Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasida mahallalarda kambag‘allik va ishsizlikni qisqartirish hamda hududlarni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar samarasini tahlil qildi. Natijalar hudud iqtisodiyotida barqaror o‘sish va aholi bandligida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilayotganini ko‘rsatmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasining barcha hududlarida, jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasida mahallalarda kambag‘allik va ishsizlikni qisqartirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda og‘ir tumanlarni jadal rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Olib borilayotgan chora-tadbirlar natijasida 2025 yilda Qoraqalpog‘iston iqtisodiyotida barqaror o‘sish sur’atlari kuzatildi. Jumladan, yalpi hududiy mahsulot o‘tgan yilga nisbatan 7,2 foizga o‘sib, 54,1 trln so‘mga yetdi. Aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot hajmi 26,5 mln so‘mni tashkil etdi. Shuningdek, hudud iqtisodiyotiga jalb etilgan investitsiyalar 27 trln so‘mga, eksport hajmi esa 435,2 mln dollarga yetdi.
Iqtisodiy o‘sishning ijtimoiy samarasi ham sezilarli bo‘ldi. 176 ming nafar aholi uchun daromad manbai yaratildi, natijada ishsizlik darajasi 5,8 foizdan 5 foizga tushirildi. Shu bilan birga, 110,3 ming nafar aholi kambag‘allikdan chiqarilib, kambag‘allik darajasi 2025 yil boshidagi 10,8 foizdan 6,6 foizga tushirildi. Natijada 27 ta mahalla “kambag‘allikdan holi” hududga aylantirildi.
Ushbu natijalarga erishishda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan amalga oshirilgan tahliliy ishlar ham muhim ahamiyat kasb etdi. Xususan, 2024–2025 yillarda Markaz tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasining shahar va tumanlarida mavjud iqtisodiy zaxira va imkoniyatlar o‘rganilib, qo‘shilgan qiymat zanjirini shakllantirish bo‘yicha tahlillar olib borildi va 60 dan ortiq asosli takliflar ishlab chiqildi.
Ushbu takliflarga muvofiq, shahar va tumanlarda oziq-ovqat, to‘qimachilik, qurilish materiallari va kimyo sanoati, xizmat ko‘rsatish hamda qishloq xo‘jaligi sohalarida qator loyihalar ishga tushirilmoqda.
Shu bilan birga, 2026 yil – “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan.
Jumladan, joriy yilda 45 minga yaqin fuqaroning bandligini ta’minlash, 7 639 ta oiladagi qariyb 33 ming nafar aholini kambag‘allikdan chiqarish hamda 164 ta mahallani “kambag‘allikdan holi” hududga aylantirish rejalashtirilgan. Bu esa respublikadagi 452 ta mahallaning 36,3 foizini tashkil etadi.
Mazkur chora-tadbirlar natijasida ishsizlik darajasini 5 foizdan 4,6 foizga, kambag‘allik darajasini esa 6,6 foizdan 3,2 foizgacha qisqartirish ko‘zda tutilmoqda.
Ta’kidlash joizki, 20 ta mezon asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha 4 ta tuman — Bo‘zatov, Qonliko‘l, Mo‘ynoq va Shumanay alohida e’tibor talab etuvchi hududlar sifatida belgilangan.
Ushbu tumanlarni jadal rivojlantirish maqsadida qator iqtisodiy loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Jumladan:
- jami qiymati 571 mlrd so‘mlik 31 ta sanoat loyihasi ishga tushiriladi;
- kichik sanoat zonalarida bo‘sh turgan 4 gektar maydonda 14 ta loyiha amalga oshiriladi;
- 1000 gektar maydonda sanoatlashgan plantatsiyalar tashkil etiladi;
- mahallalarda 100 ga yaqin savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yektlari ishga tushiriladi.
Shuningdek, Qo‘ng‘irot va Chimboy tumanlarida “Yangi O‘zbekiston” qiyofasini shakllantirish bo‘yicha infratuzilmaviy va shaharsozlik loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Muhim jihati shundaki, mazkur hududlar ijtimoiy yordam ob’yekti sifatida emas, balki iqtisodiy transformatsiya nuqtalari sifatida qaralmoqda. Har bir tuman va mahallaning agrar, sanoat, xizmat ko‘rsatish yoki logistika sohasidagi solishtirma ustunliklari aniqlanib, shu asosda ularning individual rivojlanish yo‘nalishlari belgilab berilmoqda.
Bunday yondashuv har bir hududning ichki iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi farovonligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Yusup Jumabayev
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Izoh qoldirish