O‘zbekiston va Sloveniya hamkorligining istiqbollari

O‘zbekiston va Sloveniya hamkorligining istiqbollari

Prezident Shavkat Mirziyoyev 22 may kuni Lyublyana shahrida Sloveniya Prezidenti Natasha Pirs Musar bilan uchrashadi. Ushbu mamlakat parlamenti va hukumati rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazadi, qo‘shma ishbilarmonlik tadbirlarida ishtirok etadi.

O‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, farmatsevtika, sanoat, oziq-ovqat va to‘qimachilik tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish, mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik qilish va gumanitar aloqalarni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqiladi.

O‘zbekiston va Sloveniya o‘rtasidagi uzoq yillik hamkorlik so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarilib bormoqda. Garchi geografik jihatdan uzoq bo‘lsa-da, ikki davlatning ko‘p tomonlama aloqalari tobora mustahkamlanib bormoqda. Sloveniya O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan integratsiyasi yo‘lida muhim hamkor sifatida, O‘zbekiston esa Sloveniya uchun Markaziy Osiyodagi ishonchli iqtisodiy sheriklardan biri bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi Sloveniya bojxona xizmatlari bilan “O‘zbekiston Respublikasi, bir tomondan va Yevropa Ittifoqi hamda ularga a’zo davlatlar, ikkinchi tomondan, ta’sis etuvchi sherikchilik va hamkorlik to‘g‘risida” Bitim (21.06.1996-y.) asosida hamkorlik qiladi. Shuningdek, mazkur bitim asosida Sloveniya bojxona xizmati bilan so‘rovnoma va ma’lumot almashinuvi ishlari amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston va Sloveniya tashqi savdo aylanmasi 2024-yilda 173 mln.AQSh dollarini tashkil etib, oldingi yilga nisbatan 47 foizga ortgan. Birgina 2025 yilning yanvar-aprel oylarida ushbu ko‘rsatkich 137 mln AQSh dollarga yetib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 41 foizga oshgan. Sloveniya tomonidan farmatsevtika va texnologik asbob-uskunalar taqdim etilayotgan bo‘lsa, o‘z o‘rnida O‘zbekistondan shu davlatga qishloq xo‘jaligi, kimyo mahsulotlari, transport vositalari va ularning ehtiyot qismlari eksport qilinmoqda. Jumladan, O‘zbekistonning Sloveniya bozoriga eksporti 50 million AQSh dollarga yaqinlashib, oldingi yilga nisbatan 16 barobarga o‘sgan. Bu raqamlar ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarning faollashayotganini va yangi imkoniyatlarga ega ekanligini ko‘rsatadi.

Boshqa ijobiy omillar qatorida O‘zbekiston tomonidan Yevropa Ittifoqining GSP+ preferensiyalar tizimi benefitsiar maqomidan faol foydalanilayotgani Sloveniya bilan savdo aloqalarini yanada rivojlantirish imkoniyatlarini oshirmoqda. Oxirgi yillarda 40 foizga oshgan o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi o‘sishi bunga yaqqol misol bo‘ladi.

Shuningdek, kelgusida transport va logistika sohasida ham hamkorlikni kuchaytirish imkoniyatlari mavjud. Sloveniya, Yevropaning markazida joylashgan davlatlardan biri sifatida, O‘zbekistonning Yevropa bozorlariga eksport qilish imkoniyatlarini yanada kengaytirish uchun muhim logistika markazi sifatida muhim hisoblanadi. O‘z o‘rnida, Sloveniyaning ekologik toza texnologiyalarini O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligida suvni tejash, organik mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirishda qo‘llash samarali imkoniyat beradi. O‘zbekiston esa, o‘zining yarim tayyor va tayyor qishloq xo‘jaligi hamda sanoat mahsulotlari bilan Sloveniya uchun zarur mahsulotlar yetkazib beruvchi muhim hamkor bo‘lish imkoniyatiga ega. Bu ikki davlat o‘rtasida o‘zaro foydali va barqaror rivojlanishni ta’minlashga xizmat qiladi.

Nurbek Raxmatullayev

Bojxona qo‘mitasining

Ilmiy markazi katta inspektori

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar