Prezident Xalq qabulxonasi joylarda ishsiz xotin-qizlar bandligini ta’minlamoqda

Prezident Xalq qabulxonasi joylarda ishsiz xotin-qizlar bandligini ta’minlamoqda

Xususan, Prezident Xalq qabulxonasining "Murojaatdan daromadga" loyihasi doirasida Xorazm viloyatining Xazorasp, Shovot, Tuproqqal’a hamda Yangibozor tumanlarida yashovchi deyarli 400 nafar murojaatchi ayollarning bandligini ta’minlashga erishildi. Murojaatlar Respublika ishchi guruhi tomonidan joylarda o‘rganilib, ularni ijobiy hal qilish choralari ko‘rildi.

Masalan, Tuproqqal’a tumanida Prezident Xalq qabulxonasiga qilingan murojaatlar asosida 15 ta mahallada istiqomat qiluvchi 115 nafar xotin-qizlarga maqsadli ravishda besh yuz million so‘m moliyaviy yordam ajratildi. Shulardan, 113 nafar ishsiz ayollarga zamonaviy tikuv mashinalari xarid qilinib, kooperatsiya asosida yetakchi 10 nafar tadbirkorga biriktirildi. Shu orqali ularga tikuvchilik faoliyati bilan shug‘ullanish, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishlari uchun imkoniyat yaratildi. Ikki nafar ehtiyojmand ayollarga go‘zallik saloni jihozlari olib berildi.

Tuproqqal’a tumanidagi "Saidlar" MFYda istiqomat qiluvchi 6 nafar ishsiz xotin-qizlarga tikuv mashinalari olib berilib, tikuvchilik xunari bilan shug‘ullanib kelayotgan tadbirkor Yorqinoy Razzoqovaga biriktirildi. Xususan, Shaydo Xudoyberganovaning doimiy daromad manbai bo‘lmagan. Endilikda uning ham bandligi ta’minlandi.

Tumanning "Soyopir" MFYda yashovchi Dilrabo Ismoilova va u bilan birga yana 11 nafar xotin-qizlarga ajratilgan tikuv mashinalari ularni bandligini taminlashga xizmat qildi.

Gulruh Sharipova, Nasiba Sobirovalar ham shu paytgacha ishsizlikdan qiynalib kelayotgan edilar. Chevar bo‘lishga ishtiyoqi boru, ammo tikuv mashinasi olishga imkoniyati bo‘lmagan bu ayollar ham endi tajribali tadbirkor, ishlab chiqarayotgan mahsulotlarini eksportga yo‘naltirayotgan Norjon Iskandarovaga kooperatsiya asosida faoliyat yuritish uchun biriktirib berildi.

Shu o‘rinda aytish lozimki, Tuproqqal’a tumanining eng olis hududi hisoblangan "Sarimoy" MFYdan 20 nafar, "Navbahor " MFYdan 14 nafar, band bo‘lmagan xotin-qizlarga shu zaylda tikuv mashinalari berilib, jami, 34 nafarini ish bilan taminlashga erishildi.

Zamira Boltayeva boquvchisini yo‘qotgan ijtimoiiy himoyaga muhtoj ayollardan biri. U Prezident Xalq qabulxonasiga ishlab daromad topish istagi borligini bildirib, bu borada amaliy ko‘mak so‘ragan edi. Murojaati qanoatlantirilib, yangi tikuv mashinasi ajratildi hamda mahallasidagi chevar Dunyo Boyjonovaga biriktirib berildi. Shu kabi 13 nafar ishsiz xotin-qizlarga tikuv mashinasi ajratildi. Endi ular ham doimiy daromadga erishishi uchun harakat qila boshladilar.

Yangibozor tumanida ham Prezident Xalq qabulxonasining ushbu xayrli tashabbusi orqali 30 ta mahalladan 113 nafar xotin-qizlar doimiy daromad topish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Ularning 35 nafari migratsiyadan qaytganlar, 48 nafari "Ayollar daftari"ga kiritilganlar, 14 nafari "Yoshlar daftari"ga kiritilgan, 16 nafari ijtimoiy himoyaga muxtoj ayollar. Ular katta tajribaga ega bo‘lgan 31 nafar tadbirkor ayollarga kooperatsiya asosida biriktirildi.

Yangibozor tumanining "Do‘stlik" MFYda yashovchi Qirmizi Masilova ham bandlik masalasida murojaat qilganlarning biri. O‘rganishlarda uning oilaviy ahvoli og‘ir ekanligi ma’lum bo‘lgach, tikuvchilikka o‘quvi borligini inobatga olib, tikuv mashinasi berildi. Bu imkoniyat yana 2 nafar ayollarga berilib, ular ham tadbirkor Shodiya Qo‘shjonovaga biriktirildi.

"Murojaatdan daromadga” loyihasining dastlabki bosqichida bandligi ta’minlanmagan og‘ir sharoitdagi xotin-qizlarni kooperatsiya asosida ishlab daromad topishlariga imkoniyat yaratilgan bo‘lsa, keyinchalik ular orasidan tadbirkorlikka qobiliyati borlari o‘z oilaviy korxonasini tashkil etilishiga yordam beriladi. Xalq bilan muloqotning yangi tizimi shu mexanizm asosida bosqichma-bosqich kengaytirib boriladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar