni mintaqaviy integratsion jarayonlarga jalb etish, iqtisodiyotini tiklash, gumanitar yordam ko‘rsatishga qaratilgan qator xalqaro anjumanlarga mezbonlik qildi. Rossiya Federatsiyasi O‘zbekiston rahbariyatining Afg‘onistonga oid ilgari surgan tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi. Hozirgi kunda O‘zbekiston — Rossiya munosabatlari yangi ufqlar sari harakatlanmoqda, ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar uchun xos bo‘lgan “strategik sheriklik va ittifoqchilik” ta’rifi bugungi kunning xolis, sof haqiqatidir. Binobarin, O‘zbekiston — Rossiya hamkorligi Markaziy Osiyo mintaqasi uchun ham muhim o‘rin tutadi.

Siyosiy va xavfsizlik sohasidagi muloqotlarning muntazam ahamiyat kasb etayotgani iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirishga xizmat qilmoqda. Bu, o‘z navbatida, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini jadal o‘sishiga, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishga, yetakchi korxonalar, ishbilarmon doiralar va hududlar o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini mustahkamlashda muhim omil bo‘lyapti. O‘zaro munosabatda, tabiiyki, iqtisodiy aloqalar muhim o‘rin tutadi. Rossiya bilan O‘zbekiston o‘rtasida tovar ayirboshlashi miqdori so‘nggi uch yil mobaynida har yili 5-10 emas, 20 foizdan ortib bordi. Iqtisodiy munosabatdagi salmoqli o‘sish shunday sur’at bilan davom etsa, ikki yildan keyin Rossiya bilan tovar ayirboshlash misli ko‘rilmagan darajada ortadi.

Bunga erishsa bo‘ladi, albatta. Chunki ikki tomon ham tovar ayirboshlash hajmini yanada oshirish zarurligi borasida yakdil fikrda bo‘lib, sammit yakuni bo‘yicha Prezidentlar o‘z hukumatlariga kelgusida 30 milliard dollarlik ko‘rsatkichga erishish vazifasini qo‘yishdi. Qolaversa, davlatlar sanoat kooperatsiyasida jiddiy ilgarilagan. Energetika, neft-kimyo, metallurgiya, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, logistika va innovatsion tarmoqlar bo‘yicha aniq loyihalar ham bunga imkon beradi. Bundan tashqari, loyihalar portfeli qariyb 45 milliard dollarni tashkil qiladi. Bu galgi tashrif doirasida 20 milliard dollarlik yangi loyihalar bo‘yicha kelishuvlar imzolangani munosabatlarga yangicha ruh bag‘ishlaydi. Shu ma’noda, O‘zbekiston va Rossiya savdo aylanmasi 2030 yilga borib ikki karra oshishi kutiladi. So‘nggi yillarda investorlarimizda o‘zaro qiziqish ortayotgani bunga yaqqol asos bo‘la oladi. Umuman, O‘zbekistonga sarmoya kiritish bo‘yicha Rossiya Xitoydan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Bugungi kunda ayni miqdor 10 milliard dollardan ortdi. Raqamlar yanada ko‘payishi tabiiy. Zero, aprel oyida Toshkentda o‘tgan “Innoprom” xalqaro ko‘rgazmasi doirasida 1,5 milliard dollarlik yuzlab yangi kooperatsiya loyihalari bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlarining uchrashuvida Shavkat Mirziyoyev tomonidan e’lon qilingan qo‘shma Investitsiya platformasi ham ushbu maqsadga xizmat qiladi.

Bugun davlatlarimizning ayniqsa, energetika sohasidagi hamkorligi ham mustahkam va istiqbolli ekanini ham aytib o‘tish joiz. Masalan, o‘tgan yili Rossiya tabiiy gazini O‘zbekistonga yetkazib berishni boshladi. Bu mamlakatimiz aholisini va tadbirkorlik sub’yektlarini uzluksiz energiya bilan ta’minlash imkonini berdi.

Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin muzokaralari davomida gaz, neft va neft mahsulotlarini yetkazib berish hajmini oshirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va mahalliy korxonalar negizida uglevodorodlarni chuqur qayta ishlash loyihalarini amalga oshirish masalalariga katta e’tibor qaratilgani, mamlakatimizda kam quvvatli atom elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha loyihani amalga oshirish to‘g‘risida bitim imzolangani ham bejizga emas, deb o‘ylayman. Dunyodagi deyarli barcha yetakchi davlatlar o‘z energetik xavfsizligi va barqaror rivojlanishini atom energetikasi hisobiga ta’minlayotgan bir paytda iqtisodiyoti yuksak sur’atlar bilan rivojlanib borayotgan O‘zbekistonning ham kelajagi energetika tizimining taraqqiyotiga bog‘liq ekani sir emas. Atom energetikasini barpo etish uchun bizda barcha imkoniyat bor. Ya’ni, O‘zbekiston katta miqdordagi uran zaxiralariga ega bo‘libgina qolmay, uni uchinchi davlatlarga ham eksport qilayotgan mamlakatdir.

O‘zbekiston va Rossiya hamkorligi uchun raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish sohasi nihoyatda istiqbolli yo‘nalish hisoblanadi. Boisi ikki mamlakat ham deyarli bir vaqtning o‘zida davlat uchun muhim sanalgan axborot texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha dasturni amalga oshirishga kirishgan. Xususan, 2018 yilda Rossiyada “Raqamli iqtisodiyot” hukumat dasturi tasdiqlanib, tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. O‘z navbatida, raqamlashtirishning yangi bosqichiga kirib kelayotgan O‘zbekistonda AKT sohasini takomillashtirishga qaratilgan Prezident qarorlari hayotga tatbiq etildi. Ikki mamlakat tomonidan mazkur sohada belgilangan maqsadlarni birgalikdagi sa’y-harakatlar asosida amalga oshirish mumkin bo‘ladi. Raqamli iqtisodiyot, texnoparklar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, pochta aloqasini takomillashtirish, jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha mutaxassislar malakasini oshirish va IT-mutaxassislarni tayyorlash shular jumlasidandir. Ushbu vazifalarni to‘laqonli ro‘yobga chiqarishning imkoniyati bor. Zero, O‘zbekiston va Rossiya kadrlar tayyorlash jabhasida hamkorlik qilish uchun allaqachon mustahkam poydevorga egadir.

O‘zbekiston keyingi paytlarda Transafg‘on temir yo‘li qurilishi loyihasini amalga oshirishga intilmoqda. Bu Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘laydigan muhim vosita hisoblanadi. Unga Rossiya ham katta qiziqish bildiryapti. U qurilib, ishga tushsa Moskva ham undan foyda ko‘radi. O‘z mahsulotlarini O‘zbekiston va Afg‘oniston orqali Osiyoning boshqa mamlakatlariga yetkazib berish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Boz ustiga, Toshkent va Moskva Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq mamlakatlari bozorlari bilan bog‘lovchi yana bir loyiha — “Shimol – Janub” transport yo‘lagini rivojlantirish bo‘yicha yaqin muloqotni davom ettirish niyatida. Bu borada transport idoralari rahbarlarining aprel oyida Termiz shahrida bo‘lib o‘tgan Belarus – Rossiya – Qozog‘iston – O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston multimodal marshrutini rivojlantirish bo‘yicha birinchi uchrashuvi samarali bo‘ldi.

Rossiya endilikda O‘zbekistonning yetakchi ma’rifiy, ilmiy-amaliy hamkoriga ham aylanmoqda. Toshkentda Lomonosov nomli Moskva davlat universiteti, Plexanov nomli Rossiya iqtisodiyot akademiyasi, Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti, Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti, Butunrossiya kinematografiya instituti kabi mashhur oliy o‘quv yurtlari filiallari ochilishi mamlakatimiz, xalqimiz ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-madaniy hayotidagi ulkan voqeadir. O‘zbekiston bugungi kunda Rossiya universitetlarining xorijiy filiallari soni bo‘yicha yetakchi hisoblanadi. An’anaga ko‘ra, so‘nggi besh yildan buyon ikki mamlakat oliy o‘quv yurtlari rektorlari forumi o‘tkazib kelinayotgani fan va ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilayotir. Mazkur shakldagi so‘nggi muloqot 2023 yil sentyabr oyida Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tgan edi. Unda yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlar uchun ta’limni rivojlantirish va bugungi kunning asosiy yo‘nalishlaridan biri — ilg‘or muhandislik maktablarini yaratish va boshqa dolzarb mavzular muhokama qilindi. Shuningdek, ishtirokchilar eng murakkab muhandislik masalalarini hal etishga qodir, zamonaviy bilimlarni egallagan jahon darajasidagi mutaxassislarni tayyorlash masalalari xususida fikr almashdilar.

Bu bejiz emas. Sanoati tobora yuksalib borayotgan, iqtisodiyotning turli yangi yo‘nalishlari paydo bo‘layotgan O‘zbekistonimiz uchun malakali mutaxassislar suv bilan havodek zarur. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston va Rossiya muhandislik-texnika oliy o‘quv yurtlari rektorlari anjumanining tashkil etilgani va uning doirasida yigirmadan ortiq shartnoma imzolangani yurtimizda oliy texnika ta’limini rivojlantirish garovi bo‘lib xizmat qiladi. Zero, forumda yuqori malakali muhandis kadrlar tayyorlash, akademik mobillik va mehnat bozorida eng ko‘p talab qilinadigan yo‘nalishlar, mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlash istiqbollari o‘rganildi. Oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi faol innovatsion loyihalarni amaliyotga konustruktiv tatbiq qilish, qo‘shma ta’lim dasturlarini bosqichli kengaytirish, akademik almashinuv va professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish, qayta tayyorlash va «Ilg‘or muhandislik maktablari»ni institutsional tashkil etishda xalqaro talablarni birgalikda o‘rganish va hayotga tatbiq etishga kelishib olindi. Mazkur forumning asosiy maqsadi bo‘lgan muhandis kadrlar tayyorlashni takomillashtirishning institutsional yechimini topish istiqboldagi vazifalarimizni belgilab berdi. Bu jarayonda o‘zaro manfaatli hamkorlik asosida akademik ta’lim va ilmiy loyihalarning uzviyligini birgalikda ta’minlash dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Asosiysi, O‘zbekistonda Bauman nomli Moskva texnika universiteti va Butunrossiya tashqi savdo akademiyasi filialini ochish bo‘yicha kelishuvga erishilgani e’tiborga molik voqea bo‘ldi.

Bugun davlatlarimiz o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohasida ham yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. 2023 yil 6-30 noyabr kunlari mamlakatimizning barcha hududlarida tataristonlik mutaxassislar ishtirokida "O‘zbekiston-Tatariston salomatlik oyligi" o‘tkazilgani buning yaqqol tasdig‘idir.Tadbir doirasida rossiyalik onkologiya, ginekologiya, bolalar xirurgiyasi, kattalar va bolalar neyroxirurgiyasi bo‘yicha mutaxassislar o‘zbekistonlik hamkasblariga respublika aholisini tekshirish va tashxislashda yordam ko‘rsatdi.

Ikki xalqning tarixiy aloqalari va madaniy o‘zaro bog‘liqligi sayyohlik almashinuvining oshishida muhim ahamiyat kasb etayapti. Xususan, 2023 yilda O‘zbekistonga 750 mingdan ortiq rossiyalik sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan to‘rt oyida bu ko‘rsatkich 130 mingdan oshdi. Albatta, rossiyaliklar O‘zbekistonga ko‘proq ta’tilga kela boshladilar. So‘nggi bir yil ichida rossiyalik sayyohlar orasida O‘zbekistonga sayohat qilishga bo‘lgan talab ortdi. Mamlakatlar o‘rtasidagi vizasiz rejim tufayli ushbu yo‘nalish tobora ommalashib bormoqda. Bundan tashqari, barqaror, kafolatlangan, arzon havo qatnovlari ham bunga o‘z hissasini qo‘shmoqda. Birgina Moskvadan Toshkentga kuniga 15 dan ortiq parvozlar amalga oshiriladi. Shu bilan birga, rossiyalik sayyohlar nafaqat Toshkentga, balki Samarqand, Buxoro, Xiva, Farg‘ona kabi shaharlarga ham parvoz qilish imkoniyatiga ega. Bu sayohatchilarning xarajatlarini sezilarli darajada kamaytirdi.

Rossiyalik sayohatchilarni jahon ahamiyatiga molik yodgorliklar, jahonga mashhur o‘zbek oshxonasi va mehmondo‘stligi, til to‘siqlarining yo‘qligi, o‘xshash mentalitet, umumiy tarix va qadriyatlar, shuningdek, turlarning nisbatan arzon narxlari o‘ziga jalb qiladi. O‘zbekiston hukumati Rossiyadan turistlar oqimini kengaytirishni rag‘batlantirmoqda. Tomonlarning erishilgan natijalar bilan cheklanib qolish niyati yo‘q va yaqin kelajakda Rossiyadan O‘zbekistonga sayyohlar oqimini rekord darajadagi bir million kishiga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bunga O‘zbekiston va Rossiya hukumatlari tomonidan 2022 yil mart oyida imzolangan mamlakatlarimiz o‘rtasida sayyohlik oqimini oshirish uchun shart-sharoit yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi yordam beradi. U transport-logistika aloqalarini mustahkamlash, o‘zaro sayyohlik oqimini ko‘paytirish, shuningdek, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida yangi turistik yo‘nalishlarni yaratishni o‘z ichiga oladi.

Madaniyat va san’at namoyandalarining o‘zaro tashriflari ham faol qo‘llab-quvvatlanyapti. 2023 yilda Nijniy Novgorod, Yekaterinburg, Ufa, Qozon va Sankt-Peterburg shaharlarida Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi “Bahor” O‘zbekiston davlat raqs ansamblining gastrol safari tashkil etildi. Moskvadagi Katta teatrda “Lazgi. Qalb va muhabbat raqsi” baletining namoyishi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston va Rossiya teatrlarining ijodiy safarlari, ikki mamlakatning “Madaniyat kunlari” birgalikda tashkil etilmoqda. Rossiya ijodiy jamoalari O‘zbekistonda an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali, Baxshichilik san’ati festivali, Toshkent xalqaro kinofestivali kabi yirik tadbirlarda faol qatnashayotgani quvonarlidir. RF davlat rahbarining tashrifi yakunlari bo‘yicha esa madaniyat va san’at, turizm, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, yoshlar va sport sohalarida faol aloqalar va almashinuvlarni faol davom ettirishga kelishib olindi. Bu yo‘nalishlarda bitim va kelishuvlar to‘plami imzolandi. Joriy yilda O‘zbekistonda Rossiyaning yirik madaniy tadbirlari, jumladan, kino kunlari o‘tkaziladi. Rossiyada O‘zbekiston madaniyati kunlari, ko‘rgazmalar va teatrlarimizning ijodiy safarlari bo‘lib o‘tadi.

Rasmiy Toshkent va Moskva o‘rtasidagi munosabatlar misli ko‘rilmagan yuksak darajaga ko‘tarildi. Har ikkala davlat Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashdan manfaatdor, shuningdek, tomonlar global muammolarni hal etish va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha bir-birining tashabbuslarini faol qo‘llab-quvvatlaydi. Albatta, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida jadal rivojlanib borayotgan ko‘p qirrali hamkorlikning butun xilma-xil ko‘lamini bir maqolada qamrab olish qiyin. Biroq, bir narsa aniq — tomonlar strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash tarafdori. Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekistonga davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish va xalqlarimiz manfaati yo‘lida avval erishilgan kelishuvlarni jadallashtirishga kuchli sur’at bag‘ishlashi shubhasiz.

Qalandar Abdurahmonov,
akademik

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar