O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozori ijobiy dinamikani saqlab qolmoqda

O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozori ijobiy dinamikani saqlab qolmoqda

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ko‘chmas mulk bozoridagi tendensiyalar bo‘yicha yangilangan tahlilni taqdim etdi.

2025 yil avgust oyi yakunlariga ko‘ra, uy-joy oldi-sotdi shartnomalari soni 25 mingtani tashkil etdi va o‘tgan oyga nisbatan 4,6 foizga kamaydi. Shu bilan birga, yillik hisobda bozor o‘sishni namoyon etmoqda, o‘tgan yilning avgustiga nisbatan bitimlar soni 13 foizga oshdi.

Hududlar kesimida eng ko‘p bitimlar Sirdaryo (34%), Xorazm (29%) va Surxondaryo (27%) viloyatlarida qayd etildi.

Ikkillamchi uy-joy bozori

O‘zbekistonning ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar mo‘’tadil dinamikani ko‘rsatdi. Iyul oyida 1,7%ga oshganidan so‘ng, avgust oyida bir kvadrat metr uchun o‘rtacha bozor narxi yana 1%ga ko‘tarildi. Yillik hisobda esa ikkilamchi bozordagi narxlar 4%ga o‘sdi.

Hududlar darajasida o‘tgan yil avgust oyidan buyon uy-joy narxlarining eng yuqori o‘sishi Jizzax (14%), Surxondaryo (17%) va Sirdaryo (10%) viloyatlarida kuzatildi.

Toshkent shahrida ko‘chmas mulk bozoridagi vaziyat

Yillik hisobda avgust oyida ikkilamchi uy-joy bozorida o‘rtacha narxlar 2,3%ga pasaydi. Shu bilan birga, poytaxtda birlamchi uy-joy narxlari bir yil ichida mo‘’tadil ravishda 0,7%ga oshdi.

O‘tgan oyga nisbatan Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar 0,2%ga oshdi.

Ikkilamchi uy-joy narxlarlarining eng sezilarli pasayishi Mirzo-Ulug‘bek (-6,3%), Yashnobod (-4,4%) va Chilonzor (-4,6%) tumanlarida kuzatildi. Shu bilan birga, yangi qurilgan uy-joylar segmentida eng yuqori narx o‘sishi Mirabod (6,6%), Yakkasaroy (3,6%) va Olmazor (2,6%) tumanlarida qayd etildi.

Toshkent shahrida uy-joy ijara bozori

Avgust oyida Toshkent shahrida ijara narxlarida barqarorlik kuzatildi. O‘rtacha ijara narxi avvalgi oylar darajasida saqlanib qoldi va bir kvadrat metr uchun 8 dollarni tashkil etdi.

Poytaxtning Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi nisbatan yuqoriligicha qolmoqda. Ushbu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha 10,3 dollarni tashkil etadi.

Yillik hisobda Toshkent shahrida o‘rtacha ijara narxi 1,8%ga pasaydi. Eng sezilarli pasayish Uchtepa, Chilonzor va Bektemir tumanlarida qayd etildi.

Jaloliddin Usmonov

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

tel: (78) 150 02 02 (417)


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar