O‘zbekiston va Qirg‘iziston: qo‘shma qiymat zanjirlariga o‘tish

O‘zbekiston va Qirg‘iziston: qo‘shma qiymat zanjirlariga o‘tish

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 iyul — 1 avgust kunlari davlat tashrifi bilan Qirg‘iziston Respublikasida bo‘ladi.

Tashrif yakunlari bo‘yicha qator ikki tomonlama hujjatlarni imzolash rejalashtirilgan.

Tashrif doirasida davlat rahbari Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining norasmiy Maslahat uchrashuvida ham ishtirok etadi.

Mazkur davlat tashrifi arafasida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi mintaqaviy hamkorlikning bugungi holati va istiqbollariga bag‘ishlangan axborot-tahliliy materiallar turkumini tayyorladi.

So‘nggi o‘n yilda ikki mamlakat to‘planib qolgan masalalarni hal etishdan aniq qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga o‘tdi. Chegara to‘siq emas, balki bog‘lovchi omilga, iqtisodiyotlarning o‘zaro to‘ldiruvchanligi esa yangi imkoniyatlar manbaiga aylanmoqda.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik drayverlari

O‘zaro savdo dinamikasidagi o‘zgarishlar eng yaqqol ko‘rinadi. 2016 yilga nisbatan o‘zaro savdo hajmi 7 barobardan ziyod o‘sdi. Shu davrda O‘zbekiston eksporti 6 barobardan ortiq, Qirg‘izistondan import esa 9 barobardan ziyod oshdi. Bu tovar oqimlari ikki tomonlama o‘sib borayotganini ko‘rsatadi.

2025 yilda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi tashqi savdo aylanmasi qariyb 1,2 mlrd AQSh dollariga yetib, yil davomida 37 foizga o‘sdi. O‘zbekistonning Qirg‘izistonga eksporti 46,5 foizga oshib, 771 mln dollarga, import esa qariyb 23 foizga o‘sib, 428 mln dollarga yetdi.

Ijobiy dinamika 2026 yilda ham davom etdi. Yanvar–may oylarida tovar ayirboshlash hajmi 469 mln dollarga yaqinlashib, 45,5 foizga o‘sdi. Shu davrda O‘zbekiston eksporti 63 foizga oshib, 771 mln dollarga, Qirg‘izistondan import esa qariyb 13 foizga o‘sib, 428 mln dollarga yetdi.

So‘nggi yillarda savdo tarkibi sezilarli darajada o‘zgardi. Masalan, 2021–2022 yillarda O‘zbekiston eksportining 50 foizdan ortig‘i yengil sanoat mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2025 yilda ularning ulushi 19 foizni yoki 147 mln dollarni tashkil etdi. Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti 15 foiz yoki 112 mln dollar, mashina, uskuna va transport vositalari 11 foiz yoki 87 mln dollar, kimyo mahsulotlari esa 11 foiz yoki 81 mln dollarni tashkil qildi.

Alohida tovarlar kesimida eksportning asosiy qismini tayyor to‘qimachilik mahsulotlari, elektr energiyasi, sement, mineral o‘g‘itlar, trikotaj matolar, avtomobil kuzovlari va butlovchi qismlar, keramik plitkalar, alyuminiy profillar, meva-sabzavot hamda qandolat mahsulotlari tashkil etmoqda.

Eksport tarkibida sifat jihatidan ham o‘zgarish kuzatilmoqda. Xom ashyo tovarlarining eksportdagi ulushi 2019 yildagi 56 foizdan 2025 yilda 8,2 foizga pasaydi. Qayta ishlangan mahsulotlar ulushi 40 foizni, qolgan qismini esa tayyor mahsulotlar, xizmatlar va jismoniy shaxslar tovarlari tashkil etdi.

Qirg‘izistondan import ham strategik ahamiyat kasb etmoqda. 2025 yilda import tarkibida mineral-xom ashyo tovarlari 44 foiz yoki 190 mln dollar, yoqilg‘i-energetika mahsulotlari 26 foiz yoki 111 mln dollarni tashkil etdi. Shundan ko‘mir va lignit hissasi 85 mln dollarga to‘g‘ri keldi. Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarining ulushi 14 foiz yoki 61 mln dollar bo‘ldi. Shuningdek, shisha, tabiiy tosh, metall prokati, shinalar va qadoqlash materiallari ham muhim import pozitsiyalari hisoblanadi.

Shu bilan birga, o‘sish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar saqlanib qolmoqda. Qirg‘izistonning O‘zbekiston umumiy tashqi savdo aylanmasidagi ulushi hozircha qariyb 1,5 foizni tashkil etadi. Tomonlar belgilagan o‘zaro savdo hajmini 2030 yilga qadar 2 mlrd dollarga yetkazish vazifasi amalga oshirilishi mumkin. Buning uchun tovar nomenklaturasini diversifikatsiya qilish, kooperatsiya aloqalarini kengaytirish va barqaror savdo-investitsiya munosabatlarini mustahkamlash bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettirish zarur.

Investitsiyalar va kooperatsiya

Ikki mamlakat iqtisodiy hamkorligining ikkinchi drayveri investitsiyaviy va sanoat kooperatsiyasidir.

Ma’lumot uchun, 2016 yilda O‘zbekistonda Qirg‘iziston kapitali ishtirokida atigi 49 ta korxona faoliyat yuritgan. 2025 yil yakuniga kelib ularning soni 344 taga yetdi, ya’ni 7 barobar oshdi. 2026 yil 1 iyul holatiga esa bunday korxonalar soni 374 tani tashkil etdi.

Bu yo‘nalishda 2021 yilda tashkil etilgan O‘zbekiston–Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi muhim mexanizm bo‘lib xizmat qilmoqda. Jamg‘arma investitsiyaviy kreditlash, lizing va loyihaviy moliyalashtirish kabi qo‘llab-quvvatlash vositalaridan foydalanmoqda. Keyingi bosqichda uning portfelini kengaytirish va mablag‘larni eksportga yo‘naltirilgan qo‘shma korxonalarga faol yo‘naltirish maqsadga muvofiq.

So‘nggi yillarda bir qator qo‘shma korxonalar ishga tushirildi. Jumladan, Chuy viloyatida ochilgan Qirg‘iziston–O‘zbekiston Tulpar Motors avtomobil zavodi metallga ishlov berish, avtokomponentlar, logistika va servis xizmatlariga talabni oshirmoqda.

Shuningdek, to‘qimachilik sanoati, maishiy texnika, plastik va alyuminiy profillar, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida ham qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li hamda quvvati 1,9 MVt bo‘lgan Qambarota GES-1 kabi yirik loyihalarni amalga oshirish boshlandi.

Ushbu loyihalarning ro‘yobga chiqarilishi ikki tomonlama munosabatlarda yangi tarkibiy bosqichga o‘tish uchun mustahkam asos yaratadi.

Hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari

Yuqorida keltirilgan savdo-iqtisodiy hamkorlik natijalari, shuningdek, O‘zbekiston va Qirg‘iziston iqtisodiyotining yuqori o‘sish sur’atlari ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish uchun katta imkoniyatlar yaratmoqda.

Xususan, o‘zaro savdoni sanoat kooperatsiyasi mahsulotlari hisobiga kengaytirish muhim ahamiyat kasb etadi. Savdo hajmini 2 mlrd AQSh dollariga yetkazish bo‘yicha belgilangan vazifalar endi faqat tayyor mahsulotlar savdosini emas, balki ikki mamlakat iqtisodiyoti o‘rtasida qo‘shilgan qiymat zanjirlarini chuqurlashtirish doirasida qayta ishlash uchun mo‘ljallangan tovarlar hajmini oshirishni ham talab etadi.

Hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi baholashlariga ko‘ra, O‘zbekiston Qirg‘izistonga yengil avtomobillar va ularning butlovchi qismlari, yuk avtomobillari, qishloq xo‘jaligi texnikalari, qora metallurgiya mahsulotlari, tayyor to‘qimachilik mahsulotlari, polimer materiallar va plastmassa buyumlari, elektr texnikasi va uskunalari, farmatsevtika mahsulotlari hamda sement yetkazib berish hajmini oshirish imkoniyatiga ega.

Qirg‘iziston esa rudali xom ashyo, plastmassa buyumlari, shisha, tabiiy tosh va keramika mahsulotlari, shuningdek, ekologik toza qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish salohiyatiga ega.

Hamkorlikni rivojlantirishning strategik muhim yo‘nalishi quyidagi sohalarda keng ko‘lamli sanoat kooperatsiyasiga o‘tish bo‘lishi mumkin:

  • yengil sanoatda – chegaraoldi hududlarida 600 ming tonnadan ortiq paxta xom ashyosi yetishtirilishi, 4 mln bosh qoramol va 6,4 mln bosh qo‘y-echki mavjudligi mustahkam xom ashyo bazasini shakllantiradi. Shuningdek, Xitoyga yaqinlik sintetik xom ashyo xarid qilish xarajatlarini kamaytiradi;
  • qurilish materiallari ishlab chiqarishda – chegara hududlarida mazkur tarmoq yetakchi sanoat yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Qirg‘izistonda qurilish sohasidagi yuqori o‘sish sur’atlari (2026 yil birinchi yarim yilligida 1,7 barobar) qurilish materiallariga talabni oshirmoqda;
  • oziq-ovqat sanoatida – meva-sabzavot, go‘sht va sut mahsulotlarini qayta ishlash, sharbat, murabbo, yem-xashak va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish;
  • konchilik sohasida – foydali qazilmalar, jumladan, kritik minerallar va temir rudasi konlarini qidirish hamda o‘zlashtirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, qazib olishdan tortib tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq ishlab chiqarish zanjirini shakllantirish.

Bundan tashqari, elektrotexnika, maishiy texnika, farmatsevtika va tibbiy buyumlar ishlab chiqarish, shuningdek, avtomobilsozlik uchun butlovchi qismlar (detallar, akkumulyatorlar, shinalar, plastik va metall komponentlar) tayyorlash sohalarida ham sanoat kooperatsiyasi va investitsiyalarni kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar mavjud.

Bu yo‘nalishda mahsulotlarni YeOII bozori standartlari va talablari asosida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish qo‘shma loyihalarning eksport salohiyatini yanada oshiradi.

Shuningdek, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li loyihasi yo‘nalishi bo‘ylab qo‘shma sanoat loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha ishlarni hozirdan boshlash maqsadga muvofiq. Temir yo‘l yo‘nalishi bo‘ylab logistika terminallari, sanoat zonalari, omborlar, qayta ishlash va yuklarga xizmat ko‘rsatish markazlarini barpo etish orqali mintaqada yirik sanoat-logistika markazini shakllantirish mumkin.

Shu bilan birga, chegaraoldi hududlari o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, elektron tijoratni rivojlantirish, uchinchi mamlakatlar bozorlariga birgalikda chiqish, marketpleyslar, startaplar hamkorligi, raqamli to‘lovlar, turizm va qo‘shma korxonalar uchun kadrlar tayyorlash ham istiqbolli yo‘nalishlar hisoblanadi.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston va Qirg‘iziston iqtisodiy sheriklik uchun mustahkam asos yaratdi. Endigi bosqich miqdoriy o‘sishdan sifat jihatidan yangi darajaga – ishlab chiqarish integratsiyasiga o‘tishdan iborat. Buning uchun alohida tovarlar yetkazib berishdan qo‘shma qo‘shilgan qiymat zanjirlarini shakllantirishga, sanoat kooperatsiyasi tarmoqlarini rivojlantirishga va yagona ishlab chiqarish-logistika makonini yaratishga o‘tish muhim ahamiyatga ega.

Manba The International Asia Today i KABAR

Ruslan Abaturov

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar