Joriy yilning 13 fevral kuni O‘zbekiston – Qozog‘iston chegarasidagi “G‘isht – Ko‘prik” chegara bojxona posti hududida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakovning Qozog‘iston Respublikasi savdo va integratsiya vaziri B.Sultonov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Uchrashuv chog‘ida tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlashga o‘zaro tayyorligini ta’kidladilar. O‘tgan yilning noyabr oyida Toshkent shahrida kelishilgan O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning amalga oshirilishiga oid masalalar muhokama qilindi.
Tomonlar tasdiqlangan tadbirlar va loyihalarni ilgari surish uchun ikki mamlakatning tegishli vazirliklari, idoralari va tadbirkorlari o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirish mexanizmlarini ham belgilab oldilar.
Shuningdek, o‘zaro savdo hajmini oshirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar, xususan, transchegaraviy munosabatlarni rivojlantirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar va “Markaziy Osiyo” xalqaro savdo-iqtisodiy hamkorlik markazi (XSIHM)ni tashkil etish loyihasi ishlab chiqilishining borishi muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida tomonlar ushbu loyihaning hayotga tatbiq etilishini jadallashtirishga kelishib, ikki tomonlama investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikning dolzarb masalalarini hal etish bo‘yicha navbatdagi qo‘shma tadbirlarni rejalashtirib oldi.
Izoh qoldirish