Xitoy toza texnologiyalarni rivojlantirishga 132 mlrd dollar yo‘naltirdi (Reuters)
2025 yilda Xitoyning rivojlanayotgan mamlakatlarga toza texnologiyalar eksporti va ushbu sohaga kiritgan investitsiyalari umumiy hajmi 132 mlrd dollarni tashkil etdi. Shundan 40 mlrd dollari toza energetika loyihalariga yo‘naltirilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hissasiga to‘g‘ri keldi.
Taqqoslash uchun, 2024 yilda rivojlangan mamlakatlar rivojlanayotgan davlatlarga iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va uning oqibatlariga moslashish choralarini moliyalashtirish uchun 137 mlrd dollar ajratgan. Biroq Xitoy investitsiyalari asosan tijorat asosidagi mahsulot va uskunalar yetkazib berish bilan bog‘liq bo‘lsa, rivojlangan mamlakatlar tomonidan ajratiladigan mablag‘lar kreditlar, grantlar va boshqa moliyaviy ko‘mak shakllarini qamrab oladi.
Quyosh panellari, akkumulyatorlar va elektromobillar ishlab chiqarish hajmining kengayishi toza texnologiyalar narxining pasayishiga xizmat qilmoqda. 2025 yilda Xitoy uskunalarining rivojlanayotgan mamlakatlarga yetkazib berilishi va joriy etilishi natijasida issiqxona gazlari chiqindilarini har yili 257 mln tonnaga qisqartirish imkoniyati yaratiladi. Xitoyning quyosh panellari va ularni ishlab chiqarish uchun zarur elementlar eksportining qariyb uchdan ikki qismi rivojlanayotgan mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
2026 yil kuzatuvlar tarixidagi eng issiq to‘rt yildan biri bo‘ladi (JMT)
Jahon meteorologiya tashkiloti (JMT) ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning yanvar-sentyabr oylarida global o‘rtacha harorat sanoatlashuvgacha bo‘lgan davr darajasidan 1,47°C yuqori bo‘ldi. So‘nggi 12 yil meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng issiq yillar sifatida qayd etildi, 2023-2026 yillar esa eng yuqori harorat kuzatilgan to‘rt yil qatoriga kirdi. JMT El-Nino iqlim hodisasining kuchayishi ta’sirida harorat yanada ko‘tarilishini kutmoqda. Uning ta’siri 2027 yilda ham saqlanib qolishi prognoz qilinmoqda.
Hisobotga ko‘ra, okean suvlari harorati ketma-ket o‘ninchi yil rekord darajada saqlanmoqda, jahon okeanining o‘rtacha sathi esa 2026 yilda tarixiy eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi. 2025 yilda muzliklar 400 mlrd tonnadan ortiq muz yo‘qotdi. Kuchli issiqlik, qurg‘oqchilik va suv toshqinlari qishloq xo‘jaligi, suv ta’minoti va iqtisodiyot uchun xavflarni oshirmoqda.
Hisobot 9 noyabr kuni Turkiyada BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha COP31 konferensiyasi ochilishida taqdim etildi.
Izoh qoldirish