Bugungi kunga qadar 650 ming nafardan ortiq bolalar respublika bo‘yicha 1-sinfga qabul qilindi. Bu ko‘rsatkich qabul rejaga nisbatan 92%ni tashkil etadi, deb xabar bermoqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati.
Ta’kidlanishicha, elektron qabul jarayonlari o‘tkazilayotgan hudududlarda jami 80 ming nafardan ortiq bolalar my.maktab.uz platformasi orqali maktablarga onlayn tarzda qabul qilingan.
"20 iyundan 31 iyulga qadar ota-onalar tomonidan biriktirilgan mikrohudud bo‘yicha onlayn yuborilgan 55 049 ta arizalar maktablar tomonidan qabul qilindi. Joriy yil 1 avgustdan boshlab farzandlarini 1-sinfga joylashtirish uchun my.maktab.uz elektron plaftormasi orqali ota-onalarga mikrohududdan tashqari bo‘sh o‘rinlar bo‘yicha qo‘shimcha ariza topshirish boshlandi", deyiladi vazirlik xabarida.
O‘n besh kunda (1-15 avgust kuni) mikrohududdan tashqari bo‘sh o‘rinlar bo‘yicha ota-onalar tomonidan 34 206 ta arizalar qabul qilingan bo‘lib, topshirilgan arizalar bo‘yicha 31 799 nafar o‘quvchilar 1-sinfga qabul qilingan va 2407 nafar ota-onalar onlayn navbat asosida umumta’lim maktablariga borishlari kutilmoqda.
"Mikrohududdan tashqari qabul uchun arizalar yuborish joriy yilning 30 avgustiga qadar davom etishini ma’lum qilamiz", deyilgan XTV matbuot xizmati axborotida.
16 avgustdan boshlab Toshkent shahri va viloyat markazlaridan tashqari boshqa hududda istiqomat qiluvchi fuqarolarga mikrohududdan tashqari qabul uchun ariza yuborish jarayoni ishga tushirilgan.
Izoh qoldirish