Mazkur bitim doirasida ishlab chiqarish, ta’lim va ilmiy-tadqiqot sohalarida tajriba almashish, kon elektromexanikasi yo‘nalishida istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, innovatsion texnologiyalarni xitoylik olimlar bilan hamkorlikda ta’lim jarayoniga joriy etish maqsad qilingan.
Shuningdek, Olmaliq davlat texnika instituti bazasida “Conch Cement” kompaniyasining tarkibiy bo‘linmalari uchun kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, kompaniya xodimlarining malakasini oshirish hamda qo‘shma ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini amalga oshirish masalalari bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Bundan tashqari, korxona uchun istiqbolli sohalarda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun Xitoy hamda boshqa xorijiy davlatlarda stajirovka dasturlarini tashkil etish, shuningdek, korxonaning dolzarb muammolari bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borish yuzasidan qator takliflar ilgari surildi.
Ta’kidlanganidek, ushbu hamkorlik ishlari Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan qarorlarda Olmaliq davlat texnika instituti oldiga qo‘yilgan pirovard maqsad — geologiya, metallurgiya va texnika sohalariga ixtisoslashgan jahon miqyosidagi ilg‘or muhandislik maktabini shakllantirishga xizmat qiladi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, “Conch Cement” kompaniyasi bugungi kunda butun dunyo bo‘ylab sement va qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi yuzlab korxonalarni o‘z ichiga olgan holda, konchilik va qurilish sanoatining eng yirik vakillaridan biri hisoblanadi. Kompaniya yiliga bir necha yuz million tonna mahsulot ishlab chiqarib, dunyoning 20 dan ortiq davlatlariga eksport amalga oshiradi.
Izoh qoldirish