Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekistondagi avtomobil bozori holatini tahlil qilish natijalarini muntazam ravishda taqdim etib boradi.
Hozirgi sharoitda yengil avtomobillar segmentida sotuvlarning umumiy o‘sishi kuzatilmoqda, bu to‘rt oylik faollik pasayishidan keyin ijobiy ko‘rsatkichdir.
Yanvar oyida sotuvlar o‘tgan oyga nisbatan 9,5%ga oshib, 78,6 mingta avtomobilni tashkil etdi, bu bozorda faollikning tiklanganligini ko‘rsatmoqda.
Hududlar bo‘yicha yanvar oyida savdolarning eng katta o‘sishi Surxondaryo – 27%, Andijon – 25% va Namangan – 24%ga viloyatlarida qayd etildi.
Birlamchi avtomobil bozoridagi vaziyat
O‘zbekistonning yengil avtomobillar birlamchi bozorida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Yangi yengil avtomobillar savdosi 18,5%ga o‘sdi, bu o‘tgan oyga nisbatan 4,1 ming donaga ko‘pdir. Qisqa muddatli ijobiy tendensiyaga qaramay, yillik ko‘rinishda ushbu bozor segmentidagi faollik 15%ga kamaydi.
Yanvar oyida mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosi ham ijobiy dinamikani ko‘rsatib, 21,7 mingta avtomobilni tashkil etdi, bu o‘tgan oyga nisbatan 3,3 mingtaga ko‘p.
Xorijiy yengil avtomobillari segmenti o‘sib bormoqda
Yil boshida xorijda ishlab chiqarilgan yangi va foydalanilgan yengil avtomobillar bozorida savdo hajmi sezilarli darajada oshgani kuzatildi. Yanvar oyida ushbu segmentdagi faollik 21%ga o‘sdi, bu 4,9 mingta xorijiy avtomobil sotuviga to‘g‘ri keladi.
Bu o‘sish, ayniqsa, yillik taqqoslash kontekstida sezilarli bo‘lib, sotuvlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 42%ga oshgan.
Yengil avtomobillarning ikkilamchi bozori
Yanvar oyida yengil avtomobillarning ikkilamchi bozoridagi vaziyat faollikning oshishi bilan tavsiflanadi. Sotuvlar 52 mingta avtomobilni tashkil etib, o‘tgan yilning dekabr oyiga nisbatan 5,4%ga o‘sdi.
Elektromobillar bozoridagi dinamika
Yangi va foydalanilgan yengil ellektromobillar segmenti faollik o‘sishini ko‘rsatmoqda. Yil boshida sotuvlar 5,5 ming dona avtomobilni tashkil etib, 24%ga o‘sdi.
Foydalanilgan yengil elektromobillarga kelsak, ularning savdosi yil davomida 3,1 barobar, yangilari esa 1,3 barobar oshdi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatilik bilan aloqalar bo‘limi
Izoh qoldirish