– Sizning kasb faoliyatingiz nimadan boshlandi? Ushbu vazifaga qanday keldingiz (oldin nima ish bilan shug‘ullangansiz)?
– Men Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoati institutining “Menejment” yo‘nalishini tamomlaganman. Mehnat faoliyatimni Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanidagi “Zulfuqor” fermer xo‘jaligida hisobchi sifatida boshladim. Keyinchalik “Shprits” sho‘’ba korxonasida hisobchi, so‘ngra ish boshqaruvchi lavozimlarida faoliyat yuritdim.
Shuningdek, ijtimoiy sohada ham yetarlicha tajriba to‘plaganman: Taxtako‘pir tumanidagi “Qaraoy” ovul fuqarolar yig‘inida xotin-qizlar yetakchisi, keyinroq tuman Oila va xotin-qizlar bo‘limida bosh mutaxassis bo‘lib xizmat qildim. 2024 yildan esa faoliyatimda yangi va mas’uliyatli bosqich boshlandi: “Qaraoy” OFYda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi etib tayinlandim. Iqtisodiyot, boshqaruv va ijtimoiy masalalar kesimida orttirgan ko‘p yillik tajribam bugungi faoliyatim samaradorligini ta’minlashda muhim poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
– Mahallaning portretini qanday tasvirlagan bo‘lardingiz? Mahallada kimlar istiqomat qiladi, nimadan daromad topadi, odamlarni hozir nima ko‘proq o‘ylantiradi (u yerdagi mavjud infrastruktura ob’yektlari, yo‘llar, maktab, bog‘cha, poliklinika, sanoat korxonalari, aholini ish bilan ta’minlash imkoniyatlari haqida to‘liqroq gapirib bersangiz)?
– “Qaraoy” ovul fuqarolar yig‘ini aholisi, asosan, dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Mahalla aholisi – oqko‘ngil va mehmondo‘st insonlar. 10-sonli umumta’lim maktabi, 2 ta davlat va 2 ta nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, 36-sonli oilaviy poliklinika, Madaniyat saroyi faoliyat olib boradi. Ishlab chiqarish ob’yektlaridan tuz zavodi, sut olishga ixtisoslashgan chorva fermasi ishlab turibdi. Hududda jami 3515 nafar aholi istiqomat qiladi, shundan 1654 nafari xotin-qizlardir. Mahalladagi xonadonlar soni 632 ta, oilalar soni esa 780 ta. Kam ta’minlangan oilalar soni 55 ta.
– Yo‘l boshida eng qiyin bo‘lgan narsa nima bo‘ldi va siz uni qanday yengdingiz?
– Hokim yordamchisi lavozimiga tayinlanishimdan avvalgi faoliyatim bevosita oila va xotin-qizlar tizimi bilan bog‘liq edi. Yangi sohadagi faoliyatimning dastlabki bosqichida duch kelgan eng katta to‘siq – aholi o‘rtasidagi muayyan stereotiplar bo‘ldi. Xususan, “ayol kishi bunday mas’uliyatli vazifani qanday uddalar ekan?” degan ikkilanishlar sababli, fuqarolar dastlab men bilan bevosita emas, balki mahalla raisi orqali muloqot qilishga intilishdi.
Biroq men tabiatan boshlagan ishimni oxiriga yetkazishga va har qanday muammoga tizimli yechim topishga harakat qiladigan insonman. Shu bois, aholi va tadbirkorlarning murojaatlarini o‘rganib, ularni tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda hal etish orqali xalqning ishonchini qozona boshladim. Har bir fuqaro bilan individual va manzilli ishlash, asosli tashabbuslarni bajonidil qo‘llab-quvvatlash orqali mavjud qiyinchiliklarni yengib o‘tdim, deb ayta olaman.
– Siz bevosita tanishish, so‘rov va o‘rganishlar o‘tkazish orqali mahallaning ahvolidan doimiy ravishda yaqindan xabardor bo‘lib turasiz. O‘rganishlar natijasida qanday iqtisodiy imkoniyatlar aniqlandi, qanday o‘sish drayverlari tanlandi va hozirda nimalar qilinmoqda?
– O‘zim aslida shu mahallada 15 yildan beri yashaganim bois mahalla aholisining yashash sharoitini yangidan o‘rganishim shart bo‘lmadi. Kim nima bilan mashg‘ul, qaysi oila bilan kengroq ishlasa bo‘ladi, qaysi tadbirkorga yanada yaxshiroq rivojlanishi uchun qaysi yo‘nalishda yordam bersak bo‘ladi – mahalla aholisi bilan ishlashda bularni yaxshi bilishim ancha qo‘l keldi. Bu kabi savollarga javob topish uchun o‘zim uchun reja qilib olgan fuqarolar va tadbirkorlar bilan uyma-uy yurib, har biri bilan suhbatlashib chiqdim va qilishim kerak bo‘lgan barcha ishlarni rejalashtirib oldim. O‘rganishlar natijasida hududda chorvachilik va dehqonchilikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar borligi aniqlandi.
– Mahallangiz rivojining asosiy iqtisodiy o‘sish drayveri nima? Nega ushbu yo‘nalishlar tanlab olindi? Tanlangan yo‘nalishlarni tezkor rivojlantirish uchun nima ishlar qilinmoqda?
– Mahalla rivojlanishining asosiy o‘sish drayveri dehqonchilik va chorvachilik bo‘lib, mahalla aholisining 80 foizidan ko‘pchiligi shu yo‘nalishlardagi ishlar bilan shug‘ullanadi. Ishlarimizni shundan kelib chiqib tashkil etyapmiz. Hozirgi kunda dehqonchilikni rivojlantirish uchun aholiga yangi texnologiyalarni qo‘llagan holda, ishonchli va sinalgan navlarni tanlab, yuqori hosil beruvchi urug‘lardan ekishni yo‘lga qo‘yishni o‘rgatyapmiz. Shuningdek, suvni tejovchi tizimlardan foydalanish unumdorlikni oshirishga, yuqori hosil garovi ekanligi tushuntirilmoqda. Chorvadorlarga esa naslli qora mollarni boqish orqali ikki karra foyda qilish imkoniyati haqida soha mutaxassislari yordamida muntazam tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
– Mahallangizda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qanday imkoniyatlar mavjud? O‘tgan vaqt ichida nechta yangi korxona barpo etilib, nechta yakka tartibdagi tadbirkor ish bilan ta’minlandi?
– Hozirgi kunda asalarichilik va parrandachilikni aholiga yangicha uslubda rivojlantirish maqsadida ikkala yo‘nalishda kooperatsiya tashkil qilindi. Kooperatsiya a’zolarini kambag‘al oilalardan biriktirib, har bir oila bilan asalarichilik va parrandachilik yo‘nalishlarini kengroq o‘rgatish orqali barqaror daromad manbaiga aylantirmoqchiman. Suv tanqisligi kuzatilgani bois ariqlarda doimiy suv bo‘lmaganligini hisobga olgan holda yo‘l yoqasidagi zaxkashlardan foydalanish orqali o‘rdak boqishni yo‘lga qo‘yish harakatidaman. 2024 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 306-sonli qaroriga muvofiq, yangi ish boshlagan tadbirkorlarga 100 mln. so‘mgacha garovsiz kredit ajratilishi biznes bilan shug‘ullanishni istagan fuqarolarimizga katta imkoniyatlar eshigini ochdi. Xususan, bizning mahallamizda non va non mahsulotlarini ishlab chiqarish sexi, gilam yuvish sexi, avtomobillarni yuvish shoxobchasi kabi kichik korxonalar yangidan ish boshladi. Aholining uzog‘ini yaqin qilinib, shu yilning o‘zida 4 ta ko‘chma do‘kon ishga tushirildi. Natijada, yana 4 nafar ishsiz xotin-qizlarimiz o‘z tadbirkorligini yangidan yo‘lga qo‘yishdi. Bir qancha dehqon xo‘jaliklari ijaraga olingan yerlaridan samarali foydalanib kelishmoqda.
– Biror ehtiyojmand oila yoki yosh tadbirkorni qo‘llab-quvvatlab, ular hayotida aniq o‘zgarish qilgan holatni keltirib o‘ting.
– Mahalladagi ehtiyojmand oilalar bilan yakka tartibda ish olib boriladi. Jumladan, 2025 yilda ikki nafar ehtiyojmand oila hamda bir nafar yosh tadbirkorning yangidan ish boshlashiga amaliy ko‘mak ko‘rsatildi. Ularga zarur hujjatlarni rasmiylashtirish, mavjud imkoniyatlar va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida tushuntirish ishlari olib borildi. Natijada, bugungi kunda mazkur oilalar va yosh tadbirkorning ishlari barqaror yo‘lga qo‘yilgan, daromad manbalari shakllangan. Eng muhimi, har gal suhbatga borganimda ularning hayotga va kelajakka bo‘lgan dunyoqarashi ijobiy tomonga o‘zgarganini, o‘z kuchiga ishonchi ortganini yaqqol his qilaman. Bu esa yakka tartibda, manzilli ishlashning naqadar samarali ekanini ko‘rsatadi.
– Sizning fikringizcha, mahallangizda kambag‘allik holatlarini keltirib chiqaruvchi asosiy sabab va omillar nimada? Hududingiz aholisi o‘rtasida kambag‘allik darajasini yanada samarali kamaytirish uchun qo‘shimcha nima qilish kerak?
– Mahalladagi ish tajribamdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, ko‘pincha kambag‘allikni keltirib chiqarayotgan asosiy sabab – doimiy ishning yo‘qligidir. Bu esa, o‘z navbatida, ichki va tashqi migratsiyaning ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda. Kambag‘allikni keltirib chiqarayotgan yana bir jiddiy sabablardan biri – kishilardagi bilim va kasb-hunar, tadbirkorlik qilish uchun zarur ko‘nikmalarning yetishmasligidir. Aslida, ko‘plab masalalarni mahalliy darajada hal qilsa bo‘ladi, faqat shunga yarasha harakat, resurs va aniq maqsad kerak.
– Odamlar sizni ko‘proq qaysi muammolar bo‘yicha izlashadi? Misol keltira olasizmi?
– Odamlar meni turli masalalar bo‘yicha izlashadi. Aniq bitta muammoni aytib bo‘lmaydi. Kimgadir yer ijarasi yoki yer olish masalasida yo‘l-yo‘riq kerak bo‘ladi, kimgadir kredit olib, ish boshlashda hamrohlik qilishimga to‘g‘ri keladi. Ayrim fuqarolar elektr energiyasiga ulanishda to‘siqlarga duch keladi, dehqonlarimiz esa sug‘orish uchun suv yetishmasligi masalasini ko‘taradi. Aslida, bu masalalarni katta muammo deb emas, balki to‘g‘ri tushuntirish va yo‘l ko‘rsatish orqali hal qilinadigan masalalar, deb o‘ylayman. Mening vazifam – aholiga shu jarayonlarda hamroh bo‘lish va har bir to‘siqning yechimini topishga yordam berishdan iborat.
– Hokim yordamchisi sifatida amaliy tajribangizdan kelib chiqib, O‘zbekistonda hokim yordamchilari faoliyatini yanada takomillashtirish va ish samaradorligini oshirish bo‘yicha qanday takliflar bera olasiz? Hokim yordamchisi sifatida sizga qanday yordam kerak?
– Mamlakatimizda hokim yordamchilari o‘z xizmat vazifalarini samarali amalga oshirishlari uchun barcha zarur imkoniyat va sharoitlar mavjud, deb ishonch bilan ta’kidlash mumkin. Ayni paytda ular aholi bilan davlatning mas’ul idoralari o‘rtasida o‘ziga xos bog‘lovchi ko‘prik sifatida faoliyat yuritmoqda, deb ayta olaman. Shu bilan birga, ish samaradorligini yanada oshirish maqsadida hokim yordamchilarining tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga doir vakolatlarini yanada kengaytirish maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Bu esa, o‘z navbatida, mahalladagi hokim yordamchilarining hududda yangi korxonalar tashkil etish, ish o‘rinlari yaratish va pirovardida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha harakatlarining samarasini yanada oshirgan bo‘lur edi.
– Agar sizda byudjet, vaqt va resurslar bo‘yicha hech qanday cheklov bo‘lmasa, mahallangizda qaysi loyihani amalga oshirgan bo‘lardingiz?
– Agar siz aytganday haqiqatdan ham byudjet, vaqt va resurslar bo‘yicha hech qanday cheklovlar bo‘lmasa, men Yevropa mamlakatlari va Rossiyadan naslli chorva mollarini olib kelib, go‘sht va sut olish uchun boqishni yo‘lga qo‘ygan bo‘lardim. Chunki aholida chorvachilik bilan shug‘ullanish uchun ko‘nikmalar yetarli, faqat ularga bu yo‘nalishni ilmiy asosda yo‘lga qo‘yishda zarur yordamni berish kerak.
– Ayol kishi sifatida ham uy ishlarini eplash, ham mahallada mas’ul vazifada ishlash qiyin kechmadimi? Buni qanday epladingiz?
– Albatta, uy ishlariga vaqtida ulgurish va mahallada mas’ul vazifani yuritish oson emas. Lekin menga oila va mas’ul vazifani uddasidan chiqishga qaynona va qaynotamning ko‘magi, turmush o‘rtog‘imning doimiy qo‘llab-quvvatlashi ham katta yordam beradi. Ishlarni rejaga solib, vaqtni to‘g‘ri taqsimlash va oilaviy yordamga tayanib, har ikkisini ham samarali olib borishga intilaman.
– O‘zbekiston Prezidentining mahalla institutini rivojlantirishga qaratilgan tashabbusi “quyidan yuqoriga” tamoyili asosida ishlash tizimiga o‘tish uchun poydevor bo‘ldi. Siz hokim yordamchisi sifatida ushbu islohotning aniq bir mahalladagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishdagi ahamiyatini qanday baholaysiz? Avvalgi yondashuvlar bilan solishtirganda, ish uslubida qanday prinsipial o‘zgarishlar bo‘ldi?
– Hurmatli Prezidentimizning mahalla institutini rivojlantirish va “quyidan yuqoriga” tamoyili asosida ishlash tizimini joriy etish tashabbusi biz uchun shunchaki ma’muriy emas, balki amaliy va hayotiy ahamiyatga ega. Oddiy qilib tushuntirsam, ilgari ko‘plab masalalar tuman yoki shaharning umumiy ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib hal qilingan bo‘lsa, bugungi kunda biz har bir oila, har bir xonadonning haqiqiy ehtiyojlariga asoslanib faoliyat yurityapmiz. Yangi tizim aholining har bir a’zosi bilan manzilli ishlashga o‘tish imkonini berdi. Biz mahallaning to‘liq ijtimoiy-iqtisodiy pasportiga egamiz: oilalarning daromad darajasi, bandligi, ta’lim, kredit, davolanish, uy-joy va infratuzilmaga bo‘lgan ehtiyojlarini aniq bilamiz. Bu esa kambag‘allik va ishsizlikni aniq manzilli ravishda qisqartirish, kasb-hunarga o‘qitish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali aholi bandligini ta’minlash, ijtimoiy yordamni aynan unga haqiqatan muhtoj bo‘lganlarga yo‘naltirish, oilaviy biznes, hunarmandchilik va kasanachilikka jalb etish orqali aholi daromadlarini oshirishga imkon beradi. Shu ma’noda bugunda mahalla instituti oddiy ijtimoiy institut emas, balki joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning asosiy bo‘g‘iniga aylandi.
Bir so‘z bilan aytganda, yangi tizim ish falsafasining o‘zini tubdan o‘zgartirdi: mahalla – bu muammolarni hisobga olish joyi emas, balki imkoniyatlar yaratish hududidir. Hokim yordamchisi sifatida aytishim mumkinki, aynan shu tizim tufayli biz aholi farovonligini oshirish va mahallamizni barqaror rivojlantirish uchun haqiqiy vositalarga ega bo‘ldik.
– O‘tgan yilda mahallangizda mahallabay tizimi doirasida qaysi aniq masalalar hal etildi? Xususan, bandlikni ta’minlash, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, infratuzilmani yaxshilash yoki xonadonlar bilan ishlash yo‘nalishlarida qanday natijalarga erishildi? Sizningcha, ushbu model samaradorligini eng yaxshi aks ettiruvchi ko‘rsatkich qaysi?
– O‘tgan 2025 yilda ishsiz fuqarolarning bandligini ta’minlash maqsadida “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida 20 ta ishsiz fuqaroni biriktirgan holda banklar tomonidan 10 gektar yerga kungaboqar, 10 gektar yerga makkajo‘xori ekib berildi va ekinlarni parvarishlash bo‘yicha yo‘lyo‘riq ko‘rsatildi. Yangi tashkil qilingan “BIOAZAMAT” MChJda mahallada yashovchi 5 nafar fuqaro mavsumiy ish bilan band qilindi. 7 nafar ishsiz fuqaromiz yakka tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yib, o‘z do‘konlariga ega bo‘lishdi. “Agrobank” tomonidan yengillatilgan foizlarda ajratilgan kredit hisobidan ish faoliyatini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorimiz tashkil etgan chorva fermasida 8 ta ishsiz fuqaroni doimiy ish bilan band qilindi. Aholining ijtimoiy qo‘llabquvvatlashga muhtoj qatlami bilan alohida yo‘nalishlarda uzluksiz ish olib borilmoqda. Jumladan, 5 ta oilaga homiylik hisobidan 2 KVtlik quyosh panellari o‘rnatib berildi. Bundan tashqari, subsidiya hisobidan 1 ta qizil toifadagi boquvchisini yo‘qotgan oilaga ham 5 KVtlik quyosh paneli o‘rnatib berildi. Shuningdek, mahalladagi yana 4 oilaga hovlisining ko‘cha qismiga tok so‘risi qurib olishlari uchun subsidiya asosida 7 mln. so‘mdan ajratildi. 2 nafar nogironligi bor bo‘lgan fuqaroning jarrohlik amaliyoti uchun “Saxovat va ko‘mak” fondi orqali moliyaviy yordam berildi. Mahalladagi 10 ta oilaga “Yoshlar daftari” jamg‘armasi hisobidan 25 foiz kontrakt to‘lovlari va tayyorlov kurslariga to‘lov o‘tkazib berildi. Mahalla infratuzilmasini yaxshilash uchun 2025 yilda “Ochiq byudjet” tanlovi orqali mahalla ahli bilan birgalikda g‘oliblikni qo‘lga kiritdik. Bu loyiha yordamida yopiq usulda qurilgan sun’iy gazonli stadion, kasbhunar o‘rganish markazi uchun bino qurib bitkazildi. Shuningdek, 1.5 km yo‘lga asfalt yotqizish ishlari olib borilmoqda. “Muyten” ovulining 2 km ichki yo‘llariga shag‘al to‘shab berildi.
– Joriy yil yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi ushbu islohotning milliy darajada institutsionallashganini ko‘rsatadi. Shu munosabat bilan, sizning oldingizga qo‘yilgan ustuvor vazifalar va asosiy yo‘nalishlar nimalardan iborat? Joriy yilda mahalla aholisi infratuzilmani rivojlantirish va aholi bilan manzilli ishlash borasida, eng avvalo, qaysi o‘zgarishlarni his qilishi kerak, deb o‘ylaysiz?
– Joriy yilda ham mahallalarni har tomonlama rivojlantirish masalalari davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilangani ayni muddao bo‘ldi. 2026 yilda “Qaraoy” mahallasi Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla maqomi beriladigan mahallalardan biri bo‘lishi belgilangan. Ushbu maqomga erishish uchun men mahallamdagi salohiyatli va intiluvchan fuqarolar bilan maslahatlashib, bir necha yangi tadbirkorlik sub’yektlarining faoliyati boshlanishiga ko‘mak bermoqchiman. Jumladan, katta yo‘l yoqasidan avto mashinalarni yuvish shoxobchasi va vulkanizatsiya xizmatlarini yo‘lga qo‘yishni reja qilganmiz. Shuningdek, novvoyxona va qandolatchilik mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan ehtiyojmand oilaga shu ishda ko‘mak berish maqsadida biznes rejamizni tayyorlayapmiz. Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha ham rejalar belgilab olingan, hudud aholisi tez orada buni, albatta, o‘z hayotida his qiladi, deb o‘ylayman.
Rejalarimiz ko‘p, birin-ketin aholining murojaati va fikrini inobatga olib, Prezidentimiz yaratib bergan shart-sharoitlar va qonunlar doirasida qo‘limdan kelganicha odamlarga sidqidildan ko‘mak berishdan charchamayman. “Qaraoy” ovul fuqarolar yig‘ini 5 yildan keyin ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylanishiga ishonaman.
Jamolliddin Turdimov, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
"Iqtisodiy sharh" jurnali №2/2026
Izoh qoldirish