O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yilga mo‘ljallangan Murojaatnomasining lingvistik tahlili

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yilga mo‘ljallangan Murojaatnomasining lingvistik tahlili

2025 yil 26 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga murojaatnoma bilan chiqish qildi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ekspertlari tomonidan davlat rahbarining chiqishini lingvistik kontent-tahlili amalga oshirildi.

Tahlil zamonaviy lingvistik usullar qo‘llanilgan holda amalga oshirilib, ma’noviy aksentlar, asosiy tushunchalar va ularning o‘zaro bog‘liqliklarini aniqlashga qaratilgan. Shuningdek, davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini yaqqol aks ettiradigan “so‘zlar buluti” va diagrammalar tayyorlandi.

Tahlil (asliy tildan)

Prezident o‘z Murojaatnomasida jami 9 135 ta so‘zdan foydalangan. So‘zlar bulutini yaratish eng muhim mavzularni vizuallashtirish hamda mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ustuvor yo‘nalishlarini chuqurroq anglash imkonini berdi.

1-rasm. Prezident Murojaatnomasida eng ko‘p qo‘llanilgan so‘zlar (26.12.2025)

Lingvistik tahlil shuni ko‘rsatdiki, asosiy kalit so‘zlar sifatida quyidagilardan eng ko‘p foydalanildi: «mahalla» so‘zi – 49 marta, «aholi» – 35 marta, «iqtisodiyot» – 28 marta, «bozor» – 26 marta, «loyiha» – 25 marta, «texnologiya» – 22 marta (1-rasm).

Shuningdek, «ta’lim», «natija» va «daromad» so‘zlari 20 martadan, «tadbirkor» va «sanoat» – 19 martadan, «suv» – 18 marta, «elektr» va «hudud» – 17 martadan, «yoshlar», «infratuzilma» va «qurilish» – 16 marta ishlatilgan.

Ikki so‘zli birikmalardan «Markaziy Osiyo» iborasi 8 marta, «aholi daromadi», «qishloq xo‘jaligi» va «yangi bosqich» 7 martadan, «yangi texnologiyalar» va «Toshkent shahri» 6 martadan qo‘llanilgan. «Davlat xizmatlari», «xorijiy investitsiya» va «yangi tizim» iboralari 5 martadan ishlatilgan, shuningdek «dual ta’lim», «ish o‘rni», «viloyat markazlari» va «tuman byudjeti» iboralari esa 4 martadan qo‘llanilgan.

Uch so‘zli birikmalar orasida «kelgusi besh yil» (9 marta), «dual ta’lim asosida» (4 marta), «suvni tejaydigan texnologiyalar», «suv, elektr energiyasi» (3 martadan) birikmalari eng ko‘p foydalanildi.

Shu tariqa, tahlil shuni ko‘rsatadiki, davlat siyosatining markazida kelgusi besh yil uchun aniq strategik vazifalar bilan birga mahalla, aholi farovonligi hamda iqtisodiy va texnologik o‘zgarishlar asosida rivojlanishning yangi bosqichiga o‘tishi turibdi.

Nutqning tematik tuzilmasi

Quyida nutq leksikasining asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha taqsimlanishini aks ettiruvchi diagramma keltirilgan bo‘lib, nutq mazmuni 9 ta asosiy tematik blokka guruhlangan.

Diagramma yaqqol ko‘rsatadiki, davlat siyosatining markazida mahalla darajasida amalga oshiriladigan texnologik rivojlanish va inson manfaatlari turibdi. Barcha islohotlarning yakuniy maqsadi barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlashdan iborat (2-rasm).

2-rasm. Nutq tarkibidagi so‘zlarning yo‘nalishlar bo‘yicha taqsimlanishi

Rivojlanish yo‘nalishlarining o‘zaro bog‘liqligi

Taqdim etilgan tahlilda O‘zbekistonning yaqin yillardagi davlat siyosatining turli yo‘nalishlari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni ko‘rsatuvchi asosiy so‘zlar ajratib ko‘rsatilgan.

Iqtisodiyotning texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tishi davlat siyosatining markaziy elementi hisoblanadi va xomashyo modeliga tayanishdan voz kechib, yuqori texnologiyali sanoatga o‘tishni nazarda tutadi. Ushbu yo‘nalish «investitsiyalar», «texnologiyalar», «bozor» va «mahsulot» kabi tushunchalar bilan chambarchas bog‘liq.

Iqtisodiy o‘sish va farovonlik blokida islohotlarning asosiy natijalari aks ettirilgan bo‘lib, so‘nggi uch yilda iqtisodiyot hajmining 145 milliard dollargacha o‘sishi va kambag‘allik darajasining ikki barobarga qisqarishi shular jumlasidandir hamda u bevosita «aholi», «iqtisodiyot», «mahalla» va «xizmatlar» tushunchalari bilan bog‘liq.

Islohotlarning ijtimoiy poydevori mahalla va ijtimoiy hamjihatlikni rivojlantirish orqali shakllantiriladi. Bu yo‘nalish «mahalla», «yoshlar», «jamiyat» va «qadriyatlar» tushunchalari bilan bog‘liq.

Leksikani yo‘nalishlar bo‘yicha strukturalash natijalariga ko‘ra, nutq markazida iqtisodiyotni texnologik modernizatsiya qilish hamda «mahallabay» tizimiga asoslangan insonga yo‘naltirilgan boshqaruv modeli turgani aniqlandi.

Iqtisodiy o‘sishning aholi farovonligini oshirish va mahalliy infratuzilmani rivojlantirish bilan o‘zaro bog‘liqligi, shuningdek inson kapitaliga e’tiborni kuchaytirish, bandlikni kengaytirish va davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish ustuvor yo‘nalishlari ta’kidlanadi.

3-rasm. Rivojlanish yo‘nalishlarining o‘zaro bog‘liqligi

Ma’nosiga ko‘ra ajratilgan bloklar qatorida ichki talabni rag‘batlantirish, uy-joy va turizm yo‘nalishini rivojlantirish, transport tizimini modernizatsiya qilish, qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish vazifalari ham belgilab berilgan.

Alohida e’tibor «yashil» kun tartibiga qaratilgan bo‘lib, qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish, «yashil makon» tashabbusini kengaytirish, shuningdek iqlim xatarlariga bardoshlilikni oshirish masalalari qamrab olingan.

Tashqi siyosat blokida O‘zbekistonning ochiqligi, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash va global iqtisodiy tizimga integratsiyalashuvi ta’kidlangan.

Lingvistik tahlil davlat rahbarining ushbu chiqishining asosi islohotlar maqsadi barqaror o‘sish, aholi hayot sifatini oshirish va O‘zbekiston pozitsiyalarini yanada mustahkamlash sifatida «inson qadri – mahalla – farovonlikning oshishi» bog‘lanmasi atrofida shakllanganini tasdiqlaydi.

Ilyos Rabbimov, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

qo‘shimcha ma’lumotlar uchun quyidagi telefon orqali murojaat qilish mumkin:

(78) 150 02 02 (417)


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar