Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining tahlillariga ko‘ra, 2024 yilning iyunida O‘zbekistonda ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlari soni pasayib, jami 20,2 mingtani tashkil etdi.
Tahlillarga ko‘ra, ko‘chmas mulk bozori beqarorlik va qisqa muddatli tebranishlarga ishora qilmoqda. Xususan, bir oy davomida faollik 6,4 foizga pasayib, ikki oylik ijobiy dinamikaning o‘rnini egalladi. Ta’kidlash joizki, may oyida sotuvlar 9 foizga, aprel oyida esa 11 foizga oshgan edi. Yil davomida sotuvlar deyarli 14 foizga pasaydi.

Umuman olganda, faollikning tushishi mamlakat ko‘chmas mulk bozorining yalpi sekinlashganligini aks ettiradi.
Hududiy ko‘chmas mulk bozoridagi vaziyat
Hududiy kesimida, iyun oyida uy-joy savdosining eng katta pasayishi Sirdaryo (21%), Buxoro (20%) va Andijon (16%) viloyatlarida kuzatildi.
Respublikaning aksariyat hududlarida sotuvlar umumiy pasayishiga qaramasdan, Toshkent shahrida ijobiy dinamika saqlanib qolmoqda. Hisobot davrida poytaxtda faollik deyarli 5 foizga o‘sgan.
Joriy yilning birinchi yarmi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida umumiy savdolar soni 5,7 foizga pasaydi. Bu pasayish ayniqsa, Navoiy viloyatida sezilarli bo‘lib, operatsiyalar 26,5 foizga qisqardi. Bu ko‘rsatkich Toshkent shahrida 13,8 foizni, Jizzax viloyatida 10,6 foizni tashkil etdi.
Shu bilan birga, bir qator hududlarda ijobiy dinamika qayd etilmoqda. Xususan, 6 oy ichida o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirganda eng ko‘p o‘sish Andijon viloyatida – 12,7%, Xorazm viloyatida – 8,3% va Qashqadaryo viloyatida – 6% qayd etildi.
Toshkentda uy-joy ijarasi bozoridagi vaziyat
Poytaxt ijara bozori may oyida biroz tiklanishdan so‘ng, yana pasayish tendensiyasi bilan xarakterlandi. Xususan, Toshkentda ijara narxlari 1,2 foizga pasayib, bir kvadrat metr uchun 8,3 AQSh dollarni tashkil etdi.
Shu bilan birga, yil boshidan ijara narxi 9,8 foizga, o‘tgan yil mos davriga nisbatan 5,5 foizga pasaygan.
O‘tgan yilga nisbatan ijara narxida eng sezilarli pasayish Yashnobod va Mirzo-Ulug‘bek tumanlarida qayd etilgan bo‘lsa (12 foizdan yuqori pasayish), Yunusobod va Yakkasaroy tumanlarida narxlar pasayish sur’ati nisbatan pastroq kuzatildi - 8,3 foiz.
Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxlari yuqoriligicha qolmoqda (bir kvadrat metr uchun o‘rtacha 10,2 dollar). Nisbatan arzon ijara narxlari esa Olmazor, Sergeli va Bektemir tumanlarida kuzatilib, o‘rtacha bir kvadrat metr uchun 6,4 dollarni tashkil etadi.
Ikkilamchi uy-joy bozori
Iyunda ikkilamchi ko‘chmas mulk bozorida uy-joy narxlari o‘sish sur’ati sekinlashdi. May oyida narx o‘sishi 1,3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, iyun oyida o‘rtacha 0,3 foizga o‘sdi.
Shu bilan birga, o‘tgan yil iyuniga nisbatan ikkilamchi bozorda narxlar 10 foizga ko‘tarilgan.
Ikkilamchi uy-joy segmentida uy-joy narxining sezilarli o‘sishi Xorazm (18,1 foiz), Buxoro (17,1 foiz), Qashqadaryo (16,7 foiz) va Toshkent viloyatida (16 foiz) kuzatildi.
Toshkentda esa ikkilamchi bozordagi narxlar bir oyda 1,1 foizga pasaydi. Shayxontohur (0,8%), Yakkasaroy (0,6%) va Olmazor tumanlarida (0,3%) uy joy narxlarida kichik o‘sish saqlanib qolgan.

Ma’lumot uchun: O‘zbekistondagi ko‘chmas mulk bozori Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining tadqiqot yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, unda birlamchi va ikkilamchi ko‘chmas mulk bozorlaridagi faollik dinamikasi taqdim etib boriladi.
Jaloliddin Usmonov, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Tel.: (78) 150 02 02 (417)
Izoh qoldirish