Toshkent shahrida 15 apreldan 5 mayga qadar yo‘lovchilarni shaharda yengil avtomobillarda tashish faoliyati uchun litsenziya varaqalari berish vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar qildi.
Avvalroq Respublika maxsus komissiyasi yo‘lovchi tashish faoliyati uchun litsenziya varaqalariga ega yengil avtomobillarning faqatgina yo‘lovchilarsiz, yetkazib berish xizmati (kurer, «dostavka», keytering) bilan shug‘ullanishiga ruxsat bergan edi.
Ular faqatgina oziq-ovqat, dori-darmon, tibbiyot vositalari, shuningdek birinchi navbatda zarur mahsulotlarni tashishi mumkin. Yo‘lovchi tashish yoki fuqarolar bilan bog‘liq boshqa faoliyatlar bilan shug‘ullangan taqdirda ularga nisbatan qat’iy choralar ko‘riladi.
Qayd etishlaricha, hozirda Toshkent shahrida yo‘lovchilarni yengil avtomobillarda tashish faoliyati uchun litsenziyalangan avtomobillar soni 11 792 taga yetgan.
Izoh qoldirish