Davlatimiz rahbari maktabda o‘qiyotgan qizlar va mahalladagi ayollarning kasb-hunar egallashi uchun barcha sharoitlar yaratilishini ta’kidladi.
Ehtiyojmand xotin-qizlar bandligini ta’minlagan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha sharoitlar yaratiladi, “Xalq banki” tajribasi asosida ayollarni eshitish va ularni tadbirkorlikka jalb qilish bo‘yicha “bilim platformasi” joriy qilinadi, qolaversa, aliment to‘lovlarini kafolatli ta’minlash bo‘yicha yangi tizim barpo etiladi", dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
2022 yil 1 iyundan boshlab maktabda o‘qiyotgan qizlar va mahalladagi ayollarning kasb-hunar egallashi uchun zarur bo‘lgan sharoitlarni yaratuvchi yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi:
- har bir viloyatdagi monomarkazlar va oliygohlar qoshida Malakani baholash markazlari tashkil etiladi;
- markazlarda “ustoz-shogird” an’analari asosida tajriba to‘plagan xotin-qizlar ham malaka hujjati olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar;
- markazlar orqali 2022 yilda 30 ming nafar xotin-qizlarni talab yuqori bo‘lgan ishchi kasblarga o‘qitib, malaka hujjati berish bo‘yicha davlat buyurtmasi joriy qilinadi;
- har yili maktab va kollejlarni bitirayotgan 20 ming nafar qizlarni IT sohasida o‘qitish bo‘yicha ham davlat buyurtmasi bo‘ladi.
O‘zi yoki qaramog‘ida nogironligi bor yaqini bo‘lgan xotin-qizlarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, ularni kasbga o‘qitish borasida, nodavlat notijorat tashkilotlariga berilayotgan grantlar miqdori 5 baravarga oshirilib, 200 million so‘mgacha yetkaziladi (amalda 40 million so‘m).
"Ayollar bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb qilish uchun, qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratamiz", dedi Prezident.
Buning uchun, eng avvalo, tadbirkor ayollar ulushini hozirgi 25 foizdan 40 foizga yetkazish bo‘yicha 2022-2024 yillar uchun “Biznes ayollar” dasturi qabul qilinadi.
Ushbu dastur ijrosiga jami 8 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.
Shuningdek, har bir bank filialida ayol tadbirkorlarning yaqin hamkori sifatida ishlaydigan ayol menejerlar tayyorlanadi. Banklar ayollarga alohida yondashuvlar asosida xizmatlar taklif etiladi.
Misol uchun, tadbirkorlik faoliyatini yangi boshlagan ayol tadbirkorlarga bank xizmatlari bilan birga tadbirkorlik kurslari tashkil etiladi. Shuningdek:
- faoliyatini boshlaganiga 6 oydan 12 oygacha bo‘lgan ayol tadbirkorlarga 300 million so‘mgacha;
- 2 yilgacha ishlaganiga 1 milliard so‘mgacha;
- 2 yildan ortiq ishlaganiga 3 milliard so‘mgacha imtiyozli kreditlar beriladi.
Umuman, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha ravishda:
- 2022 yil 1 iyunga qadar 300 million dollar jalb qilinadi;
- 2022 yilda oilaviy tadbirkorlikka 3 trillion so‘m imtiyozli kreditlar ajratiladi.
- 2022 yil 1 maydan boshlab yangi kichik biznesni boshlayotgan tadbirkor ayollarga asbob-uskuna (masalan, tikuvchilik, ip-yigiruv, qandolat dastgohlari, sartaroshlik uskunalari) uchun amaldagi subsidiya miqdori 7 million so‘mdan 10 million so‘mga oshiriladi;
- o‘z tomorqasida gul, limonchilik, meva-sabzavot yetishtirish uchun issiqxona qurish hamda chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilikni yo‘lga qo‘yish uchun 35 million so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi.
Bugungi kunda 290 mingdan ziyod otalarga farzandlari uchun aliment to‘lash yuklangan.
Lekin, ularning 172 ming nafari o‘z farzandi oldidagi majburiyatini bajarishdan bosh tortib kelmoqda.
"Oqibatda aliment bo‘yicha qarzdorlik 115 milliard so‘mdan oshib ketgan. Har bir viloyat hokimi o‘z raqamlarini biladi.
Shu bois 2021 yili Xalq qabulxonalariga aliment bilan bog‘liq 70 mingga yaqin murojaat kelib tushgan.
Endi aliment to‘lovlarini kafolatli ta’minlash bo‘yicha yangi tizim joriy qilinadi", dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
2022 yil 1 iyuldan Majburiy ijro byurosida “Aliment to‘lovlari” jamg‘armasi tashkil etiladi va unga dastlab 50 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Mazkur mablag‘lar uch oy ichida undirish imkoni bo‘lmagan alimentlarni to‘lashga ajratiladi va keyinchalik byuro tomonidan undirib olinadi.
Izoh qoldirish