Maktab darsliklari ijara puli doimiy ravishda bekor qilindi. Bu haqda xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Temur Komilov 6 sentyabr kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi. Avvaliga ijara puli faqat 2022/2023 o‘quv yili uchun bekor qilinganini ta’kidlagan vazir o‘rinbosari keyinroq, darsliklar doimiy ravishda bepul taqdim etilishini qayd etdi.
Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Temur Komilov maktab darsliklari ijarasi bepul bo‘lishi haqida izoh berdi:
"2022 yilga mo‘ljallangan Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonun bilan XTV huzuridagi byudjetdan tashqari Respublika maqsadli kitob jamg‘armasining byudjetini tasdiqlangan. Bu yil darsliklarni chop etishga 1,1 trln so‘m yo‘naltirilishi reja qilingandi. Mablag‘larning bir qismi — 605 mlrd so‘m davlat byudjetidan, qolgan qismi — Byudjetdan tashqari Respublika maqsadli kitob jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan (299,4 mlrd so‘m), shundan 283,4 mlrd so‘mi ijara to‘lovi bilan qoplanishi belgilangan.
Qonunchilikka ko‘ra, ushbu Jamg‘arma mablag‘lari ijara tushumlaridan shakllanishi belgilangan. Joriy yilda 500 mlrd so‘m ijara tushumidan qoplanishi kerak edi", deydi Temur Komilov.
Prezidentimizning inson qadrini ulug‘lash, aholiga yengillik yaratishga qaratilgan ezgu g‘oyalari asosida darsliklar ijarasi bepul bo‘ldi. Bu nima degani? Ya’ni, bu yil ijara tushumidan shakllanishi — ota-onalar to‘lashi kerak bo‘lgan 500 mlrd so‘mga yaqin pul davlat byudjetidan to‘lab beriladi.
E’tiborli tomoni, keyingi o‘quv yillari uchun ham maktab darsliklarining ijarasi bepul bo‘ladi.
Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxodjayev:
"Darsliklar ijarasi uchun ayrim maktablarda pul yig‘ilgan bo‘lishi mumkin. Endi ota-onalar maktabga murojaat qilib shu mablag‘larni qaytarib olishlari mumkin va kerak. Vazirlik birinchidan, darslik uchun ijara pulini yig‘maslik, ikkinchidan, agar yig‘ib bo‘lingan bo‘lsa, ota-onalarni xabardor qilib, qo‘llariga qaytarib berishni so‘rab murojaat qilib qoladi".
Izoh qoldirish