Toshkentda Turkiy davlatlar tahliliy markazlarining xalqaro anjumani o‘z ishini yakunladi. Tadbirda olti turkiy davlat: Turkiya, Ozarbayjon, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Vengriyadan 16 ta milliy tahlil markazlari ishtirok etdi.
Anjumanda yetakchi tahlil markazlari vakillari va rahbarlari: Doktor Asxat Kesikboev – Turkiy tillar akademiyasi vitse-prezidenti; Prof. Shahin Sadigov – Iqtisodiy tadqiqotlar instituti boshqaruvi raisi (Ozarbayjon); David Biro – Turkiy davlatlar tashkilotining Vengriyadagi vakolatxonasi loyiha koordinatori; Meruert Maxmutova – Davlat siyosatini o‘rganish markazi direktori (Qozog‘iston); Lidiya Parkxomchik Jahon iqtisodiyoti va siyosati instituti (IWEP) Yevroosiyo tadqiqotlari dasturining yetakchi ilmiy xodimi va boshqalar ishtirok etdi.
Ishtirokchilar harakatda mintaqaviy birdamlikni namoyish etdi. Savdo-iqtisodiy munosabatlarning holati tahlil qilinib, o‘sishning yangi, kuchli imkoniyatlari belgilandi.
Turkiy mamlakatlar aholisining umumiy soni 175 million kishidan oshadi, ularning ichki bozori hajmi esa xarid qobiliyati paritetida 5,6 trillion dollardan ko‘p. Turkiy davlatlar tashkilotining yalpi ichki mahsuloti 2024-yilda 2,1 trillion dollardan oshdi. 2024-yil oxiriga kelib, TDTga aʼzo mamlakatlar oʻrtasidagi ichki savdo ularning umumiy tovar aylanmasining qariyb 7 foizini tashkil etdi va oʻtgan yili bu koʻrsatkich 850 milliard dollarga yetdi. Shu bilan birga, bir necha yil oldin bu ulush atigi 3%ni tashkil etdi, bu ijobiy dinamikani ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, turkiy davlatlar birgalikda dunyoda uchinchi yirik energiya yetkazib beruvchi bo‘lib, mintaqaga qo‘shimcha strategik afzalliklar beradi. TDT davlatlarining energiya resurslari 19,9 trillion kubometr tabiiy gaz, 38,2 milliard barrel neft va 42 milliard tonna ko‘mirning tasdiqlangan zaxiralarini o‘z ichiga oladi, bu esa ularning jahon energetika bozoridagi strategik rolini ta’kidlaydi.
Ta’kidlash joizki, ishtirokchilar institutsional va logistik to‘siqlarni bartaraf etish, infratuzilmani rivojlantirish, savdoni raqamlashtirish va kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma salohiyatni ro‘yobga chiqarishda birgalikdagi sa’y-harakatlar zarurligini ta’kidladilar.
O‘zbekiston TDTning faol ishtirokchisi sifatida raqobatbardosh sanoat bazasi, o‘sib borayotgan eksport salohiyati va barqaror makroiqtisodiy siyosatni taklif etib, iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirishga tayyorligini tasdiqladi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va innovatsiyalar markazi (CEIR) direktori Obid Hakimov ta’kidlaganidek, “O‘zbekiston va Ozarbayjon tahlil markazlari o‘rtasidagi tahliliy hamkorlik tajribasi hamkorlik yo‘nalishlarini izlashda ekspert yondashuvi samaradorligini tasdiqlaydi. Bunday mexanizm TDT doirasida tashkiliy hamkorlikni tizimli rivojlantirish va yangi iqtisodiy tashabbuslarni shakllantirish uchun asos bo‘lishi mumkin”.
Anjuman Turkiy tillar akademiyasi, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Yevroosiyo tadqiqot instituti, Raqobatni qo‘llab-quvvatlash va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi huzuridagi Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish markazi, Iqtisodiy tadqiqotlar instituti (ESRI) hamda Xo‘ja Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro Turk-Qozoq universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolanishi bilan yakunlandi.
Shu tariqa, TDTning tahliliy markazlari o‘rtasida imzolangan hamkorlik shartnomalari integratsiyani chuqurlashtirish va o‘zaro savdoni kengaytirish imkonini beradigan keyingi hamkorlik uchun platforma yaratadi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar va OAV bo‘limi
Izoh qoldirish