O‘zbekiston-Germaniya: savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik istiqbollari

O‘zbekiston-Germaniya: savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik istiqbollari

2021 yil 5 mart kuni Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori o‘rinbosari Umid Abidxodjayev O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 29 yilligiga bag‘ishlangan o‘zbekiston-german videokonferensiyasida ishtirok etdi.

Tadbir strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan Konrada Adenauer jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Anjumandan ko‘zlangan maqsad savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar sohalarda, jumladan, pandemiyadan keyingi davrda o‘zbekiston-german hamkorligining bugungi holati va istiqbollarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.

Tadbirda Toshkent va Berlindagi diplomatik vakolatxonalar rahbarlari, ilmiy-tahliliy tuzilmalarning yetakchi ekspertlari hamda rasmiy doiralar vakillari ishtirok etdi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori o‘rinbosari U. Abidxodjayev o‘z nutqida Yevropa Ittifoqi davlatlari orasida Germaniya O‘zbekistonning asosiy savdo-iqtisodiy hamkori ekanligini alohida ta’kidladi.

Umuman olganda, so‘nggi uch yil ichida O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi savdo aylanmasining o‘sishida ijobiy tendensiya kuzatildi. Sirasini aytganda, 2016 yildan 2019 yilgacha ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar aylanmasi 87% ga o‘sib, 529,1 mln dollardan 989,8 mln dollargacha oshdi. Shuningdek, eksport 69% ga, import esa 88,4% ga o‘sdi.

2020 yilda koronavirus pandemiyasi tufayli savdo aylanmasi 16,2% ga kamayib, 829,0 mln. dollarni tashkil etdi. Jumladan, eksport aksincha 13,3% oshdi, ya’ni,62,2 mln dollardan 70,5 mln. dollargacha, import esa 18,2% kamaydi, ya’ni, 927,5 mln dollardan 758,5 mln. dollargacha.

O‘zaro savdodagi nomutanosiblikni qayd etgan U. Abidxodjayev O‘zbekiston "GSP +" maqomini iloji boricha tezroq qabul qilishi YeI mamlakatlariga, shu jumladan, Germaniyaga tayyor mahsulotlar eksportini oshirish imkonini berishini ta’kidladi.

2020 yilda 110 ga yaqin investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida Germaniyaning o‘zlashtirilgan investitsiyalari hajmi 25% ga o‘sdi va 710 mln. dollardan oshdi.

Germaniyaning iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi ikki tomonlama hamkorlik uchun sherik mamlakatlar ro‘yxatini qisqartiradigan yangi "2030 strategiya"sini ishlab chiqdi. Shu bilan birga, Markaziy Osiyo davlatlarining qisqartirilgan ro‘yxatiga faqat O‘zbekiston kiritildi, bu esa qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni davom ettirish imkonini beradi.

Jumladan, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori o‘rinbosari Germaniya bilan mintaqa mamlakatlariga, jumladan, Janubiy Osiyo, xususan, Afg‘oniston bozorlariga eksport qilish uchun tayyor mahsulot ishlab chiqarish ob’yektlarini yaratish bo‘yicha hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston bilan Germaniya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik katta istiqbolga ega bo‘lib, iqtisodiy hamkorlikning yangi shakl va yo‘nalishlarini topish va rivojlantirishni davom ettirish zarurligini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning fevralida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktor o‘rinbosari U. Abidxodjayevdan iborat delegatsiya Berlinga tashrif buyurdi. Unda O‘zbekiston-Germaniya hamkorligining istiqbolli yo‘nalishlari, shuningdek, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, mintaqaviy va global savdo-iqtisodiy tuzilmalar bilan hamkorlik qilishning dolzarb masalalarini muhokama qilindi.

Bundan tashqari, 2020 yil aprel oyida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi "Berlin Economics" konsalting kompaniyasi ko‘magida biznes iqlim indeksi (Geschäftsklimaindex)ni ishlab chiqish bo‘yicha Germaniya tajribasini o‘rganish uchun Iqtisodiy tadqiqotlar institutida "ifo Institut" (Germaniya) vebinar o‘tkazilgan.

Ko‘rsatkichlarni yig‘ish uchun IFO formulalaridan foydalangan holda indeksni ishlab chiqish bo‘yicha batafsil ma’lumotlar olindi. O‘tgan yilning may oyidan boshlab Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi har oyda 1000 dan ortiq korxonalar o‘rtasida bir xil IFO metodologiyasi yordamida yaratilgan O‘zbekistonda ishbilarmonlik muhitini baholash bo‘yicha so‘rov o‘tkazmoqda.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Berlin iqtisodiy guruhi bilan hamkorlikni yanada chuqur davom ettirmoqda. Xususan, joriy yilda YaIMni prognozlash metodologiyasini ko‘rib chiqish va ularning afzalliklari hamda kamchiliklarini taqqoslash, shuningdek, ta’minot tomonidan qisqa muddatli va uzoq muddatli YaIMni prognoz qilishning optimal metodologiyasini ishlab chiqish va bu metodologiyani amalda qo‘llash rejalashtirilgan.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

jamoatchilik bilan aloqalar xizmati

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar