AQShdagi mis zaxiralari jahon zaxiralarining 85 foiziga yetdi (Reuters)
AQSh import bojlari joriy etilishi kutilmalari jahon bozorida mis yetkazib berishlarining qayta taqsimlanishiga olib keldi. 2026 yil boshidan buyon AQSh 1,3 mln tonna mis import qildi. Natijada jahondagi birja zaxiralarining 85 foizi Amerika omborlarida to‘plandi. Ayni paytda Shanxay fyuchers birjasidagi zaxiralar so‘nggi uch yilning eng past darajasi - 33,8 ming tonnagacha qisqardi. Xitoyda mavjud mis yetishmasligi import uchun qo‘shimcha ustamani rekord darajaga, ya’ni bir tonna uchun 230 dollarga ko‘tardi.
AQShda texnologik kompaniyalar aksiyalari ommaviy sotilganidan so‘ng investitsiya fondlari misga ham kamroq mablag‘ yo‘naltira boshladi. Bu esa bozordagi vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda. Shu bilan birga, AQSh va London birjalaridagi mis narxlari o‘rtasidagi farq avgust oyidagi bir tonna uchun 700 dollardan 80 dollargacha qisqardi. Bu esa misga talab saqlanib qolayotgan Osiyo bozorlariga metall yetkazib berish hajmini oshirish uchun iqtisodiy sharoit yaratmoqda.
Hindiston savdo bojlari tufayli to‘qimachilik eksportining AQShga bog‘liqligini kamaytirmoqda (The Economic Times)
AQSh import bojlarining oshirilishi Hindiston to‘qimachilik va tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari eksportni Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi va BAA bozorlariga qayta yo‘naltirmoqda. 2026 yil aprel-avgust oylarida Hindistonning AQShga to‘qimachilik, kiyim-kechak va uy-ro‘zg‘or buyumlari yetkazib berishi 9,8 foizga qisqarib, 4 mlrd dollarni tashkil etdi, boshqa bozorlarga eksport esa 3,7 foizga o‘sib, 15,2 mlrd dollarga yetdi. Hindiston to‘qimachilik eksportida AQShning ulushi 2022 yildagi 28,3 foizdan 2026 yil avgustida 25,4 foizgacha kamaydi.
Ishlab chiqaruvchilar sotuv tarkibini qayta ko‘rib chiqmoqda. Orient Craft kompaniyasi Amerika bozorining ulushini 84 foizdan 10 foizgacha qisqartirib, yetkazib berishlarni Yevropaga qayta yo‘naltirdi. Gokaldas Exports daromaddagi AQSh ulushini 50 foizdan 35 foizgacha tushirishni rejalashtirmoqda. Buyuk Britaniya bilan savdo bitimi Hindiston kiyim-kechak mahsulotlarining ushbu bozorga bojsiz kirishini ta’minlaydi, Yevropa Ittifoqi bilan kelishuv esa 12-17 foizlik import bojlarini bekor qilish imkonini berishi mumkin. Shu bilan birga, hajmi 150 mlrd dollarga teng va yiliga 7-8 foizga o‘sib borayotgan Hindiston ichki bozori ham to‘qimachilik sanoatini qo‘llab-quvvatlamoqda.
AQShda elektr energiyasi iste’moli yangi rekord darajaga yetadi (EIA)
AQSh Energetika axboroti boshqarmasi (EIA) prognozlariga ko‘ra, mamlakatda elektr energiyasi iste’moli 2025 yildagi rekord 4 216 mlrd kVt·soatdan 2026 yilda 4 306 mlrd kVt·soatga, 2027 yilda esa 4 370 mlrd kVt·soatga yetadi. Shu tariqa, ikki yil davomida elektr energiyasiga talab 3,7 foizga oshadi. O‘sishning asosiy omillari sun’iy intellekt texnologiyalari uchun ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarining kengayishi, isitish tizimlari va transportda elektr energiyasidan foydalanishning ortishidir. 2026 yilda aholi va tijorat sektorida elektr energiyasi iste’moli eng yuqori darajaga yetishi kutilmoqda.
Elektr energiyasi ishlab chiqarish tarkibida ham o‘zgarishlar prognoz qilinmoqda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushi 2025 yildagi 24 foizdan 2027 yilda 28 foizga oshadi. Shu davrda ko‘mirning ulushi 17 foizdan 15 foizga, tabiiy gazniki esa 40 foizdan 39 foizga kamayadi. Atom energetikasining ulushi 18 foiz darajasida saqlanib qoladi. Shu bilan birga, 2026 yilda elektr stansiyalarining tabiiy gazga bo‘lgan talabi sutkasiga 37,4 mlrd kub futga yetib, 2024 yilda qayd etilgan avvalgi rekorddan oshishi prognoz qilinmoqda.
Izoh qoldirish