Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) tomonidan avtomobil bozorida savdolar o‘zgarishi muntazam tahlil qilib kelinmoqda.
2022 yil yanvar oyida 113,2 ming dona avtotransport vositalari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi, va o‘tgan yilning yanvariga nisbatan 126,4 foizga, 2020 yil yanvar oyiga nisbatan esa 138,4 foizga ko‘paydi. Shu bilan birga 2021 yilning dekabriga nisbatan o‘sish sur’ati 96,5 foizni tashkil etdi.
Ekspertlar avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazishlar sonining keskin darajada o‘sishini 2022 yil 1 yanvardan avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yig‘imning to‘liq bekor qilinishi hamda oldi-sotdi shartnomasini notarial rasmiylashtirish uchun undiriladigan davlat bojini bazaviy hisoblash miqdorining 3 barobari miqdorida belgilanishi bilan izohlashmoqda.
O‘zbekistonga avtotransport vositalarini sotib olish va/yoki vaqtinchalik olib kirishda to‘lanadigan yig‘im 2022 yilgi davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonunga asosan bekor qilindi.
1-rasm. Ro‘yxatga olingan va qayta ro‘yxatdan o‘tgan avtomobillar sonini o‘zgarishi indeksi
Qayd etish lozimki, 2022 yil yanvargacha fuqarolar ikkilamchi bozordan sotib olingan avtomobillarni oldi-sotdi shartnomalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda ortiqcha xarajatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun “umumiy ishonchnoma” rasmiylashtirishni afzal ko‘rar edilar. Qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlar natijasida avval “umumiy ishonchnoma” bo‘yicha avtomashina sotib olgan fuqarolar avtotransportni o‘z nomiga rasmiylashtira boshladi.
Joriy yilning yanvar oyida birlamchi bozordan sotib olingan avtomobillar soni 27,9 mingtani tashkil etgan. Yil boshidan buyon avtomobillar savdosi 2021 yil dekabr oyiga nisbatan 2,7 foizga oshdi.
Bozorning o‘sishi asosan foydalanilgan avtomobillarni sotish va sotib olish hisobiga ta’minlandi. Ikkilamchi bozorda xarid qilingan avtomobillar soni 85,3 mingtaga (o‘sish 180,2 foiz) yetdi.
2 rasm. 2021-2022 yilda birlamchi va ikkilamchi bozorlarda sotilgan avtomobillar
Z
Yangi avtotransport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazishlar soni Samarqand (95,6 foiz), Surxondaryo (89,4 foiz), Navoiy (75,4 foiz) va Farg‘ona (60,5 foiz) viloyatlarida sezilarli darajada oshgan bo‘lsa, Toshkent shahrida (-44,7 foiz) va Toshkent viloyatida (-0,9 foiz) kamayish kuzatildi.
Chet elda ishlab chiqarilgan avtomobillar oldi-sotdi shartnomalari soni 1,9 mingtani tashkil etib, 2021 yil dekabr oyiga nisbatan 41 foizga kamaydi (2021 yil yanvar oyiga nisbatan o‘sish – 71 foiz).
3-rasm. 2021-2022 yil yanvar-noyabr oylarida ichki bozorda sotilgan yangi yengil avtomobillar
Ikkilamchi bozordan sotib olingan avtotransport vositalarini rasmiylashtirishlar soni eng ko‘p bo‘lgan hududlar Toshkent shahri – 13,6 ming (2021 yil dekabrda – 2,1 ming), Samarqand – 9,7 ming (3,7 ming), Farg‘ona – 9 ming (2,9 ming), Namangan – 8,1 ming (2,7 ming), va Andijon – 7,2 ming (2,3 ming) viloyatlari bo‘ldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev kecha O‘zbekistonda mashinasozlik sanoatini rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi, va mazkur yig‘ilish asnosida ichki talabni qondirish maqsadida birinchi yarim yillikda 160 mingta, yil yakuniga qadar 275 mingta avtomobil ishlab chiqarish zarurligini qayd etdi.
Shuningdek, hukumatga import avtomobillari uchun bojxona boji stavkalarini 2 barobarga (30 foizdan 15 foizga) pasaytirish bo‘yicha qaror loyihasini ishlab chiqishga topshiriq berildi. Ushbu chora avtomobillarni sotib olish uchun ichki talabni qondirishga yordam berishi kerak.
Xalilulloh Hamidov, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Sektor mudiri
tel: (78) 150 02 02 (410)
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Jamaotchilik bilan ishlash bo‘limi
tel: (78) 150 02 02 (417)
Izoh qoldirish