Vazirlar Mahkamasining “Soliq to‘lovchilarni hisobga olishni yana-da takomillashtirish va qo‘shilgan qiymat solig‘ining o‘rnini qoplash tartibini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi (595-son 22.09.2021 y.).
Mazkur qaror bilan intizomli soliq to‘lovchilarga o‘rni qoplanishi lozim bo‘lgan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini qaytarishni tezlashtirilgan tartibda amalga oshirilishi belgilanmoqda.
Soliq to‘lovchilarni QQS to‘lovchisi sifatida maxsus ro‘yxatdan o‘tkazishning yangi tartibiga ko‘ra soliq organlari tomonidan ularning faoliyati 7 kunlik muddatda avtomatlashtirilgan tizim orqali tahlildan o‘tkazilishi va soliq xavfining past, o‘rta hamda yuqori darajalariga ajratilishi nazarda tutilgan.
- soliq xavfi past darajada bo‘lgan soliq to‘lovchilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri maxsus ro‘yxatdan o‘tkaziladi va hech qanday soliq nazorati tadbirlari amalga oshirilmaydi;
- soliq xavfi o‘rta darajada bo‘lgan soliq to‘lovchilar keyingi keladigan o‘n ikki oy ichida soliq nazoratining tekshiruv tadbirlarini o‘tkazish sharti bilan maxsus ro‘yxatdan o‘tkaziladi;
- soliq xavfining yuqori darajasiga tushgan soliq to‘lovchilarning arizasi rad qilinishi yoki mavjud QQS guvohnomalari ushbu kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar avtomatik ravishda vaqtincha to‘xtatilishi belgilanmoqda.
Shuningdek, QQS summasini hisobga olish huquqi soliq to‘lovchilarda hamda ularning kontragentlarida faol QQS guvohnomasining mavjudligi bilan belgilanmoqda.
2022 yil 1 yanvardan QQS to‘lovchilar va ustav jamg‘armasida davlat ulushi 50 foizdan ko‘proq miqdorda bo‘lgan yuridik shaxslar uchun quyidagilar majburiy hisoblanadi:
- asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar va tovar-moddiy resurslarni hisobga olish hamda o‘z ustav fondini shakllantirish va kamaytirish bilan bog‘liq barcha operatsiyalarni davlat soliq organlarining “E-aktiv” avtomatlashtirilgan avtomat tizimida aks ettirish;
- xo‘jalik faoliyati davomida tovar-moddiy zaxiralar saqlash muddati tugagach yo‘q qilinganda va hisobdan chiqarilganda 3 ish kunidan kechiktirmasdan “E-aktiv” AATda aks ettirish.
2022 yil 1 yanvardan yuridik shaxslar tomonidan ko‘chmas mulkni ijaraga berish (olish) yoki tekin foydalanish shartnomalari davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yiladi. Bunda hisobga qo‘yish masofadan turib faqat elektron shaklda amalga oshiriladi.
Kiritilayotgan o‘zgartirishlardan asosiy maqsad, intizomli soliq to‘lovchilarni turli soliqdan qochish sxemalaridan foydalanayotgan ayrim tadbirkorlik subektlari bilan iqtisodiy munosabatlarga kirish xavfidan saqlashdir.
Soliq to‘lovchilarga ko‘maklashish maqsadida ularning shaxsiy kabinetida “Mening holatimni tekshirish” imkoniyati yaratildi. Bu orqali ushbu tartib kuchga kirgunga qadar soliq xavfining yuqori darajasiga tushishi hamda mavjud guvohnomani vaqtincha to‘xtatilishiga sabab bo‘ladigan kamchiliklarni aniqlash va ularni bartaraf etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ushbu qaror qabul qilingan kundan boshlab 3 oydan so‘ng kuchga kiradi.
Izoh qoldirish