O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ostonada bo‘lib o‘tgan «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» formatidagi birinchi sammitda nutq so‘zladi. Tahririyat davlat rahbari nutqining to‘liq matnini e’lon qiladi.
Hurmatli hamkasblar!
Hurmatli janob Mishel!
«Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» birinchi sammitining barcha ishtirokchilarini yana bir bor qutlayman.
Tadbirni tashkil etgani uchun Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti, hurmatli Qasim-Jomart Kemelevich Toqayev nomiga bildirilgan minnatdorlik so‘zlariga qo‘shilaman.
Biz mazkur formatga amaliy hamkorlikni ilgari surish, ishonch, sheriklik va o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash uchun zarur bo‘lgan muhim muloqot maydoni sifatida qaraymiz. Uchrashuvlarimiz muntazamlik kasb etishini qo‘llab-quvvatlaymiz.
Hurmatli sammit qatnashchilari!
Pandemiya oqibatlari va zamonaviy tahdidlarga qaramasdan, biz Yangi O‘zbekistonda ortga qaytmas tus olgan islohotlar strategiyasini amalga oshirishda davom etmoqdamiz. Samarali faoliyat ko‘rsatadigan bozor mexanizmlariga, shuningdek, yuqori hayot darajasi va qulay turmush sharoitlariga ega kuchli huquqiy davlatni barpo etish bizning ustuvor vazifamiz hisoblanadi.
Markaziy Osiyo aholisining yarmidan ko‘pi istiqomat qilayotgan O‘zbekistonda bugungi kunda faol demografik o‘sish kuzatilmoqda. Bu esa mamlakatimizning uzoq istiqboldagi barqaror rivojlanishi uchun mustahkam poydevor va qudratli resurs bo‘lib xizmat qiladi.
Biz erishgan muvaffaqiyatlarimiz bilan cheklanmaymiz va yangi o‘zgarishlar ko‘lamini yanada kengaytirishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz.
Bu o‘rinda gap avvalo qonunning so‘zsiz ustuvorligi, fuqarolik jamiyati institutlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, inson huquqlari va gender tenglikni, so‘z va e’tiqod erkinligini ta’minlash haqida bormoqda.
Biz iqtisodiy sohada bundan buyon ham tadbirkorlar uchun eng qulay sharoitlarni yaratish, korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish, raqobat va innovatsion biznes muhitining rivojlanishini rag‘batlantirish yo‘lidan boramiz.
Fursatdan foydalanib, muhtaram Prezident Mishel, Sizga, barcha yevropalik do‘stlarimiz va hamkorlarimizga sa’y-harakatlarimizni doimiy qo‘llab-quvvatlab kelayotganingiz uchun samimiy minnatdorchilik bildirmoqchiman.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Mamlakatimizning uzoq muddatli va izchil taraqqiyoti butun Markaziy Osiyodagi barqarorlik va farovonlik bilan chambarchas bog‘liq ekanini biz yaxshi anglaymiz. Aynan shu bois, O‘zbekiston yaxshi qo‘shnichilik va mintaqaviy sheriklik masalasini qat’iy ilgari surmoqda.
Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz natijasida Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi siyosiy muhit vujudga keldi. Bir necha o‘n yillar mobaynida yig‘ilib qolgan, hal etilishiga hech kim ishonmay qo‘ygan ko‘plab muammolar bir necha yil davomida bartaraf etildi. Hamkasblarim qayd etib o‘tganlaridek, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muntazam Maslahat uchrashuvlarining samarali mexanizmi yaratildi.
Biz, avvalo o‘zimiz uchun umummintaqa xavfsizligi va ravnaqi yo‘lida kelishuv sari qadam qo‘ya olishimizni isbotladik.
Janob Mishel, Sizga bu o‘zgarishlarning tub mohiyatini tushunishingizda yordam beradigan bir nechta misollarni keltirib o‘tsam.
Olti yil oldin bizning mintaqadagi alohida mamlakatlar bilan chegaralarimiz yopiq edi. O‘zaro savdo amalda rivojlanmay qolgan, biz iqtisodiy hamkorlarni mintaqa tashqarisidan qidirar edik. Barqaror kommunikatsiya, transport qatnovlari va faol gumanitar almashinuvlar yo‘q edi.
Bugun vaziyat tubdan o‘zgardi. Biz vizasiz rejimni joriy qildik, barcha o‘tkazish punktlarini ochdik. Aviaparvozlar va quruqlik orqali tashuvlarni tikladik va ularning sonini ko‘paytirdik. O‘zbekiston va mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi tovar aylanmasi 10 barobar o‘sdi.
Kooperatsiya aloqalari kuchayib bormoqda, yirik loyihalarni amalga oshirish uchun investitsiya kompaniyalari va boshqa moliyaviy vositalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Albatta, mintaqada hali ham o‘z yechimini topmagan masalalar bor. Biroq ishonchimiz komilki, bizning kuchli siyosiy irodamiz va umumiy bunyodkorlik ruhi mintaqadagi qardosh mamlakatlar va xalqlarni yanada yaqinlashtirishga xizmat qiladi. Va men Yevropa Ittifoqi ushbu ezgu maqsadlarga erishishni qo‘llab-quvvatlashda davom etishiga chin dildan umid bildiraman.
Hurmatli hamkasblar!
Biz mintaqamizning Yevropa Ittifoqi bilan hamkorligini quyidagi ustuvor yo‘nalishlarda izchil chuqurlashtirib borish tarafdorimiz.
Sammit arafasida biz O‘zbekistonda savdo-iqtisodiy hamkorlik sohasidagi ishlar holatini tahlil qildik. Haqiqatan ham, mamlakatlarimiz «GSP+» imtiyozli savdo tizimiga qo‘shilganidan so‘ng Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan tovar aylanmasining o‘sish sur’ati bizni quvontiradi. Birgina joriy yilning boshidan buyon yuqori qo‘shilgan qiymatli o‘zbek mahsulotlarining eksporti qariyb ikki barobar oshdi. Biroq, afsuski, umumiy raqamlar mavjud ulkan imkoniyatlarga hozircha mos kelmaydi.
Bilamizki, Yevropa bozorlarida tayyor, xomashyo bo‘lmagan tovarlar nomenklaturasi bilan munosib raqobat qilishi uchun mamlakatlarimiz qator kompleks masalalarni hal etishlari kerak.
Birinchidan, bu sanoat mahsulotlarimizning Yevropaning yuqori standartlari va texnik reglamentlariga muvofiqligini ta’minlash.
Ikkinchidan, hozirgi mavjud cheklovlarni hisobga olgan holda, Yevropa Ittifoqi bozorlariga chiqish uchun eng maqbul samarali transport-logistika koridorlarini yaratish, eng avvalo, Transkaspiy multimodal marshrutini rivojlantirish.
Uchinchidan, yevropalik iste’molchilar o‘rtasida Markaziy Osiyo mamlakatlari mahsulotlarining tanilishi va xaridorgir bo‘lishi uchun qo‘shma marketing tadqiqotlari hamda maqsadli tadbir va aksiyalar o‘tkazish.
Bundan tashqari, mintaqamizdagi ko‘plab mamlakatlarda Yevropa investitsiyalari va texnologiyalariga katta ehtiyoj kuzatilmoqda. O‘ylaymanki, hamkasblarim bu borada meni qo‘llab-quvvatlaydi.
Misol uchun, O‘zbekistonda Yevropa kompaniyalari bilan jami 900 ta qo‘shma korxona va loyihalar faoliyat ko‘rsatadi.
Mavjud sharoit tufayli biz dunyoning boshqa mintaqalaridan investitsiya va kreditlarni jalb qilyapmiz. Bozorlarimizdagi Yevropa kompaniyalari egallashi mumkin bo‘lgan joyni uchinchi mamlakatlardagi raqobatchilar to‘ldirmoqda.
Ushbu masalalarni tizimli ravishda hal qilish uchun Hukumatlarimiz Bosh vazir o‘rinbosarlari darajasida «Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo» Iqtisodiy hamkorlik qo‘mitasini ta’sis etishni taklif qilamiz.
Mazkur tuzilma faoliyati doirasida «Global darvoza» tashabbusining maqsad va vazifalarini qamrab olgan holda, savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish va o‘zaro transport-kommunikatsion bog‘liqlikni rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli strategik dasturni ishlab chiqish maqsadga muvofiq.
Qo‘mitaning birinchi uchrashuvini kelgusi yili bahorda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilari kengashining yillik majlisi arafasida Samarqandda o‘tkazishni taklif qilamiz.
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
Yevropa Ittifoqi «yashil» taraqqiyot sohasida bizning asosiy hamkorimiz hisoblanadi. Yevropa tomonini mintaqamizda qabul qilingan «Yashil kun tartibi» dasturini, jumladan, quyidagi aniq yo‘nalishlarni amalga oshirishda faol ishtirok etishga chaqiramiz: eko-innovatsiyalar, energiya samarador va resurs tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish; iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirish; «Smart-AKIS» yevropa tarmog‘i yordamida «aqlli» qishloq xo‘jaligini rivojlantirish; qayta tiklanuvchi energiya manbalari imkoniyatlarini ishga solish.
Kelgusi yil fevral oyida Rimda Atrof-muhit va suv resurslari bo‘yicha «Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo» mavzusida yuqori darajadagi navbatdagi konferensiyani o‘tkazish taklifini qo‘llab-quvvatlaymiz.
Uning yakunlari bo‘yicha aniq, amaliy qadamlar va tadbirlarni o‘z ichiga olgan qo‘shma «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqishni muhim deb hisoblaymiz.
Gumanitar sohada hamkorligimizni quyidagi yo‘nalishlarda faollashtirish zarur: ta’lim va innovatsiya almashuvlari; madaniy va sayyohlik aloqalari.
«Erasmus+» va «Yevropa gorizonti» dasturlari doirasida quyidagilarni taklif etamiz: ta’lim bo‘yicha Yevropaning ilg‘or metodikalarini joriy etish loyihasini amalga oshirish; qo‘shma fundamental va amaliy tadqiqotlarni o‘tkazishni tashkil etish.
Bundan tashqari, mamlakatlarimizda Yevropaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari filiallari sonini oshirishdan manfaatdormiz. Misol uchun, bugungi kunda O‘zbekistonda Yevropa davlatlari universitetlarining 7 ta filiali samarali faoliyat yuritib kelmoqda.
Biz birinchi mintaqaviy professional ta’lim loyihasini amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyormiz.
Yevropalik hamkorlarni mintaqamiz xalqlarining noyob tarixiy merosi, boy madaniyati va an’analari bilan keng tanishtirish maqsadida biz noyabr oyining ikkinchi yarmida Parijning Luvr muzeyida yirik ko‘rgazma tashkil etishni rejalashtirganmiz.
Bunday tadbirlarni har yili – Yevropa davlatlarining poytaxtlarida va madaniyat markazlarida hamkorlikda o‘tkazib borish tarafdorimiz.
Turizm sohasida yirik imkoniyatlar mavjud. Bugungi kunda Yevropa davlatlari jahon turizm tarmog‘ida mutlaqo yetakchi hisoblanadi. Ular tarixiy meros ob’yektlarini asrab-avaylash va rekonstruksiya qilish, zamonaviy infratuzilmani yaratish hamda sayyohlar oqimini boshqarish bo‘yicha juda katta tajribaga ega.
Kelgusi yilda Xiva shahrida o‘tkaziladigan «Yevropa Ittifoqi –Markaziy Osiyo» birinchi turizm forumi doirasida Yevropaning yetakchi operatorlari e’tiboriga Umumiy mintaqaviy turizm mahsulotlari konsepsiyasini taqdim etishni taklif etamiz.
Fikrimizcha, bunday tadbirlar Yevropa va bizning mintaqamiz xalqlari o‘rtasida bir-birini yaxshiroq tushunish va gumanitar aloqalarni mustahkamlashga zamin yaratadi.
Hurmatli hamkasblar!
Mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash muhim yo‘nalish hisoblanadi. Biz Yevropa Ittifoqining terrorizm, radikalizm va ekstremizm, uyushgan jinoyatchilik, narkotrafik va boshqa umumiy xavf-xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘shma dasturlar doirasidagi amaliy ko‘magini qadrlaymiz.
Xalqaro amaliyotdan kelib chiqib, axborot almashish va zamonaviy tahdidlarga birgalikda qarshi kurashish uchun bizning maxsus xizmatlarimiz va huquqni muhofaza qiluvchi organlarimiz o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni taklif qilamiz.
Bundan tashqari, Afg‘oniston masalasida bizning nuqtai nazarimizni qo‘llab-quvvatlagani uchun yevropalik hamkorlarimizga minnatdorchilik bildiramiz.
Biz janob Mishel bilan ushbu muammoni bir necha bor ochiq muhokama qildik. Bizning bu boradagi xavotir va tashvishlarimiz o‘xshashdir.
Biz afg‘on xalqiga doimiy ravishda gumanitar yordam ko‘rsatib kelayapmiz. Hatto eng murakkab davrda ham elektr energiyasi, neft va oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berishni to‘xtatganimiz yo‘q. Afg‘onistonga mamlakatimiz orqali o‘tadigan tranzit yuklari uzluksiz amalga oshirildi.
Bizni qish kelishi bilan Afg‘onistondagi gumanitar vaziyatning keskinlashuvi qattiq bezovta qilmoqda. Gap u yerda yashayotgan, ijtimoiy kafolatlardan mahrum bo‘lgan millionlab odamlarning og‘ir ahvoli haqida bormoqda. Ushbu kompleks muammoni mamlakatning amaldagi hokimiyati ham, qo‘shni davlatlar ham mustaqil ravishda hal qila olmaydi.
Bu yerda butun xalqaro hamjamiyatning muvofiqlashtirilgan harakati va haqiqiy ko‘magi zarur. Biz, shuningdek, Termiz chegara shahrimizdagi logistika va ta’lim xablarining salohiyatidan foydalanishda yevropalik sheriklarimiz bilan samarali hamkorlikni davom ettirishga tayyormiz.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Ta’kidlab o‘tilganidek, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha yangilangan strategiyasi qabul qilingan vaqtdan buyon uch yil o‘tdi.
Afsuski, pandemiya sababli ko‘pgina tadbirlar va masalalar to‘liq amalga oshirilmay qoldi. Bundan tashqari, global va mintaqaviy vaziyat tubdan o‘zgarib, bugungi kunda Markaziy Osiyodagi integratsiyalashuv jarayonining yevropalik hamkorlar tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanishini talab qilmoqda.
Shu munosabat bilan biz Strategiyaning bajarilishini jadallashtirish va hamkorlik aloqalarimizni mustahkamlash maqsadida ko‘p tomonlama dasturiy hujjat – “Yo‘l xaritasi”ni qabul qilish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif qilamiz.
Aminmanki, ushbu barcha masalalar kelgusi oyda Samarqandda bo‘lib o‘tadigan hamkorlikdagi O‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha vazirlar anjumani davomida batafsil ko‘rib chiqiladi.
So‘zimning yakunida mamlakatlarimiz barqaror taraqqiyoti, ravnaq va farovonligi yo‘lida “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” formatidagi ochiq, tizimli va sermahsul muloqot tarafdori ekanligimizni yana bir bor ta’kidlab o‘tmoqchiman.
E’tiboringiz uchun rahmat.
Izoh qoldirish