Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Xonimlar va janoblar!
Siz, azizlarni mehmondo‘st O‘zbekiston zaminida Ko‘p o‘lchovli kambag‘allik bo‘yicha yuqori darajadagi konferensiyaning ochilishi bilan samimiy qutlayman. Anjuman ishida ushbu sohaning taniqli ekspertlari ishtirok etmoqda.
Bugungi kunda dunyoda davom etayotgan turli mojarolar, gumanitar, epidemiologik va iqlim inqirozlari Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish hamda kambag‘allikning barcha ko‘rinishlarini qisqartirish borasidagi sa’y-harakatlarga jiddiy tahdid solmoqda.
Ana shunday sharoitda dunyoning ko‘plab davlatlari nufuzli ekspertlar muloqotiga katta qiziqish bildirib, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha eng dolzarb muammolarga samarali yechim topishga umid bog‘lamoqda.
Qadrli do‘stlar!
Joriy yilda mazkur nufuzli tadbirga O‘zbekistonning mezbon sifatida tanlangani mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning xalqaro e’tirofi bo‘ldi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
So‘nggi besh yilda ilg‘or xorijiy yondashuvlar hamda mamlakatimizning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, eng quyi bo‘g‘in – mahalla darajasiga tushgan holda kambag‘allikka qarshi kurashish borasida muvaffaqiyatli tajriba yaratildi.
Eng avvalo, aholi daromadlarini oshirishda fuqarolarning kasb-hunar egallashi va o‘z biznesini boshlashiga ko‘maklashishni ustuvor vazifa etib belgiladik.
Hokimning mahalladagi yordamchilari instituti bu borada aholiga har tomonlama ko‘mak bermoqda. Birgina joriy yilning o‘zida 250 ming ishsiz fuqarolarni kasblarga o‘qitish, 2 million aholini tadbirkorlikka jalb qilish yuzasidan katta hajmdagi ishlar olib borilmoqda.
Ikkinchidan, Yangi O‘zbekistonda har bir fuqaroning yashash sharoitini yaxshilash, ta’lim va tibbiy xizmatlar ko‘lami va sifatini oshirish inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan islohotlarimizning asosiy yo‘nalishi bo‘lib kelmoqda.
2024 yilning o‘zida bog‘cha va maktablar barpo qilish, tibbiy xizmatni kengaytirish, mahallalarda ichimlik suvi, elektr energiyasi, yo‘l infratuzilmasini yaxshilash uchun byudjetdan 31,5 trillion so‘m ajratildi. Eng muhimi, ushbu loyihalarni amalga oshirishda “Tashabbusli byudjet” tizimi orqali mahallalarning ishtiroki kengayib bormoqda.
Uchinchidan, ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirib, davlat ko‘magiga muhtoj oilalarga sifatli xizmatlar ko‘rsatish ko‘lamini keskin oshirdik. Shu maqsadda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi, tumanlarda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Natijada 2 million 300 mingdan ziyod muhtoj oilalar, xotin-qizlar, yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar kafolatlangan ijtimoiy himoya bilan qamrab olindi. Bu – 2017 yilga nisbatan 4 barobar ko‘p, demakdir.
Shu o‘rinda bir masalaga e’tiboringizni qaratmoqchiman: muhtoj oilalarda tug‘ilgan bolalarning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish bo‘yicha barcha imkoniyatlarni yaratib berish davlatimiz siyosatida muhim o‘rin egallagan.
Ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, yurtimizdagi barcha bolalarning har tomonlama yetuk inson bo‘lib kamol topishiga ustuvor ahamiyat qaratmoqdamiz. Xususan, keyingi yillarda bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 27 foizdan 74 foizga oshirildi. Bolalar o‘rtasidagi kambag‘allik darajasi oxirgi uch yilda 22 foizdan 14 foizga pasaydi.
Bundan tashqari, yoshlarni yuqori daromadli va zamonaviy kasblarga o‘qitish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Masalan, “Bir million dasturchi” loyihasi amalga oshirildi, har bir tumanda IT markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Umuman, so‘nggi uch yilda mamlakatimizda ko‘makka muhtoj 3 million aholining turmush sharoitini yaxshilab, kambag‘allik darajasini 17 foizdan 11 foizga tushirishga erishdik.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Respublikamizda ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng qamrovli siyosatni izchil davom ettirib, kelgusi uch yilda kambag‘allik darajasini 7 foizgacha pasaytirishni maqsad qilganmiz.
Bunday yuksak marralarga erishishda O‘zbekiston xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar bilan o‘zaro tajriba almashish, birgalikda turli dastur va loyihalarni amalga oshirish orqali yaqin hamkorlikni izchil davom ettirishdan manfaatdor.
Ko‘p o‘lchovli kambag‘allik bo‘yicha o‘zaro muloqot ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qiladi, uning yakunida ishlab chiqiladigan amaliy taklif va tavsiyalar jahon miqyosida kambag‘allikni kamaytirishda yangi qadam bo‘ladi, deb umid qilaman.
Fursatdan foydalanib, konferensiya faoliyatiga, uning barcha ishtirokchilariga muvaffaqiyat tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Izoh qoldirish