Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning taklifiga binoan 2025 yil 19 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Budapesht shahriga keldi. Tashrif dasturiga muvofiq, 20 may kuni oliy darajadagi O‘zbekiston-Vengriya muzokaralari bo‘lib o‘tadi. Davlatimiz rahbari Vengriyaning rasmiylari va yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazadi. O‘zbekiston Prezidenti 21 may kuni Vengriya poytaxtida Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida ishtirok etadi.
O‘zbekiston va Vengriya bojxona tizimlari o‘rtasidagi hamkorlik so‘nggi yillarda jadal sur’atlar bilan rivojlanmoqda. Vengriya mamlakatimiz mustaqilligini 1991 yil 26 dekabrda tan olgan hamda 1992 yil 3 martdan mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan. Ikki davlat 1996 yilda imzolangan Yevropa Hamjamiyatlari bilan hamkorlik shartnomasi va 2022 yilgi anglashuv memorandumi asosida qonuniy hamda amaliy jihatdan mustahkam aloqalarni yo‘lga qo‘ydi. Bu hujjatlar nafaqat tovar ayirboshlashni osonlashtirish, balki noqonuniy savdoga qarshi kurash, raqamli transformatsiya va kadrlar tayyorlash kabi sohalarda ham birgalikda ishlash imkoniyatini yaratdi.
2022 yil oktyabr va 2023 yil avgust oylarida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Vengriyaga tashrifi bojxona hamkorligida yangi bosqichni ochdi. Mazkur tashrif chog‘ida imzolangan memorandum ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni tartibga soluvchi muhim hujjat bo‘ldi.
O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi munosabatlar strategik hamkorlik darajasiga ko‘tarilmoqda. Xususan, 2024 yilda 74,9 million AQSh dollarlik tashqi savdo hajmi va 16 ta qo‘shma korxona faoliyati bu hamkorlikning amaliy mevasidir. Hamkorlikning eng qiziqarli jihati — bu ikki davlatning o‘zaro to‘ldiruvchi iqtisodiy imkoniyatlarga ega ekanligidir.
Xususan, Vengriya O‘zbekiston uchun nafaqat farmatsevtika va tibbiyot jihozlari yetkazib beruvchi, balki ilg‘or texnologiyalar va tajriba manbai sifatida ham muhim ahamiyatga ega. O‘z navbatida, O‘zbekiston esa qishloq xo‘jaligi, kimyo sanoati va to‘qimachilik kabi mahsulotlari eksportini samarali yo‘lga qo‘ydi. 2025 yilning dastlabki 4 oyida transport vositalari va ehtiyot qismlari importining 4,4 barobar va hayvonot mahsulotlarining 2,1 barobar o‘sishi shuni ko‘rsatadiki, vengriyalik ishlab chiqaruvchilar O‘zbekiston bozorida yangi imkoniyatlarni faol ravishda qo‘lga kiritmoqda. Ayni paytda, O‘zbekistonning qog‘oz mahsulotlari eksporti 10 barobar, to‘qimachilik va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining qariyb 2 barobarga o‘sishi bilan Vengriya bozorida mustahkam o‘rin egallamoqda.
O‘zbekiston bojxona xodimlari AQShning “Uscentcom” loyihasi doirasida 2022 yilda Budapeshtda bo‘lib o‘tgan mintaqaviy seminarda qatnashib, xalqaro tajriba bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Hamkorlikning amaliy natijalari 2023 yilda ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi” doirasida aniq belgilab olindi. Ishtirokchilarning dastlabki yig‘ilishi bojxona nazorati, kontrabandaga qarshi kurashish va raqamli texnologiyalarni joriy etish kabi muhim mavzularni qamrab oldi.
Vengriya tomonining ilg‘or tajribasi – xususan, xavflarni boshqarish tizimlari va malakali kadrlar tayyorlash dasturlari O‘zbekiston bojxonachilari uchun ayniqsa samarali bo‘ldi.
2024 yil fevralidagi navbatdagi ekspertlar uchrashuvida esa amaliyotda duch kelinadigan muammolar va ularni hal qilish usullari muhokama qilindi. Bu kabi tadbirlar ikki davlat bojxona xizmatlarining yanada mustahkam aloqada bo‘lishi uchun qulay sharoit yaratdi.
2025 yilning 15-18 aprel kunlari Vengriyaning Budapesht shahrida o‘tkazilgan “Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo va kuzatuvchi davlatlar bojxona ma’muriyatlari rahbarlarining norasmiy yig‘ilishi” o‘tkazildi. Unda Bojxona qo‘mitasi Raisi A.Mavlonov ishtirok etdi. Yig‘ilish davomida eTir harakatlar rejasi, Soddalashtirilgan bojxona korridori, “Karvonsaroy” loyihasi, shuningdek, elektron tijorat va savdoni osonlashtirish, Yevropa Ittifoqining bojxona islohoti paketi, Yevropadagi mintaqaviy hamkorlik mexanizmlari (Vishegrad guruhi) kabi mavzular muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Vengriya bojxona rahbarlari o‘rtasida Anglashuv Memorandumi ijrosi doirasida, bojxona nazorati, xavflarni boshqarish, kontrabandaga qarshi kurashish, xodimlar malakasini oshirish, bojxona laboratoriyasi, shuningdek, kinologiya sohasida ilg‘or tajribalarni o‘rganish yo‘nalishlarida atroflicha fikr almashildi va kelgusidagi rejalar belgilab olindi.
Kelgusida zamonaviy texnologiyalar almashinuvi va qo‘shma korxonalar yaratish orqali bu aloqalarni yanada mustahkamlashga erishish mumkin. Shuningdek, ushbu hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun qo‘shma trening markazlarini tashkil etish, sun’iy intellekt va raqamli platformalari asosida bojxona nazorat tizimlarini joriy qilish va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish hamda hamkorlikda tajriba almashish dasturlarini yo‘lga qo‘yish kabi yangi loyihalar ustida ish olib borilmoqda. Bu kabi hamkorlik istiqbollari nafaqat O‘zbekiston va Vengriya, balki butun Markaziy Osiyo-Yevropa transport koridori uchun ham katta ahamiyat kasb etadi. Bu esa ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yangi darajaga ko‘tarishga xizmat qiladi.
Raxmonqul Shoimqulov
Bojxona qo‘mitasining Ilmiy markazi
Bosh inspektori
Izoh qoldirish